Samarqand shahrida Erasmus+ DSinGIS xalqaro loyihasi doirasida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi

2019 yilning 9 aprel kuni Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida (SamDAQI) “2017-2020 yillar davomida Erasmus+ dasturining “DSinGIS: Geoinformatika sohasida doktorantura” xalqaro loyixasi doirasida olib borilayotgan ishlar” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda SamDAQI professor-o‘qituvchilari, yosh olim, doktorant, magistrant va talabalari, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) 1 bosqich tayanch doktorantlari – I.Abduraxmanov, Z.Mamatqulov va B.Uspankulov, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti katta o‘qituvchisi I.Abdullaev, shuningdek, Samarqand viloyati Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, Samarqand viloyati Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi xizmati, “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti Samarqand bo‘linmasi, Samarqand aerogeodeziya davlat korxonasi rahbar va xodimlari ishtirok etishdi.

Ushbu ilmiy amaliy seminar ochilish marosimini SamDAQI Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Isakov Erkin Xujayorovich o‘z nutqi orqali ochib berdi. E.Isakov o‘z nutqida SamDAQIda hozirgi kunda olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, milliy va xalqaro loyihalar hamda innovatsion ishlanmalar to‘g‘risida, jumladan “Geodeziya va kartografiya” kafedrasi professor-o‘qituvchilari ishtirok etishayotgan “DSinGIS” loyihasi, loyihaning bugungi kundagi ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. So‘ngra so‘z Samarqand viloyati Yer resurslari va Davlat kadastri boshqarmasi boshlig‘i Jamanov Fozil Jamanovichga berildi.

Samarqand viloyati Yer resurslari va Davlat kadastri boshqarmasi boshlig‘i Jamanov Fozil Jamanovich so‘zga chiqib, “Samarqand viloyati Yer resurslari va Davlat kadastri boshqarmasining faoliyati, kelgusidagi rejalari va xalqaro aloqalari” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, ma’ruzachi ushbu seminar va xalqaro loyihaning kelgusidagi faoliyatiga omad tiladi.

Loyihaning milliy koordinatori, TIQXMMI tayanch doktoranti – Abduraxmanov Ilxom Isakovich “DSinGIS” loyihasi, uning doirasida amalga oshirilayotgan ishlar” nomli ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. U o‘z ma’ruzasida loyihaning maqsad va vizafalarini batafsil yoritib berish bilan bir qatorda, loyihada tashkiliy masalalar qanday yo‘lga qo‘yilganligi, chet el xamkor OTMlariga tayanch doktorantlarning qay tartibda malaka oshirish kurslariga yuborilishi, xususan, birinchi va ikkinchi chaqiriq davomida kimlar tanlab olinganligi va ularning erishgan yutuqlari to‘g‘risida seminar qatnashchilariga batafsil ma’lumotlar berdi.

Bundan tashqari, I.Abduraxmanov o‘z nutqida loyihaning asosiy maqsad va vazifalari haqida qisqacha aytib o‘tish bilan bir qatorda, asosiy e’tiborni ishlab chiqarish korxonalari bilan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratish lozimligini takidlab o‘tdi.

I.Abduraxmanov “DSinGIS” loyihasi davomida ochilgan yangi PhD dasturi va uning ixtisosligi, 18 ta maxsus Geoinformatika sohasiga oid zamonaviy kurslarning yaratilayotganligi, kurslarning “Moodle” tizimi orqali o‘qitilishi xaqida aytib o‘tdi. Shuningdek, barcha kurslar tayyor bo‘lgandan keyin ularni nafaqat PhD tayanch doktorantlar, balki ishlab chiqarish tashkilotlaridagi shu kurslarga qiziqqan barcha ilmiy izlanuvchilar va xodimlar ham o‘rganishlari mumkinligini, negaki keyinchalik barcha 18 ta kurslar ochiq resurs sifatida barchaga taqdim etilishi haqida ta’kidlab o‘tdi. Qolaversa, loyiha doirasida O‘zbekistondagi barcha OTMlar uchun TIQXMMIda maxsus Qo‘shma ilmiy-tadqiqot markazi hamda o‘zbek hamkor OTMlarda alohida elektron ta’lim markazlari ochilishi va ularning barchasi loyiha mablag‘lari hisobidan kerakli jihozlar, geoinformatikaga oid asbob-uskunalar bilan ta’minlanishi to‘g‘risida alohida gapirib o‘tdi.

Shuningdek, TIQXMMI tayanch doktoranti – Mamatqulov Zoxid Jonqobilovich ham o‘zining “DSinGIS” loyihasi doirasida Vengriyaning Obuda universitetiga amalga oshirgan ilmiy malaka oshirish tashrifi” nomli taqdimoti bilan seminarda ishtirok etdi. U o‘z taqdimotida GAT sohasida Yevropa tajribasi haqida ma’lumot berdi va seminar ishtirokchilarining savollariga javob berdi. “O‘zdaverloyiha” DILI Samarqand bo‘linmasi direktori Babanazarov Sohibjon Farxodovich so‘zga chiqib, bo‘linmada hozirgi kunda olib borilayotgan ishlar, xususan chet el oliy ta’lim muassasalari bilan o‘rnatilayotgan xamkorliklar va kelgusidagi rejalari hamda “DSinGIS” loyihasi doirasidagi hamkor OTMlar bilan ham kelajakda birgalikda yanada samarali hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish kerakligi to‘g‘risida gapirib o‘tdi.

