Muhim sanalar taqvimi

Yanvar oyi

1. “Islom Abduganievich Karimov  -  O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti»

Batafsil

2. “O‘zbek xalq qaxramoni, buyuk sarkarda, sulton Jaloliddin Manguberdi tavalludining 820 yilligiga” (1198-1231)

Batafsil

          

     Islom Abduganiyevich Karimov

Islom Abdug‘aniyevich Karimov 1938 yil 30 yanvarda Samarqand shahrida xizmatchi oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli. O‘rta Osiyo Politexnika va Toshkent Xalq xo‘jaligi institutlarini tugatgan. Muhandis-mexanik va iqtisodchi mutaxassisliklariga ega. Iqtisod fanlari nomzodi.

Mehnat faoliyatini 1960 yilda Toshkent qishloq xo‘jalik mashinasozligi zavodida boshlagan. 1961 yildan 1966 yilgacha V.P.Chkalov nomidagi Toshkent Aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, yetakchi muhandis-konstruktor bo‘lib ishladi.

1966 yilda O‘zbekiston SSR Davlat plan komitetiga ishga o‘tib, bosh mutaxassislikdan respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi o‘rinbosarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

1983 yilda I.Karimov O‘zbekiston SSR Moliya ministri, 1986 yilda O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisining o‘rinbosari, respublika Davlat plan komitetining raisi etib tayinlandi.

1986-1989 yillar mobaynida Qashqadaryo viloyat partiya komitetining birinchi kotibi, 1989 yilning iyunidan boshlab O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi lavozimlarida ishladi.

1990 yil 24 mart kuni O‘zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida I.Karimov O‘zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi.

1991 yil 31 avgust kuni I.Karimov tarixiy voqea – O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qildi.

1991 yil 29 dekabrda muqobillik asosida o‘tkazilgan umumxalq saylovida I.Karimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.

1995 yil 26 martda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumi yakunlariga ko‘ra, I.Karimovning prezidentlik vakolati 2000 yilga qadar uzaytirildi.

2000 yil 9 yanvarda muqobillik asosida o‘tgan saylov natijalariga ko'ra, Konstitutsiyaga kiritilgan o'zgarishlarga muvofiq, I.Karimov 7 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.

2007 yil 23 dekabrida muqobillik asosida o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra, I. Karimov 7 yil muddatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi.

U oilali, ikki nafar farzandi, besh nabirasi bor. Rafiqasi T.A.Karimova – mutaxassisligi iqtisodchi, iqtisod fanlari nomzodi, O'zbekiston Fanlar akademiyasi Iqtisodiyot institutida katta ilmiy xodim bo'lib ishlagan, ayni paytda – pensiyada.

I.Karimov suveren va mustaqil O‘zbekistonni barpo etish, xalqparvar demokratik huquqiy davlat yaratish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta’minlash ishiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda bu borada matonat va jasorat ko‘rsatganligi uchun "O‘zbekiston Qahramoni" unvoni, "Mustaqillik" va "Amir Temur" ordenlari bilan taqdirlangan.

Shuningdek, u bir qancha xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning orden-medallari bilan ham mukofotlangan.

I.Karimov O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi. Ayni vaqtda u iqtisod, fan, ta’limni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun ko‘pgina xorijiy mamlakatlar universitet va akademiyalarining faxriy fan doktori hamda akademikligiga saylangan.

O`zbekiston xalqi istiqlol yillarida erishilgan salmoqli yutuqlarni haqli ravishda I.Karimov nomi va faoliyati bilan bog‘laydi.

I.Karimov mamlakatda amalga oshirilgan ulkan ishlar, tarixiy o‘zgarishlarning tashabbuskori va rahnamosidir:

• O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi, mamlakat mustaqil taraqqiyot dasturini ishlab chiqqan va milliy taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan atoqli davlat arbobidir;

• demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to‘la javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy muallifi va uni hayotga tatbiq etishning kafolatidir;

• markaziy hokimiyat va uning joylardagi bo‘g‘inlarini isloh qilish, davlat, jamiyat va inson munosabatlarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan yangi siyosiy-ijtimoiy tizim tamoyillarini ishlab chiqdi va amalga oshirdi;

