Google Yer Mexanizmi yordamida Bulutga Asoslangan Masofadan Zondlash
08.09.2025
Insoniyatga, azaldan, o‘zi hayot kechirayotgan Ona Yerni o‘rganish qiziq bo‘lgan. Ular dastlab, Yerning qanday shaklga ega ekanligi, undagi obyektlar qanday joylashganligiga qiziqqan bo‘lsalar, keyinchalik, insoniyatning yuksak darajada taraqqiy etishi boshlangan XX asrga kelib, uchuvchilik uchish apparatlarida Yer yuzasidagi obyektlar tasvirga olina boshladi. Lekin, ushbu apparatlarda olingan tasvirlar kichik hududlarga tegishli ma’lumotlarnigina tasvir holida olganligi, keng masshtabli hududlar, jumladan, milliy, mintaqaviy va global voqea-hodisalarni, muammolarni o‘rganish, monitoring qilish maqsadida katta o‘lchamli fazoviy tasvirlarga ehtiyoj tug‘ilganligi bois, 1972-yildan boshlab Yer yuzasini ma’lum vaqt oralig‘ida, muntazam tasvirga oluvchi sun’iy yo‘ldosh apparati chiqarildi. Shu vaqtdan boshlab, koinotga chiqarilgan sun’iy yo‘ldosh apparatlaridan yig‘ilayotgan millionlab tasvirlar insoniyatning Yerdagi faoliyatini kuzatish, tabiiy resurslarni boshqarish, qazilma konlarini aniqlash, ekologik jarayonlarni monitoring qilish, iqlim o‘zgarishini tahlil qilish, qishloq xo‘jaligini baholash hamda tabiiy ofatlarni oldindan aniqlash va ularning oqibatlarini kamaytirishda keng qo‘llanilib kelinmoqda. Bu ishlarni bajarish uchun odatda biz, katta hajmli bo‘lgan tasvirlarni kompyuterimizga yuklashimiz va keyinchalik, ularni turli maxsus dasturlarda, shu jumladan, Geografik Axborot Tizimi (GAT) dasturlarida ochib turli operatsiyalarni bajaramiz.
Lekin, shu narsani yodda saqlashimiz kerakki, vaqt o‘tgan sayin, odamzod, yuqorida tilga olingan voqea-hodisalarni, muammolarni chuqurroq tadqiq qilish, ular haqida har qachongidan ko‘proq ma’lumot yig‘ish maqsadida, mukammal spektriki sensorlarni, kameralarni ishlab chiqarishga, ularni sun’iy yo‘ldosh apparatlari bortiga o‘rnatib, juda katta fazoviy aniqlikka ega bo‘lgan, kerak bo‘lsa, nanopikselli tasvirlarni olishga harakat qiladi. Bunday tasvirlar esa, anglaganingizdek, nihoyatda katta xotiraga ega bo‘lib, kompyuteringizdan qo‘shimcha joy talab qiladi. Topgan taqdiringizda ham, ular bilan kompyuterga o‘rnatiladigan GAT dasturlarida osonlikcha ishlay olmaysiz. Buning o‘rniga, siz internet bilan ishlovchi Google Earth Engine platformasidan foydalanishingiz, undan deyarli istalgan optik hamda multispektrik tasvirlarni qidirib topishingiz, ularni platformaga import qilib, ustida, mashhur JavaScript dasturlash tilida kod yozish orqali turli operatsiyalarni, tahlillarni bajarib, tahlil qilingan ma’lumotlarni vizualizatsiya qilishingiz, va ushbu jarayonni avtomatlashtirib qo‘yib, keyinchalik, kelajakda, ushbu vazifalarni qayta bajarish kerak bo‘lganda, yozilgan “script” lardan foydalanib, ularni osongina bajarib, vaqtingizni tejashingiz mumkin.
Shularni inobatga olib, biz avvalgi: “Python asoslari, Ma’lumotlar tahlili va Vizualizatsiya” hamda “Mashinani o‘rgatish” kurslariga bog‘liq bo‘lgan uchinchi: “Google Yer Mexanizmi yordamida Bulutga Asoslangan Masofadan Zondlash” kursimizga start beramiz. Mazkur kurs ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qism JavaScript dasturlash tili va Google Earth Engine platformasi asoslariga, ikkinchi qism esa, Google Earth Engine platformasini turli soha masalalariga amaliy tatbiq etishga bag‘ishlanadi. Kurs 1-Oktyabr sanasidan boshlanadi va har bir mavzuga tegishli ma’lumotlar elektron va video formatlarida https://t.me/Fundamentals_of_Python kanaliga joylashtirilib boriladi.
Kursda qamrab olinuvchi bo‘limlar:
- 1-Bo‘lim: DASTURLASH VA GOOGLE YER MEXANIZMI ASOSLARI
- 2-Bo‘lim: TASVIRLARNI TALQIN QILISH
- 3-Bo‘lim: TASVIRLARNI MUKAMMAL QAYTA ISHLASH
- 4-Bo‘lim: TASVIR SERIYALARINI TALQIN QILISH
- 5-Bo‘lim: VEKTORLAR VA JADVALLAR
- 6-Bo‘lim: MUKAMMAL MAVZULAR
- 7-Bo‘lim: INSON HAYOTIGA OID TATBIQLAR
- 8-Bo‘lim: SUV EKOTIZIMLARI VA GIDROLOGIYAGA OID TATBIQLAR
- 9-Bo‘lim: QURUQLIKKA OID TATBIQLAR