11 oktyabr – xalqaro qizlar kuni
09.10.2025

Har yili 11-oktyabrda butun dunyo bo‘ylab qizlar kuni keng nishonlanadi. Chunki BMT Bosh Assambleyasining 2011-yil 19-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan, 11-oktyabr “Xalqaro qizlar kuni” (International day of the Girl Child) deb e’lon qilingan.
Mazkur sana har yili butun jahon bo‘yicha qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga e’tibor qaratish maqsadida ham nishonlanib kelinmoqda. Bu muammolarga majburiy nikoh, qizlarning ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanishlarini ta’minlash hamda zo‘ravonlik holatlari kiradi.
Mazkur sanada BMT o‘smir qizlarning kamsitilishini tugatish, ularning huquq va vakolatlarini kengaytirishni rag‘batlantirish uchun hukumatlar, fuqarolik jamiyatlari, davlat va xususiy tashkilotlarni birdamlikka chaqirib keladi.
O‘zbekistonda izchil amalga oshirib kelinayotgan yoshlarga oid davlat siyosati doirasida qizlarimizning har tomonlama yetuk va barkamol shaxslar sifatida ulg‘ayishlari uchun barcha shart-sharoit, imkoniyat va imtiyozlarni yaratib berish, ularning har bir sohadagi qiziqishlarini yanada rag‘batlantirish, jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tengdoshlari o‘rtasida hamkorlik va tashabbuskorlik muhitini yaratish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni jahon hamjamiyati ham e’tirof etmoqda. Xususan, qizlarning ta’lim-tarbiya olishlari, kasb-hunar egallashlari, ularning ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish masalalari davlatimizning doimiy yuksak e’tiborida turibdi.
Yuqoridagi fikrlarga qo‘shilgan holda universitetimizning baxtli qizlarini ushbu bayram bilan tabriklaymiz. Ko‘zlaringiz quvonchdan kulsin! Kelajakda jamiyatga o‘z hissasini qo‘shadigan, oilaning sarishtalik farishta bekasi bo‘ladigan ajoyib inson bo‘lsinlar!!! Bizlarning avlodimizdan buyuk yetakchi ayollar chiqqan,hozirgi imkoniyatlardan kelib chiqib qizlarimiz orasidan dunyoni lol qoldiradigan olimalar, buyuk shaxslar yetishib chiqadi deb umid qilamiz...
O‘zbekistondagi barcha qizlarni ham bugungi bayram bilan tabriklaymiz.
Universitet xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi raisi Ismailova Zuxra Karabayevna