Xalqaro miqyosdagi anjuman

08.10.2025

#Tadqiqotlar #Xalqaro hamkorlik

Bugun “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida  dunyoning 40 ga yaqin mamlakatidan olimlar, izlanuvchilar va soha vakillari ishtirokida Suv xavfsizligi va iqlim o‘zgarishi- 2025” deb nomlangan xalqaro ilmiy amaliy konferensiya ish boshladi.  

Mazkur konferensiya Germaniya akademik almashinuv xizmatining “Taraqqiyot hamkorligida oliy ta’limning mukammalligi” dasturi doirasida tashkil etilgan. 2016-yildan buyon Tayland, Germaniya, Keniya, Meksika, Vetnam va Ekvador kabi mamlakatlarda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan ushbu konferensiya butun dunyo bo‘ylab innovatsion g‘oyalar va amaliy yechimlar uchun global platformaga aylangan. Bu yilgi konferensiya uchun iqlimga bog‘liq ekstremal holatlarga moslashish, oziq-ovqat va ekologik tizimlar uchun suv,  sun’iy intellekt va katta ma’lumotlardan foydalanish kabi uchta asosiy mavzu belgilangan.

 Anjumanda ilm-fan, oliy ta’lim va ishlab chiqarish sohalarining ilg‘or vakillari sohaga doir ilmiy izlanishlarining natijalari bilan ishtirok etishmoqda.

Suv xavfsizligi va iqlim o‘zgarishi – bugungi dunyodagi eng dolzarb muammolardan. Oral dengizi fojiasi ortidagi xulosalar va mintaqadagi chegaraviy suv muammolari fonida, bu konferensiya yangi, barqaror suv siyosati sari qadam tashlashni maqsad qilgan.

To‘qqizinchi marta bo‘lib o‘tayotgan konferensiya butun dunyo bo‘ylab faoliyat yuritadigan muhim platformadir.

Maqsadimiz, iqlim o‘zgarishidan qattiq zarar ko‘rayotgan, suv tanqisligiga yuzlanayotgan mamlakatlarda suvdan samarali foydalanuvchi texnologiyalarni joriy qilishga ko‘maklashishdan iborat.

Suv xavfsizligi va iqlim o‘zgarishi bir - biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ikkita muammodir. Ushbu ilmiy amaliy konferensiya o‘zaro chamabarchas bog‘liq muammolarga hamkorlikda xalqaro miqyosda yechim izlash imkoniyatini berishi bilan ham ahamiyatlidir. Suv resurslarini boshqarish bilan shug‘ullanadigan olimlar, faollar va soha vakillari sa’y-harakatlarini birlashtirilishi maqsadga muvofiq.

  Jahon miqyosida iqlimga bog‘liq ekstremal holatlarning ko‘payib borishi kuzatilmoqda. Yer osti va yer yuzi suvlarining ifloslanish xavfi ham ortib borayotgan bir paytda, suv boshqaruviga nisbatan yondashuvni qayta ko‘rib chiqish lozim.

Konferensiya sho‘balarga bo‘lingan holda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Universitet matbuot xizmati