Raqamli qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yangi hamkorlik
09.10.2025

2025-yil 28–29-sentabr kunlari "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor professor Shuxrat Shokirov, Geodeziya va geoinformatika kafedrasi mudiri dotsent Rustam Oymatov, hamda Yer resurslarini boshqarish va kadastr fakulteti dekan o‘rinbosari Sanjar Hikmatillayevlar Turkiya Respublikasining Adana shahrida joylashgan Chukurova universitetiga xizmat tashrifini amalga oshirdi.
Tashrif davomida "TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti delegatsiyasi Chukurova universiteti rektori professor Hamit Emrah Beriş bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi (Memorandum of Understanding, MoU) imzolandi. Ushbu hujjat kelgusida raqamli qishloq xo‘jaligi, yer resurslarini boshqarish, geoinformatika va suv resurslari sohalarida qo‘shma ilmiy-tadqiqotlar olib borish, professor-o‘qituvchilar va talaba almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Tashrif doirasida geoinformatsion tizimlar (GAT) va masofadan zondlash, o‘simlikshunoslik hamda tuproqshunoslik laboratoriyalarining faoliyati bilan tanishildi. Shuningdek, Chukurova universitetining Xalqaro aloqalar bo‘limida professorlar va tadqiqotchilar bilan qo‘shma loyihalar, ilmiy almashinuv dasturlari va seminarlar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Yakunda tomonlar raqamli qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida innovatsion tadqiqotlar olib borish, tajriba almashish, hamda qo‘shma ilmiy-amaliy seminar va konferensiyalar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.
Universitet ilmiy tuzilmasi axboroti





