Institut rektori, professor O’.P.Umurzakovning yoshlarga tabrigi

  

 

Assalomu alaykum aziz va qadrli talaba yoshlar!

Sizlarni har yili zavq va intiqlik bilan kutadigan bayramingiz, ya’ni “Yoshlar kuni” bilan sizlarga ta’lim berayotgan barcha ustozlar nomidan chin dildan tabriklayman.

Bugungi kunda institutimiz yoshlari ta’lim olishi, zamonaviy laboratoriyalarda o‘quv va ilmiy tadqiqotlar olib borishi, intellektual qobiliyatini namoyon qilishi, madaniy xordiq chiqarishi va jismonan chiniqishi, kelajakda o‘zlari tanlagan sohasi bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan.

Kuni kecha muhtaram muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlariga tabrigida "O‘tgan qisqa davrda jamiyatimiz hayotidan mustahkam o‘rin egallagan bu bayram davlatimiz, xalqimiz o‘z farzandlarining baxti va kamoli uchun hech narsani ayamasligini, mamlakatimiz yoshlari ham Vatanimiz ravnaqi uchun xizmat qilishni o‘z hayotining mazmuni deb bilishini yaqqol ifoda etmoqda", deya ta’kidladilar.

Darvoqe, ushbu tabrikda yoshlarga yuqori e’tiborning yaqqol namunasi ko‘rinib turibdi. Bunda, yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, yosh tadbirkorlarga, ayniqsa, qizlarimizga hunarmandlik bilan shug‘ullanishlari uchun kreditlar ajratish, ta’lim olishi uchun 800 ta davlat grantini ajratilishi, ularni kasbga tayyorlash va malakasini oshirish, fermerlikni qo‘llab-quvvatlash kabi sa’yi harakatlar doimo davlat va hukumatimiz diqqatida bo‘lib turibdi.

Bugun siz ta’lim olayotgan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari insitituti bilan har qancha faxrlansangiz arziydi.

O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari reytingida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 2018 yilda 3- o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2019 yil natijalari bo‘yicha 2-o‘rinni qayd qildi.

Hozirda jahon universitetlarining xalqaro reytingini aniqlovchi Quacquarelli Symonds (QS) reyting agentliklari tomonidan “Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo” (Emerging Europe and Central Asia – EECA) reytingida mamlakatimizda birinchi bo‘lib Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti mazkur reytingida 301+ o‘rinni qayd etgan.

Bundan tashqari, xuddi shunday yana bitta xalqaro reyting agentligi Times Higher Eduducation (THE) tomonidan ham Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari insitituti “Toza suv va sanitariya” yo‘nalishida - 201-300 o‘rin, “Yerdagi hayot” yo‘nalishida 201+o‘rinni egallab, dunyo universitetlari reytingida sohasi bo‘yicha 201+ o‘rinni qayd etdi.

Albatta buning zaminida sizlarga ta’lim berayotgan ustozlarning mashaqqatli mehnatlari va sizlar erishgan yutuqlarni ko‘rish mumkin.

Oldinda rejalarimiz judayam bisyor va yuqori. Bu borada institutimiz yoshlari yaxshi bilim va aql idroki bilan har ishda tashabbuskor va taraqqiyotga qo‘sh-qanoat bo‘lishlari zarur.

Kezi kelganda e’tirof etish kerakki, pandemiya sharoitida ba’zi imkoniyatlar qisqargan bo‘lsada, biz ta’limni bir soniya bo‘lsada, to‘xtatmadik. Barcha imkoniyatlar safarbar qilinib, masofaviy ta’lim yo‘lga quyildi. To‘g‘ri, talaba yoshlarimiz bu borada qay darajada faol bo‘lgani o‘zingizga havola.

Faol, yetakchi talabalar o‘zlarining fikr-mulohazalari bilan jamoatchilik tadbirlarida faol qatnashib turishdi. Ularning fidoyiligi nishonasi sifatida institutimiz Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Akmal Berdimurodovning "O‘zbekiston belgisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishi, institutimizning barcha yoshlarishga berilgan baho deb bilaman.

Barcha harakatlarimiz yoshlarni ezgu maqsadlar sari jipslashtirish, vatanga mehr va muhabbat, oliy malakali kasbga sadoqat bilan tarbiyalashdan iborat.

Tabrigim yakunida barcha yoshlarimizni yana bir bor “Yoshlar kuni” bilan tabriklab, sog‘lik salomatlik, o‘qishlarida ulkan yutuqlar va kelgusidagi ishlarida yuksak muvaffaqiyatlar tilab qolaman.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori, Respublika oliy ta’lim kengashi raisi, professor O‘.P.Umurzakov