• xalqning o‘ziga xos xususiyatlari hamda ilg‘or jahon tajribalarini mujassamlashtirgan iqtisodiy islohotlarning yangi modelini ishlab chiqdi. Bu rivojlanish yo‘li iqtisodiyotning siyosatdan ustunligi, qonun ustuvorligi, o‘tish davrida davlatning boshqaruvchilik roli, islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish, kuchli ijtimoiy himoya kabi mashhur besh tamoyilni o‘z ichiga oladi va u dunyoda "O‘zbek modeli" deb e’tirof etilgan;

• O‘zbekiston davlatining hududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini himoya qilishga qodir Qurolli Kuchlar, Chegara va Ichki qo‘shinlarni zamonaviy islohotlar asosida tashkil etish ishiga boshchilik qildi;

• KPSS Markaziy Komiteti boshchiligidagi kuchlar O‘zbekistonda adolatsizlik va tazyiqlarni avj oldirgan yillarda o`zbek xalqining nomini nohaq tahqir va haqoratlardan himoya qilish, xalqimizning or-nomusini, milliy g‘ururini tiklashda fidoyilik namunasini ko‘rsatdi;

• xalqimiz ma’naviy qadriyatlariga hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, asrab-avaylash va rivojlantirish, muqaddas dinimizni, urf-odatlarimizni, bebaho tarixiy merosimizni hayotga qaytarishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi;

• xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘-e’tiborini yuksaltirish, o‘zbek nomini butun dunyoga tarannum etishga ulkan hissa qo`shdi;

• odamlarning tafakkurini o‘zgartirish, ularning ongida yangi milliy g‘oya, milliy mafkura asoslarini shakllantirish va mustahkamlash ishiga rahnamolik qildi;

• yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni, millatlar va fuqarolar o‘rtasida totuvlik va hamjihatlikni qaror toptirish, uni saqlash hamda mustahkamlashga beqiyos hissa qo‘shdi;

• mohiyat-e’tiboriga ko‘ra, mutlaqo yangi ta’lim-tarbiya tizimi – Kadrlar tayyorlashning milliy dasturini yaratish va uni amalga oshirishda bevosita yetakchi bo‘lib kelmoqda;

• mahallaning davlat va jamiyat boshqaruvidagi nufuzini oshirish, vakolat va huquqlarini kengaytirish, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish tizimi sifatida uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tashabbuskori bo‘ldi;

• yurtimizning turar joylarida yangi qurilishlar, shu jumladan, ulug‘ ajdodlarimizning qadamjolarini obod qilish, iqtisodimizning salohiyatini oshirishda katta o‘rin tutgan yirik-yirik korxonalarni bunyod etishda, ko‘pgina shahar va qishloqlarimiz, avvalambor, poytaxtimiz Toshkentning shakl-qiyofasining tubdan o‘zgarishida bevosita rahbarlik qilmoqda.

• Muxtasar qilib aytganda, Islom Karimov O‘zbekiston davlati va davlatchiligini barpo qilish, demokratik fuqarolik jamiyati qurish asoslarini yaratdi, mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqdi, yurtimizning yorug‘ istiqboli yo‘lida ko‘pmillatli xalqimizni birlashtirib, uni ulug‘ maqsadlar sari boshlab bormoqda.

O`zbekistonning hozirgi taraqqiyot bosqichida davlat rahbari olib borayotgan siyosatning asosiy ustuvor yo`nalishlari quyidagilardan iborat:

• mamlakatni modernizatsiya qilish, jamiyatni yangilash, iqtisodiyot jadal sur’atlar bilan o‘sishi va uning makroiqtisodiy mutanosibligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, bu yo‘nalishlarni amalga oshirishning garovi bo‘lmish tadbirkorlik, kichik biznes va fermerlik harakatining izchil qadamlar bilan erkin rivojlanishiga kafolat va imtiyozlar beradigan siyosatni davom ettirish va kuchaytirish;

• iqtisodiyotdagi chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, faol investitsiya siyosatini amalga oshirish, soliq yukini kamaytirish, yuksak texnologiyalar bilan qurollangan tarmoq va ishlab chiqarish korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun yanada qulay shart-sharoitlarni yaratish;

• o‘rta sinf vakillari – tadbirkorlik, fermerlik harakati va xususiy biznes tuzilmalarining, barcha moddiy va intellektual mulk egalarining manfaatlarini ustun qo‘yish, ularga to‘liq imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berish, ularni qo‘llab-quvvatlash;

