Talabalar ijara to‘lovlarini bir qismini qoplab berish bo‘yicha har oyning 7-sanasiga qadar onlayn ariza berishlari kerak
03.09.2025
Ariza berish quyidagicha amalga oshiriladi:
- 1️⃣kontrakt.edu.uz axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tiladi va shaxsiy kabinetga kiriladi;
- 2️⃣shaxsiy kabinetdan “Ijara to‘lovlari” bo‘limi tanlanadi;
- 3️⃣ “Ariza yuborish” tugmasi bosiladi va ariza yuboriladi.
‼️ Bunda 1-bosqich talabalaridan joriy o‘quv yilining sentyabr va oktyabr oylari uchun ijara shartnomasi talab etilmaydi.
Ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun ijara shartnomasi bo‘lishi talab etiladi.
Ijara shartnomalarini hisobga qo‘yish xizmati: 👉http://ijara.soliq.uz
ASOS: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentyabrdagi 605-son qarori.
❗️Talabalarga ijara to‘lovlarining bir qismini qoplab berish tizimi haqida batafsil ma’lumot
1️⃣ Kimlarga qoplab beriladi?
- ➖ yotoqxona bilan qamrab olinmagan bo‘lishi kerak. Agar yotoqxonada joy bo‘lsa-yu, lekin talaba yotoqxonada turmasdan, ijaraga chiqib ketgan bo‘lsa, unda kompensatsiya berilmaydi;
- ➖ o‘ziga yoki ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmagan uyda ijarada turgan bo‘lishi kerak;
- ➖ davlat oliygohi talabasi bo‘lishi kerak, xususiy oliygoh talabalariga qoplab berilmaydi;
- ➖ O‘zbekiston fuqarosi yoki respublikada doimiy yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lishi kerak, xorijiy davlat fuqarosiga qoplab berilmaydi;
- ➖ faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan bo‘lishi kerak. Kechki, masofaviy, sirtqi, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarida o‘qiyotgan talabalarga qoplab berilmaydi;
- ➖ ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyidan boshqa joyda (tuman, shahar miqyosida) yashayotgan bo‘lishi kerak. Masalan, Samarqand shahrida ro‘yxatda turgan talaba Samarqand shahridagi oliygohda o‘qisa, unga ijara to‘lovida kompensatsiya berilmaydi, lekin Kattaqo‘rg‘on tumanida ro‘yxatda turuvchi talabaga to‘lab berilishi mumkin;
- ➖ davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotganining farqi yo‘q, ikkalasiga ham qoplab beriladi.
2️⃣ Qancha kompensatsiya beriladi?
Har oy uchun:
- ➖ Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (412 ming so‘m);
- ➖ Boshqa hududlarda — yarim baravar (206 ming so‘m).
3️⃣ Ijara shartnomasi bo‘lishi shart
Kompensatsiya olish uchun ijara.soliq.uz saytida hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasi bo‘lishi kerak, yo‘qsa kompensatsiya berilmaydi.
Yagona istisno: 1-kurslarga dastlabki sentyabr va oktyabr oylari uchun ijara shartnomasi so‘ralmasdan to‘lab beriladi. Noyabr oyidan esa 1-kurslarga ham ijara shartnomasi bo‘lishi kerak.
Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatlarda, ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo‘lishlari shart.
❗️BU MUHIM: uyiga talabalarni ijaraga qo‘ygan fuqarolar ijarasi uchun daromad solig‘idan ozod qilinadi (Soliq kodeksi, 378-modda, 19-1-bandi). Shuning uchun talabalarni ijaraga qo‘yganlar, shartnomani rasmiylashtirishdan xavotir olmasa ham bo‘ladi, ular buning uchun soliq to‘lamaydi.
4️⃣ Kimlarga birinchi navbatda beriladi?
- ➖ Ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lganlar;
- ➖ o‘rnak ko‘rsatgan va faol talabalar birinchi navbatda moliyalashtiriladi.
❗️Ma’lumot uchun: qoidaga ko‘ra, ijara huquqi asosida yashaydigan davlat OTM talabalarining 60 foiziga kompensatsiya beriladi. Ya’ni bu degani, agar limit to‘lib qolsa, hammaga byudjetdan to‘lab berilmasligi ham mumkin. Ammo yetmay qolgan talabalarga universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari orqali qo‘shimcha moliyalashtirish ham mumkin.
5️⃣ Ariza qanday beriladi?
Arizalar har oyning 7-sanasiga qadar onlayn topshirilishi kerak. Buning uchun:
- ➖ kontrakt.edu.uz axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tiladi va shaxsiy kabinetga kiriladi;
- ➖ shaxsiy kabinetdan “Ijara to‘lovlari” bo‘limi tanlanadi;
- ➖ “Ariza yuborish” tugmasi bosiladi va ariza yuboriladi.
6️⃣ Rad etish asoslari
Agar soxta hujjat topshirilgan bo‘lsa, manzil mos kelmasa yoki ariza muddatida berilmagan bo‘lsa — rad etiladi.
Komissiya tomonidan doimiy ravishda ijara shartnomasini qalbakilashtirgan va noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etgan talabalar ro‘yxati shakllantirilib boriladi. Ushbu talabalar ro‘yxatiga tushgan talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish to‘xtatilishi mumkin.
Rad etilgan taqdirda kamchilikni tuzatib, yana murojaat qilish mumkin.
7️⃣ Tugatilishi shartlari
Agar talaba akademik ta’tilga chiqqan, kursda qoldirilgan yoki safdan chetlashtirilsa — to‘lov to‘xtatiladi.
Ijara shartnomasi bekor qilinsa yoki manzil o‘zgarsa 3 ish kuni ichida xabar qilish kerak.
ASOS: Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentyabrdagi 605-son qarori.