Machine Learning kursi
12.09.2024
Assalomu aleykum barchaga!
Oxirgi yillarda, ko'plab sohalardagi ishlarni avtomatlashtirish yoki dasturlash orqali hal etish ommalashib bormoqda. Sezganingizdek, gap sun'iy intellekt haqida bormoqda. Jahon mamlakatlari, jumladan, rivojlangan davlatlarda, bu sohani o'zlashtirish ortidan ta'lim, ilm-fan, tibbiyot, iqtisod-moliya, harbiy soha, suv va qishloq xo'jaligi, ekologiya va boshqa sohalarda tub o'zgarishlar qilinmoqda. Yurtimizda, bu va bunga o'xshash sohalarni o'zlashtirish va amaliyotga tadbiq etish taraqqiyotga eltadigan eng qisqa yo'llardan biri ekanligi bot-bot ta'kinlanmoqda.
Qolaversa, bugungi ma'lumotlar hajmi kundan-kunga oshib borayotgan zamonda, bunday ma'lumotlarni tahlil qilish, ulardagi eng kerakli jihatlarni payqash, boshqacha aytganda, ma'lumotlarni chuqurroq tushunish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan, sun'iy intellektning sohasi bo'lmish "Machine Learning" bo'yicha onlayn kurs tashkil qilinmoqda. Bu fan o'zining oliy matematika va statistika fanlariga aloqadorligi tufayli yurtimizda, shu uchchala fanlarni o'zida jamlovchi o'zbek tilidagi materialni tayyorlash zarurati sezilmoqda. Bunday materialni tayyorlash ishlari allaqachon boshlangan bo'lib, nihoyalanish arafasida turibdi.
"Machine Learning" bo'yicha onlayn kursimiz 18-Sentabrdan boshlanib, har haftaning Chorshanba kuni soat 14:00 da bo'lib o'tishi rejalashtirilgan. Kursda qatnashuvchilarga oldindan qo'yiladigan qat'iy talablar mavjud emas, lekin ularning matematika va statistika fanlaridan oz bo'lsada xabardor bo'lishi kursni tez va sifatli o'zlashtirishlariga yordam beradi.
Agarda, siz ham codingni o'rganishni, matritsa va boshqa matematik bilimlarni real hayotdagi ma'lumotlarga bog'lash va ular ustida turli amallarni bajarishga, statistika faniga oid zarur bilim va tushunchalarni o'zlashtirishga, statistik formulalarni coding yordamida yechish usullarini o'rganishga qiziqsangiz, har qanday ma'lumotlar to'plamini boshlang'ich qayta ishlash, kamchiliklari bo'lganda, ularni bartaraf etish hamda turli o'zgartirishlarni amalga oshirib, tanlangan machine learning algoritmlarida qo'llash uchun ularni mos holatga keltirish, machine learning algoritmlari haqida bilishni, ularning qanday masalalarni hal etishda ishlatilishi mumkinligini turli sohalar, jumladan, qishloq xo'jaligi, suv xo'jaligi, ekologiya va shunga o'xshash ko'plab sohalardagi ma'lumotlar misolida o'rganishni xohlasangiz, ushbu kursimizda qatnashishingiz mumkin.
Kurs bo’yicha materiallar va boshqa ma’lumotlar https://t.me/Fundamentals_of_Python telegram kanalida berib boriladi.