• iqtisodiyot yuqori sur’atlar bilan rivojlanishini ta’minlash hisobidan xalqimizning real daromadlari va farovonligini oshirish, muhim ijtimoiy dasturlarni hayotimizga muvaffaqiyatli tadbiq etish;

• zamonaviy mehnat bozorini yanada kengaytirish asosida yangi ish o‘rinlari tashkil etish, sog‘liqni saqlash va aholi salomatligini muhofaza qilish, onalik va bolalikni himoya qilish, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yordam va ko‘makka muhtoj toifalarga, kam ta’minlangan oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytirishga qaratilgan ijtimoiy himoya siyosatini amalga oshirish;

• kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o‘tishga erishish;

• hayotimizning barcha sohalarini erkinlashtirishga doir islohotlarni faol davom ettirish, shu asnoda inson, uning huquq va erkinliklarini eng oliy qadriyat va boylik sifatida jamiyatimiz hayotida asosiy o‘ringa qo‘yish, "Inson manfaati har narsadan ulug‘" degan tamoyilni amalda ro‘yobga chiqarish;

• mamlakatni modernizatsiya qilish va zamonaviy jamiyat qurish yo‘lidagi murakkab va keng ko‘lamli vazifalarni hal etishga qodir bo‘lgan yangi avlod kadrlarini tayyorlash;

• "Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch" degan hayot haqiqatidan kelib chiqqan holda, madaniy va ma’rifiy sohalarda olib borayotgan ishlarning ta’siri va samarasini kuchaytirish;

• Jamiyatimizda demokratik jarayonlarni yanada chuqurlashtirish, jumladan, bu masalaning eng muhim sharti va garovi bo‘lgan ko‘ppartiyaviylik tizimi, fuqarolik institutlari va nodavlat tashkilotlar faoliyatini, ularning huquq va vakolatlarini kuchaytirish, jamiyatimizdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, ommaviy axborot vositalarining tom ma’noda to‘rtinchi hokimiyat sifatida faoliyat yuritishi uchun zarur bo‘lgan barcha huquqiy va tashkiliy tadbirlarni amalga oshirish;

• sud-huquq tizimini huquqiy davlatni shakllantirishning zarur tarkibiy qismi sifatida chuqur isloh etish va erkinlashtirish bo‘yicha boshlagan ishlarning ta’siri va samarasini kuchaytirish, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash;

• "Adolat – qonun ustuvorligida" degan tamoyilni amaliy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarimizni zamon talablari darajasiga ko‘tarish yo‘lida yangi, amaliy qadamlar qo‘yish;

• tashqi siyosat sohasida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, dunyo mamlakatlari bilan teng huquqli asosda sherikchilik qilish, yuzaga keladigan har qanday mojaro va muammoni faqat tinch yo‘l bilan, siyosiy va huquqiy vositalar orqali hal etish, uzoq va yaqin qo‘shnilarimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik va totuvlikda yashash tamoyiliga qat’iy amal qilish;

• yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, barqarorlikni mustahkamlash, fuqarolar o‘rtasida totuvlik, turli millatlar va diniy konfessiyalararo hamjihatlikni yanada kuchaytirish;

• Qurolli Kuchlarimiz qudratini oshirish, milliy armiyamizni modernizatsiya qilish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, Vatanimiz sarhadlari daxlsizligini ko‘z qorachig‘iday asrash.

 

Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad
(1198-1231) (1220-1231)

