Abiturientlarga eslatma

Abiturient oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

- ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili, shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta’lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma’lumoti yo‘qligi, qaysi chet tilidan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lganlar uning raqamini va tanlangan ikkinchi oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishini ko‘rsatishlari hamda test sinovlarini o‘tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to‘g‘ri to‘ldirish bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);

- umumiy o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;

- 086-U-shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;
- pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;
- 3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;

- maxsus sirtqi bo‘lim abiturientlari uchun mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma.

To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar va I guruh ko‘zi ojiz nogironlar ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.

To‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar toifasiga «Mehribonlik uylari»da yashab ta’lim olgan, 18 yoshga to‘lmagan, otasi ham, onasi ham vafot etgan yoki sud qaroriga binoan vafot etgan deb e’lon qilingan bolalar kiradi.

Ariza shakli Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Tanlovdan tashqari o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.

Abiturient arizasida «o‘zim haqimda quyidagilarni ma’lum qilaman» grafasiga hujjatlar bilan tasdiqlovchi holatlar (bolalikdan I va II guruh nogironlari, yetim, «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari va boquvchisi yo‘q) qayd etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasining aslini yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim etadilar.

Harbiy qism tavsiyanomasining shakli va uni berish tartibi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan belgilanadi.

Abiturient tomonidan pasport (pasport yoshiga yetmaganlar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma) hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat qabul komissiyasiga shaxsan ko‘rsatiladi.

Harbiy qismlar qo‘mondonligi tavsiyanomalari ular berilgan kundan hamda muddatli harbiy xizmatni tugatgan davridan boshlab, uch yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi (oliy ta’lim muassasasiga talabalikka qabul qilinganligi to‘g‘risidagi rasmiy buyruq bo‘lsa, imtiyozdan takroran foydalanish mumkin emas).

Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi abiturientning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Hujjatlar qabul qilishning belgilangan muddatlari tugagandan so‘ng hujjatlarga qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish qat’iyan man qilinadi.

Abiturient tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlansa, u holda abiturient test sinovlaridan (oliy ta’lim muassasasidan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari o‘rnatilgan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga yuboriladi.