Shundan so‘ng, “UzGAShLITI” DUK Samarqand filiali direktori Bekbaev G‘ulom Karimovich so‘zga chiqib, hozirgi kunda Samarqand viloyatidagi qurilish sohasida olib borilayotgan topogeodezik va geologik ishlar istiqboli bo‘yicha atroflicha ma’lumot berdi. Bundan tashqari, seminarda ishtirok etayotgan talabalar, magistrlar va yosh olimlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi. Bundan tashqari, “Samarqand aerogeodeziya” davlat korxonasi direktori Pirnazarov Islom Mardonovich so‘zga chiqdi.

I.Pirnazarov o‘zining “Korxonada olib borilayotgan geotopografik va aerokosmik ishlar va kelgusidagi vazifalar” mavzusidagi ma’ruzasida korxona faoliyati haqida gapirib o‘tdi. Shuningdek, “DSinGIS” xalqaro loyihasining Samarqand viloyatidagi korxonalar faoliyatiga bo‘layotgan yordami va kelgusidagi vazifalari, tadqiqotlardan kutilayotgan natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti “Geodeziya va geoinformatika” kafedrasi katta o‘qituvchisi Abdullaev Ilxomjon O‘ktamovich o‘zining “Geofazoviy atamalar lug‘ati, Geoinformatika bo‘yicha an’anaviy ilmiy konferensiyalar” nomli ma’ruzasi bilan seminarda ishtirok etdi. I.Abdullaev o‘z nutqida xozirgi kunda ilm-fan sohasida atamalarning o‘rni juda kattaligi, manbaalarning ko‘pligi, shuningdek ko‘plab atamalar chet tillarida ekanligi sababli olimlar xar bir atama yuzasidan aniq bir to‘xtamga kelish juda muhim masalalardan biri ekanligini takidlab o‘tdi. “DSinGIS” loyihasida bu masalaga katta e’tibor berilganligi va shuning uchun xam geofazoviy atamalar uchun maxsus elektron lug‘at yaratilganligi, unga shu kungacha 1000 dan ortiq atamalar 3 ta tilda kiritilganligi va u doimiy ravishda boyitilib borilayotganligi to‘g‘risida seminar qatnashchilariga gapirib o‘tdi. Shuningdek, I.O‘.Abdullaev loyiha doirasida o‘tkazilgan va o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan geoinformatika bo‘yicha an’anaviy ilmiy konferensiyalar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi va barcha ishtirokchilarni kelgusi konferensiyalarda o‘z maqolalari bilan ishtirok etishga chorladi.

SamDAQI mustaqil tadqiqotchisi Niyazov Vohidjon Ro‘zievich so‘zga chiqib, o‘zining ilmiy tadqiqot mavzusi “GNSS texnologiyasi yordamida geodezik tayanch punktlarni optimallashtirish usullarini ishlab chiqish (tog‘ kon ob’ektlari misolida)” doirasida olib borayotgan ishi va uning GAT texnologiyalari bilan bog‘liqligi to‘g‘risida gapirdi. Bundan tashqari, SamDAQI mustaqil tayanch doktoranti Raximov Ulug‘bek Abdullaevich o‘zining “Moddiy madaniy meros ob’ektlari davlat kadastrini geodezik-kartografik ta’minotini takomillashtirish” hamda mustaqil tadqiqotchisi Gulmurodov Farrux Eshmurodovich o‘zining “O‘zbekiston viloyatlarini turizm maqsadlari uchun tizimli kartaga olishning ilmiy asoslari” mavzudagi ilmiy tadqiqotlari bo‘yicha olib borayotgan ishlari haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, yosh olimlar GAT sohasidagi ushbu xalqaro loyiha faoliyati va uning O‘zbekiston talabalari, magistrantlari hamda yosh olimlariga katta imkoniyatlar berishi haqida gapirib o‘tishdi. Bulardan tashqari, so‘zga chiqqan ishtirokchilar o‘zlarining seminar va xalqaro loyiha borasidagi o‘zlarining taklif va muloxazalarini bildirishdi. Seminar yakunida SamDAQI Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori E.Isakov va loyihaning milliy koordinatori I.Abduraxmanov so‘zga chiqib, seminarning barcha ishtirokchilariga o‘z minnaddorchiliklarini bildirishdi va kelgusida yangi loyihalar yaratish, o‘zaro xamkorlikni yangi bosqichlarga olib chiqish zarurligini, bu shu orqali kadrlar salohiyatini yanada oshirishga erishish mumkinligi haqida alohida takidlab o‘tishdi. Seminar so‘ngi estalik uchun kadrlarda muxrlandi.

TIQXMMI tayanch doktoranti B.Uspankulov