Xorazmshohlar davlatining so‘nggi hukmdori, mohir sarkarda. Anushteginiylardan. Xorazmshohlardan Muhammadning katta o‘g‘li. Onasi – Oychechak turkman kanizaklaridan bo‘lgan. Jaloliddin burnida holi (mank) bo‘lgani uchun Mankburni nomi bilan atalgan. Keyinchalik bu nom talaffuzda o‘zgarib “Manguberdi” nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan. Jaloliddin voyaga yetgach, otasi uni G‘azna, Bomiyon, G‘ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston hududlarigacha bo‘lgan yerlarda hokim va taxt vorisi etib tayinlangan (1215). Biroq Turkon xotun va qipchoq amirlarining qat`iy noroziligi sababli Qutbiddin O‘zloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan. Jaloliddin otasining harbiy yurishlarida ishtirok etib, o‘zining jasur jangchi, iqtidorli sarkardalik qobiliyatlarini namoyish etgan (qadimgi Irg‘is daryosi bo‘yidagi jang).
Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinlari Movarounnahrga bostirib kirib birin-ketin shaharlarni egallab, Samarqandga yaqinlashganlarida xorazmshoh Muhammad Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan Obeskun shahri yaqinidagi Ashur ada orolidan panoh topgan. Og‘ir bemor bo‘lgan Muhammad o‘g‘illarini yoniga chorlab, so‘nggi damda Jaloliddinni o‘z o‘rniga xorazmshoh etib tayinlagan. Jaloliddin Manguberdi ukalari Oqshoh va Qutbiddin O‘zloqshohlar bilan birga Urganch mudofaasiga oshiqadi. Lekin Urganchdagi qipchoq amirlari Turkon xotunning akasi Xumorteginni sulton deb e`lon qilib, Jaloliddin Manguberdiga qarshi suiqasd uyushtirmoqchi bo‘ldilar. Bundan xabar topgan Jaloliddin Manguberdi Temur Malik boshchiligidagi 300 kishilik suvoriylar bilan o‘z vatani – Xorazmni tashlab Xurosonga ketishga majbur bo‘ladi. Niso shahri yaqinida uni 700 nafar mo‘g‘ul suvoriysi kutardi. Jaloliddin Manguberdi shiddatli jangdan so‘ng ularni tor-mor keltirib, Nishopurga keldi. Bu yerdan u barcha viloyat hokimlariga qarshi birlashishga da`vat etdi, bir oydan so‘ng G‘azni tomon yurdi. Yo‘lda unga Hirot voliysi, qaynotasi Aminalmulk 10 ming kishilik qo‘shin bilan kelib qo‘shildi. Qandahorni qamal qilib turgan mo‘g‘ul qo‘shinlari bilan 3 kunlik jangda Jaloliddin Manguberdu ularni tor-mor keltirgan. U G‘aznaga 1221-yil keldi. Bu yerda unga xalaj qabilasi boshlig‘i Sayfuddin Ig‘roq, Balx voliysi A`zam malik, afg‘onlar sardori Muzaffar malik, qarluqlar boshlig‘i Hasan Qarluq kelib qo‘shildilar. Ularning har biri ixtiyorida 30 minglik qo‘shin bor edi. Jaloliddin Manguberdining o‘zidagi kuchlar esa 60 ming suvoriy edi. Jaloliddin Manguberdi Valiyon qal`asini qamal qilayotgan Takajuk va Malg‘ur boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shiniga hujum qilib, 3 kunlik jangdan so‘ng ular tor-mor keltirgan, 1000 dan ortiq mo‘g‘ul askari o‘ldirilgan, omon qolgan qismi Panjshir daryosidan o‘tib, ko‘priki buzib tashlashgan. Bu Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ullar ustidan qozongan dastlabki yirik g‘alabasi edi.
