Suv xo‘jaligi vaziri stipendiyasi ta’sis etildi
16.12.2024
Stipendiya suv xo‘jaligi sohasiga kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarining ilmiy-tadqiqot ishlarida faol, texnik va ixtirochilik qobiliyatiga ega bo‘lgan, fan olimpiadalari g‘oliblari, turli tanlovlarda faxrli o‘rinlarni egallagan hamda ta’lim muassasasi ijtimoiy faoliyatida ishtirok etib o‘zlarini namoyon etgan 8 nafar bakalavriat talabalariga bir yil davomida beriladi.
Stipendiyaning bir oylik miqdori O‘zbekiston Respublikasida o‘rnatilgan bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravaridan iborat.
Vazir stipendiyasi tanlovida ishtirok etuvchi nomzodlarga quyidagi talablar belgilanadi:
- a’lo o‘qish va ilmiy (ijodiy) ishlarda ishtirok etish;
- sohaga oid konferensiya (tanlov)larda qatnashish;
- O‘zbekiston tarixi haqida bilimlarga ega bo‘lish;
- davlat tilini va kamida bitta xorijiy tilni bilish.
Istisno tariqasida, 2024/2025-o‘quv yili uchun stipendiyaga talabgorlarning hujjatlari 2024-yilning dekabr oyi, 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab esa yiliga bir marta, har yili 1–30-avgust kunlari ko‘rib chiqiladi.
Vazir stipendiyasi sovrindori bo‘lgan talabalar o‘qishi davrida o‘quv va ilmiy amaliyotlari hamda stajirovkalarini Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tizim tashkilotlarida o‘taydilar, shuningdek, xo‘jalik shartnomalarida mehnat faoliyatini olib boradilar.
Sovrindor bo‘lgan talabalar o‘qishni tugatgandan so‘ng Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tizim tashkilotlarida kamida 2 yil mobaynida ishlash majburiyatini oladilar. Bunda, stipendiya sovrindori bo‘lgan talabalar o‘qishni tugatgandan so‘ng Suv xo‘jaligi vazirligi tizimlariga istiqbolli yosh kadrlar zaxirasiga kiritiladi hamda ushbu talabalarga vazirlik tizimlariga ishga qabul qilishdagi tanlovlarda ustuvorlik beriladi.
Suv xo‘jaligi vazirligi Axborot xizmati