Zilzila paytida tinchlikni saqlash — eng katta xavfsizlik

08.10.2025

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik

  Yaqinda O‘zbekiston hududida sezilgan kuchli zilzila to‘lqinlari nafaqat mahalliy, balki xorijlik talabalar orasida ham ma’lum darajada vahima va xavotir holatini keltirib chiqardi. Ayniqsa, Turkmanistonlik talabalar o‘z yurtlarida bunday tabiiy hodisalar kam uchrashi sababli zilzila mohiyatini yetarlicha bilmas edilar.

  Shu bois, 2025-yil 8-oktyabr kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti,   “Yer resurslari va kadastr” fakultetida tahsil olayotgan Turkmanistonlik talabalar o‘rtasida psixologik tinchlikni tiklash, to‘g‘ri harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirish va xavfsizlik madaniyatini oshirish maqsadida “Zilzila paytida tinchlikni saqlash — eng katta xavfsizlik!” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.

  Tadbir avvalida mutaxassislar tomonidan zilzila nima, uning sodir bo‘lish sabablari, epitsentr va magnituda kabi asosiy tushunchalar oddiy, tushunarli tilda izohlab berildi. Talabalar zilzila vaqtida psixologik xotirjamlikni saqlash, vahimaga berilmaslik va boshqalarga yordam berishning ahamiyatini tushunib yetdilar.

  Amaliy mashg‘ulotlar davomida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi:

  • Zilzila paytida xavfsiz joyni (stol tagi, devor burchagi, eshik romlari) to‘g‘ri tanlash;
  • Elektr jihozlari va gaz manbalarini o‘chirish zarurligi;
  • Liftlardan foydalanmaslik, evakuatsiya vaqtida tartib va birdamlikni saqlash;
  • Ochiq maydonga chiqqanda binolar, daraxtlar va elektr ustunlaridan uzoqroq joyda to‘planish;
  • Zilzila to‘xtagach rasmiy xabarlarni kutish, o‘zboshimchalik bilan binolarga qaytmaslik.

  Trening jarayonida talabalar uchun evakuatsiya mashqi ham o‘tkazildi. Ular signal berilgach, belgilangan yo‘laklar orqali binodan chiqish, ochiq maydonda xavfsiz tarzda to‘planish harakatlarini amalda bajardilar.

  Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — talabalarni favqulodda vaziyatlarda o‘zini tutish madaniyatiga o‘rgatish, ularni vahimadan tinchlik sari yo‘naltirish, hamda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar bilan qurollantirishdan iborat bo‘ldi.

  Tadbir yakunida mutaxassislar tomonidan talabalar bilan psixologik suhbat o‘tkazilib, ularning qo‘rquv holatini kamaytirish, o‘zaro birdamlik va yordam ruhini mustahkamlashga qaratilgan tavsiyalar berildi.

  Seminar nafaqat xavfsizlikni oshirishga, balki talabalar orasida xotirjamlik, o‘ziga ishonch va hushyorlik hissini shakllantirishga xizmat qiladi. Ishtirokchilar bunday amaliy tadbirlar ularning hayotiy tayyorgarligini oshirganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

“Yer resurslari va kadastr” fakulteti tyutori Abdullayeva Oliya axboroti

Universitet axborot xizmati