Chingizxon Jaloliddin Manguberdiga qarshi Shiki Xutuxu no‘yonni 45 minglik qo‘shin bilan jo‘natadi. G‘azna yaqinidagi Parvon jangida Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullar ustidan ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritadi. Jangda harbiy taktika tarixida birinchi bo‘lib, Jaloliddin dushman suvoriylariga qarshi ot yonida turib piyoda jang qilish uslubini qo‘llaydi. Mo‘g‘ullarning Ushbu jangdagi mag‘lubiyati to shu vaqtgacha jiddiy zarbaga uchramagan Chingizxonning asosiy kuchini urushga solishi va harbiy harakat rahbarligini o‘z qo‘liga olishga majbur etadi. Biroq jangdan so‘ng Jaloliddin Manguberdining lashkarboshilari o‘lja ustida o‘zaro janjallashib qolib, oqibatda Sayfuddin Ig‘roq, A`zam malik va Muzaffar maliklar Jaloliddin Manguberdini tark etganlar. Jaloliddin Manguberdining yonida faqat Aminalmulk o‘z lashkari bilan qolgan, xolos.
Chingizxon katta qo‘shin to‘plab Jaloliddin Manguberdiga qarshi shaxsan o‘zi otlangan. G‘ardiz qal`asi yaqinida Jaloliddin Manguberdi Chingizxon qo‘shinining ilg‘orini tor-mor keltiradi va kuchi ozligi sababli Sind (Hind) daryosi tomon chekinadi. Chingizxon qo‘shini Jaloliddin Manguberdini daryodan o‘tishiga imkon bermay qurshab oladi. 1221-yil 25-noyabrda bo‘lgan tengsiz jangda (Sind daryosi bo‘yidagi jang) mag‘lubiyatga uchragan Jaloliddin Manguberdi 4000 jangchisi bilan Sindning o‘ng sohiliga suzib o‘tib, cho‘l ichkarisiga kirib ketdi (Bu cho‘l hozirda ham cho‘li Jaloliy deb ataladi). Chingizxon Jaloliddin Manguberdining bu jasoratidan hayratda qolib, o‘z o‘g‘illariga qarab: “Ota o‘g‘il mana shunday bo‘lishi lozim!”, degan. Endilikda Chingizxon O‘ziga teng raqibga duch kelganini yaxshigina tushunib, Jaloliddinning katta kuch to‘plashiga xalaqit berish uchun barcha choralarni ko‘radi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, Jaloliddin Manguberdi qo‘shini soni 7 mingga yetdi. Unga Ko‘lbars bahodir, Kabkuh va Sa`diddin Ali ash-Sharabdor kabi lashkarboshilar o‘z kishilari bilan kelib qo‘shildi. Jaloliddin Manguberdi Shimoliy Hindistonning notanish cho‘lida och, juldur kiyimli jangchilari bilan sargardonlikda qoldi. Uning bu holidan foydalanmoqchi bo‘lgan Shatra viloyati rana (shoh) si Jaloliddin Manguberdiga hujum qilgan. Jaloliddin Manguberdining merganlik bilan otgan kamon o‘qidan rana halok bo‘ladi, qo‘shini esa parokanda bo‘lib qochadi. Jaloliddin Manguberdi katta o‘ljani qo‘lga kiritadi. Bu g‘alabadan so‘ng Sind, Uchcha, Mo‘lton, Lohur va Peshavor hokimi Nosiriddin Qubacha (1205-1227)ning Nandana va Sakundagi noibi Qamariddin Karmoniy Jaloliddin Manguberdiga o‘zini xayrixohligini izhor etib, sovg‘a-salomlar jo‘natgan. G‘iyosiddin Pirshohdan ajralib ketgan amirlardan Sanjoqonhon, Elchi pahlavon, O‘rxon, Soyircha, Tekjoruq Xonkishilar o‘z lashkarlari bilan kelib Jaloliddin Manguberdiga qo‘shildilar. Jaloliddin Manguberdi Kalor shahri, Parosravar, Tarnuj qal`alarini qo‘lga kiritdi. Mulklarining katta qismidan ajralgan Qubacha 10 ming otliq qo‘shini hamda mamluklar sulolasidan bo‘lgan Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmishdan olgan qo‘shimcha kuch bilan Jaloliddin Manguberdiga qarshi jang qilgan, biroq mag‘lubiyatga uchragan, uning xazinasi, qurol-yarog‘lari o‘lja tushgan.
