InnoWeek-2025 - Chegarasiz g‘oyalar xalqaro haftaligi rasman boshlandi
09.10.2025

2025-yil 9-oktyabr kuni O‘zbekiston xalqaro ko‘rgazmalar markazida “Chegarasiz g‘oyalar” shiori ostida VIII Innovatsion g‘oyalar xalqaro haftaligi “InnoWeek-2025” ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli tadbirda respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalari qatori “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti talabalari ham faol ishtirok etishdi. “InnoWeek-2025” haftaligi doirasida innovatsiyalar, ilm-fan va texnologiyalar sohasida yetakchi bo‘lgan mahalliy va xorijiy kompaniyalar, startaplar, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. Ko‘rgazma davomida 30 dan ortiq ilmiy-amaliy tadbirlar-seminarlar, taqdimotlar, ustoz-shogird uchrashuvlari, panel muhokamalari va tajriba almashish sessiyalari tashkil etildi. Tadbir ishtirokchilari zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha chuqur bilim va ko‘nikmalarni egallash, shuningdek, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish borasida xalqaro tajriba bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda. “InnoWeek-2025” xalqaro innovatsion haftaligi O‘zbekistonda ilm-fan va texnologiyalar rivojiga bo‘lgan yuksak e’tibor, yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda innovatsion ekotizimni mustahkamlash yo‘lida muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.





