Gidromelioratsiya

img

Gidromelioratsiya

Fakultet dekani

Fatxullayev Alisher Mirzatillayevich

Texnika fanlari doktori, professor

Qabul kunlari: Dushanba, chorshanba, juma (14:00-16:00)

Telefon: (+998 71) 237-19-80

E-mail: a.fatxulloyev@tiiame.uz

Veb-sayt: www.hm.tiiame.uz

 

 

Gidromelioratsiya fakulteti 1923-yilda Turkiston Davlat universitetining texnika fakulteti tarkibida “Melioratsiya muhandisligi” mutaxassisligi bo‘yicha soha kadrlarini tayyorlash maqsadida tashkil etilgan. Fakultet tashkil etilgan ilk davrlarda 49 nafar professor-o‘qituvchilar 274 nafar talabalarga melioratsiya muhandisligi bo‘yicha bilim bera boshlagan. Gidromelioratsiya fakulteti tarixi universitetning tarixi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, 1934-yil 16-noyabrda «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish injenerlari instituti» tarkibida faoliyat ko‘rsata boshlagan. Fakultetning tashkil etilishi, rivojlanishi, O‘rta Osiyo miqyosida nufuzli ilmiy markaz sifatida shakllanishida yetuk olimlar, yirik mutaxassislarning hissalari beqiyosdir. Ayniqsa V.D.Jurin, T.N.Qori-Niyozov, A.N.Gostunskiy, B.D.Korjavin, X.A.Axmedov, A.N.Askochenskiy, V.V.Poslavskiy, N.A.Yanishevskiy, V.F.Bulayevskiy, F.P.Morgunenkov, Ye.I.Zamarin, N.V.Makridin, S.T.Altunin, T.A.Kolpakovalarning sa’yi-harakatlari tufayli fakultet ilm-ta’lim yo‘nalishlarida yetakchilik qilgan. Bugungi kunda fakultet tarkibida «Gidravlika va gidroinformatika», «Gidrologiya va gidrogeologiya», «Irrigatsiya va melioratsiya», «Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish», «Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash», «Professional ta’lim», «Hayot faoliyati xavfsizligi», «Fizika va kimyo» kafedralari va «Ekogis» markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Fakultetda kafedralar va markazlarning tajribali professor-o‘qituvchilari talabalar va magistrlar uchun zamonaviy talablar darajasida ilmiy tadqiqot va ta’lim jarayoni tashkil etilgan.

Fakultetda iqtisodiyot tarmoqlari,  xususan, Ozbekiston Respublikasi suv xojaligi, Qishloq xojaligi va Ekologiya, atrof-muhit va iqlim ozgarishi vazirliklari va uning tasarrufidagi yetakchi tashkilotlar qatorida Netofim, Agrodrip, Ekodrip, Smart Solution kabi nufuzli xorijiy va mahalliy korxonalar ehtiyoji uchun «Suv xo‘jaligi va melioratsiya», «Suv xojaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish», «Gidrologiya», «Meliorativ gidrogeologiya», «Professional ta’lim», «Suv xo‘jaligi va melioratsiya ishlarni  mexanizatsiyalashtirish», «Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi», «Materialshunoslik va yangi materiallar texnologiyasi» ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha raqobatbardosh kadrlar tayyorlab kelimoqda. 2023-2024 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublika Prezidentining 10-dekabrdagi PQ-42 sonli qaroriga muvofiq «Aerokosmik texnologiyalar va barqaror rivojlanish» ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Ushbu ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bugungi kunda 1200 nafardan ortiq talabalar zamonaviy sharoitda tahsil olmoqda.

Iqtidorli talabalarni aniqlash va ularning o‘quv-ilmiy faoliyatga keng jalb etish maqsadida fakultetda turli respublika va xalqaro miqyosda soha bo‘yicha turli tanlovlar va tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, oxirgi yillarda xalqaro tashkilotlar va loyihalar bilan hamkorlikda “Butunjahon suv kuni”ni respublika va xalqaro miqyosda tashkil etishga erishilmoqda. Iqtidorli talabalar bilan ishlash, ularning faoliyat samaradorligini oshirish borasidagi fakultet jamoasining sa’yi haratlari natijasida 10 dan ortiq prezident stipendiyasi, 30 dan ortiq Beruniy nomidagi davlat stipendiyasiga nomzodlar, 20 dan ortiq respublika fan olimpiadalari g‘oliblari, 100 dan  ortiq turli xalqaro va respublika miqyosidagi Startup va tanlov g‘oliblari tayyorlandi.    

Ta’lim sifatini oshirish hamda o‘quv materiallarini bugungi ilm-fan yutuqlarini boyitib borish maqsadida fakultetda keng ko‘lamdagi ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, oxirgi yillarda Oliy ta’lim, Ilm-fan va innovatsiyalar hamda suv xo‘jaligi vazirligining ilmiy muammolari va buyurtmalari hamda hamkorlik shartnomalariga muvofiq Birlashgan Millatlar Tashkilotining barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida  global iqlim o‘zgarishi  sharoitida suv resurslaridan samarali foydalanish,  sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, qishloq xo‘jaligi ekinlarining sug‘orish me’yori va rejimlarini geoinformatsion tizimlarga asoslangan holda tadqiq qilish, suv tejovchi texnologiyalarni loyihalash uchun dasturiy ta’minotini yaratish, suv omborlarining gidrologik rejimlarini takomillashtirish, ochiq o‘zanlar gidravlikasi va gidrologiyasi va sug‘orish tarmoqlarining gidravlik samaradorligi va ekspuatatsion ishonchliligini oshirish bo‘yicha 20,0 mlrd. so‘mdan ortiq fundamental, amaliy va konstruktorlik ishlari amalga oshirilib, bosqichma-bosqich o‘quv jarayoniga jalb etilmoqda.

Fakultetda xorijiy tajribani o‘rganish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida keng ko‘lamdagi faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Oxirgi yillarda fakultet olimlarining samarali faoliyati natijasida AQSh, Yevropa mamlakatlari, MDH va Sharq mamlakatlarining nufuzli ilmiy tadqiqot institulari va universitetlari bilan keng qamrovli ilmiy, metodik hamda akademik mobillik yo‘nalishlarida umumiy qiymati 354030$ + 837990€  bolgan 16 ta xalqaro tadqiqot va ta’lim grantlariga erishilgan. Xalqaro hamkorlik faoliyat kolamini kengaytirish maqsadida fakultetda muntazam xalqaro ilmiy anjumanlar, seminar-treninglar hamda turli tanlovlar  otkazib kelinmoqda. Shuningdek, oquv jarayoniga Xitoy, Turkiya, Slovakiya kabi davlatlarning nufuzli ilmiy tadqiqot institutlari va universitetlarining professor-oqituvchilari fakultet kafedralari oquv jarayoniga jalb etilgan.

Oxirgi yillarda BMTning taraqqiyot dasturlari, shuningdek, AQShning Lindsay va USAID, Isroilning Netofim, Koreaning K-Water, Xitoyning SuperMap va Xinjiang-Tianye va boshqa yirik xorijiy kompaniyalar va loyihalar bilan hamkorlikda oquv jarayonini takomillashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda talabalar amaliyoti samaradorligini oshirishda salmoqli natijalarga erishilmoqda.