1222-yil Chingizxon Jaloliddin Manguberdi izidan To‘rbay To‘qshin va Bola no‘yonni 20 minglik qo‘shin bilan jo‘natadi. Lekin ular Mo‘ltonga qadar borib, shaharni ololmay, jazirama issiqqa dosh berolmay qaytishadi. Jaloliddin Manguberdi o‘ziga qarshi mo‘g‘ul qo‘shinlari jo‘natilgani xabarini Parosravar qal`asini olgandan so‘ng eshitgan. Jaloliddin Manguberdi Mo‘lton tomon yo‘l olib Qubacha mulklaridan Uchcha, Sadusan, Xatisor, Deval va Damrillarni qamal qiladi, qo‘shini uchun tuyalar zarurligi tufayli Gujarot viloyati markazi Nahrvalga Xosxon boshchiligida qo‘shin jo‘natadi. Shamsuddin Eltutmish Jaloliddin Manguberdi ustiga katta qo‘shin (30 ming otliq, 100 ming piyoda, 300 ta fil) tortadi. Jaloliddin Manguberdi mardonavorlik bilan raqibiga qarshi chiqadi. Jaloliddin Manguberdining O‘zbek Toy Jahon Pahlavon qo‘mondonligi ostidagi ilg‘ori Eltutmish ilg‘ori bilan to‘qnashib raqibidan ustin keladi. Eltutmish Jaloliddin Manguberdi huzuriga elchisini yuborib sulh so‘raydi. Jaloliddin Manguberdi Hindistonda o‘z nomidan kumush va mis tangalar zarb qiladi, unga tobe hind mulklarida uning nomi xutbaga qo‘shib o‘qilgan. Biroq vaziyat borgan sari murakkablashib bormoqda edi. Eltutmish, Qubacha, shuningdek, Hindistonning boshqa viloyat hokimlari o‘zaro til biriktirib Jaloliddin Manguberdiga qarshi ittifoq tuzmoqchi ekanliklari ayon bo‘lib qoldi. Jaloliddin Manguberdining lashkarboshisi Yazidak pahlavon va Sunqurjiq Toysilar xiyonat qilib Eltutmish tomoniga o‘tganlar. Qiyin vaziyatdan qutulish uchun Jaloliddin Manguberdi harbiy kengash chaqirgan. Amirlarning ko‘pchiligi Iroq tomon yurish qilib, uni G‘iyosiddin Pirshohdan tortib olishni taklif qiladi. Iroqda siyosiy parokandalik hukm surardi. Iroq tomon ketishga qaror qilinadi. Jaloliddin Manguberdi o‘zining Hindistonda zabt etgan mulklariga O‘zbek Toy Jahon Pahlavoni, G‘ur va G‘azni viloyatlariga Hasan Qarluqni noib sifatida qoldirib, Iroqqa yo‘l olgan. Cho‘lu biyobonlarni kesib o‘tishda Jaloliddin Manguberdining ko‘p jangchilari nobud bo‘lgan, nihoyat u 4 ming jangchisi bilan Kirmonga yetib kelgan. G‘iyosiddin Pirshohning Kirmondagi noibi Baroq hojib Jaloliddin Manguberdiga tobelik izhor qiladi. Shundan so‘ng Jaloliddin Manguberdi Fors viloyati markazi Sherozga kelgan. Fors hokimi otabek Sa`d ibn Zangiy va Yazd hokimi otabek Alouddavla ibn To‘g‘onshoh unga tobelik bildirishadi. Jaloliddin Manguberdi Isfahonga kelganda aholi uni katta tantana bilan kutib oladi, qo‘shini qurol-aslaha bilan ta`minlanadi. Bu hol G‘iyosiddin Pirshohga yoqmaydi, u akasiga qarshi 30 ming otliq qo‘shin bilan yo‘lga chiqadi. Biroq Jaloliddin Manguberdi unga sovg‘a-salomlar bilan miroxur Odekni elchi sifatida jo‘natgan va o‘zaro nizoni tinchlik bilan hal etgan. Qo‘shin boshliqlari Jaloliddin Manguberdi tomoniga o‘tgan. 1225-yil Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjonga yurish qiladi. So‘ng Bag‘dodga qarshi yurishga hozirlik ko‘radi. Xalifa Nosirgacha elchi jo‘natib, mo‘g‘ullarga qarshi birlashishga chaqiradi. Bunga javoban Xalifa Jaloliddin Manguberdiga qarshi o‘zining mamluki amir Jamoliddin Qushtemir boshliq 20 minglik qo‘shin jo‘natdi. Basra yaqinidagi jangda Xalifa qo‘shinlari tor-mor keltirildi. Xalifa Bag‘dod mudofaasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdi Bag‘dod atrofida 12 kun turgach, Ozarbayjon tomon ketadi. Ozarbayjon va Arron otabegi O‘zbek ichkilik, maishatga berilib davlat ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan edi, davlatni amalda uning xotini Malika xotun boshqarardi. 1225-yil mayda Jaloliddin Manguberdi Marog‘a shahrini jangsiz qo‘lga kiritadi. Damashq, Erbil hokimlari u bilan ittifoq tuzishga rozi bo‘ladilar. Otabek O‘zbek Tabrizni tashlab Ganjaga, so‘ng Alinjo qal`asiga qochib o‘sha yerda vafot etadi. Jaloliddin Manguberdi Malika xotunga uylanadi. Tabrizda bir necha kun turgandan so‘ng o‘z qo‘shinini Gruziya tomon boshlaydi. 1225-yil avgustda Garni qal`asi yaqinida gurjilarning Ivane Mxargdzeli boshliq 60 minglik qo‘shinini tor-mor keltiradi va Tiflisga qarab yuradi. Gruziya malikasi Rusudana Kutaisiga ko‘chib o‘tgan. Jaloliddin Manguberdi Dvin, Lori shaharlarini egallaydi, Surmari shahri hokimlari o‘z tobeliklarini bildirishgan. 1227-yil sentabrda Isfahondan 30 chaqirim sharqdagi Sin qishlog‘i yaqinida Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullarning Taynol no‘yon boshliq qo‘shinini yenggan.
Taynol no‘yon Jaloliddin Manguberdi haqida: “Zamonasining haqiqiy bahodiri ekan, o‘z tengqurlarining sarvari ekan”, degan. Jaloliddin Manguberdining Ko‘niya sultoni Alouddin Kayqubod, Jazira hokimi al-Malik al-Ashrof Muzafariddin Muso, Damashq hokimi al-Malik al-Muazzam Sharafiddin Is va Misr hokimi al-Malik al-Komil Muhammadga nomalar yozib, ularni mo‘g‘ullarga qarshi kurashish yo‘lida birlashtirish yo‘lidagi xatti-harakatlari behuda ketdi. Ustiga ustak Alouddin Qayqubod muxolif kuchlarni Jaloliddin Manguberdiga qarshi birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
1230-yil 10-avgustda Arzinjon yaqinidagi jangda Jaloliddin Manguberdi kuchlari mag‘lubiyatga uchradi. Jaloliddin Manguberdining kuchsizlanganidan foydalangan mo‘g‘ullar katta qo‘shin bilan Ozarbayjonga bostirib kirib Marog‘a, Tabrizni egallab (1231) Jaloliddin Manguberdi ta`qib etishgan. Mayofariqin viloyatidagi qishloqlardan birida mo‘g‘ullar tungi hujum natijasida Jaloliddin Manguberdining oz sonli qo‘shinini tor-mor keltirdilar, Jaloliddin Manguberdini o‘zi esa ta`qibdan qutulib Qurdiston tog‘lariga chiqib ketgan. Bu yerda qaroqchi kurdlar qo‘liga asir tushib, fojiali ravishda halok bo‘lgan.
Jaloliddin Manguberdi haqida uning shaxsiy kotibi, tarixchi Nasaviy shunday yozadi: “Jaloliddin qorachadan kelgan, o‘rta bo‘yli, turk lafzli odam edi. Fors tilini ham yaxshi bilardi. Uning botirligiga kelganda shuni aytish kerakki, sulton arslonlar orasidagi eng kuchli sher edi. Bir so‘zli, kek saqlamaydigan, ochiq ko‘ngil, to‘g‘ri odam edi. U jiddiy shaxs edi. Hech qachon kulmasdi. Juda nari borsa jilmayib qo‘yardi. U adolatsizliklarni yomon ko‘rardi. Jaloliddin o‘ta qat`iyatli, nihoyatda irodali, murakkab vaziyatlarda, taqdirning qaltis sinovlarida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydigan favqulodda mard va botir sarkarda edi. O‘zbekiston hukumati Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashda ko‘rsatgan mislsiz jasorati, vatanga va o‘z xalqiga sadoqat va cheksiz muhabbatini qadrlash va uning porloq ruhini abadiylashtirish maqsadida “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash haqida” qaror qabul qildi (1998). Qarorga ko‘ra, uning yurti Xorazmda Jaloliddin Manguberdiga haykal o‘rnatildi, yirik ko‘cha, maydon, jamoa korxonalari va boshqalarga uning nomi qo‘yildi. Jaloliddin Manguberdining harbiy yurishlarida hamroh bo‘lgan tarixchi Nasaviy Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlab “Siyrat as-sulton Jaloliddin Manguberdi” (“Sulton Jaloliddin Manguberdining holati”) nomli asar, Maqsud Shayhzoda esa “Jaloliddin” (1943-yil) dramasini yozgan. Jaloliddin Manguberdi haqida video film, doston, p`esa va boshqalar yaratilgan. 2000-yilning 30-avgustida “Jaloliddin Manguberdi” ordeni ta’sis etilgan.