Nufuzli anjumandagi nutq
26.09.2025

Shunday nutqlar bo‘ladiki, ular muayyan mamlakatning manfaati uchungina emas, balki dunyo davlatlarining tashvish-u muammolarini, global masalalarini ko‘tarib chiqishi va unga tegishli yechimlarni taklif qilishi bilan alohida ajralib turadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-sentyabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida o‘z ishini boshlagan BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi umumsiyosiy munozaralaridagi nutqi ana shunday ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu nutq mohiyat e’tibori bilan nufuzli anjumandagi zalvorli masalalarni ko‘tarib chiqish bilan noyob nutq bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi.
Chunki u O‘zbekiston Prezidentining dunyo mamlakatlariga o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklikka chaqiruvchi da’vatnomasi bo‘ldi.
Tabiiyki, bu maqsadlar zamirida mamlakat ichida va xalqaro maydondagi siyosatga daxldorlik masalasi bor.
Ichki siyosatda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash, o‘zaro hamjihatlik turli ijtimoiy guruhlar, millatlar va dinlar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash asnosida jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish mavjud. Zeroki, ochiq muloqot va yaqin sheriklik davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlaydi. Bu esa islohotlarning maqsad va vazifalarini aholiga to‘g‘ri yetkazish, ularning qo‘llab-quvvatlashini ta’minlash uchun zarur.
Shuningdek, ochiqlik va shaffoflik bilan korrupsiyaning oldini olish, yaqin sheriklik tadbirkorlar, investorlar va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarur. Bu esa iqtisodiyotning o‘sishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va aholi farovonligining oshishiga olib keladi.
Xalqaro siyosatda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, Global muammolarni hal qilishda ishtirok etish va o‘z navbatida yaqin sheriklik O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini tezlashtiradi. Bu esa mamlakatning eksport salohiyatini oshirish, yangi texnologiyalarni jalb qilish va aholining turmush darajasini yaxshilash uchun muhimdir.
Prezident nutqi bilan tanisharkansiz, undagi chaqiriqlar O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida yangi davrni boshlab berdi deyish mumkin.
O‘zaro hamjihatlik – bu umumiy maqsad yo‘lida birlashish, qiyinchiliklarni birgalikda yengish va yutuqlarni baham ko‘rish demakdir. U nafaqat moddiy, balki ma’naviy qadriyatlarni ham o‘z ichiga oladi. Bu – milliy g‘urur, vatanparvarlik, mehr-oqibat, saxovat kabi tuyg‘ularni rivojlantirish, yosh avlodni yuksak axloqiy fazilatlar ruhida tarbiyalash ham demakdir. Ijtimoiy birlik va totuvlik, siyosiy barqarorlik ham uning zamirida mavjud. Jamiyatda birlik va totuvlik hukm surgan sharoitda siyosiy ekstremizm va radikalizm kabi tahdidlarga qarshi kurashish osonroq bo‘ladi.
Yaqin sheriklik davlat, biznes, nodavlat tashkilotlar va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni anglatadi. Yaqin sheriklik xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, innovatsion texnologiyalarni o‘zlashtirish, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun qulay sharoit yaratadi, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy, siyosiy va madaniy integratsiya jarayonlarida faol ishtirok etishini ta’minlaydi. Bu esa mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, uning iqtisodiy va siyosiy manfaatlarini himoya qilish uchun zarur.
Shavkat Mirziyoyevning bunday chaqiriqlari – bu nafaqat siyosiy shior, balki O‘zbekistonning yangi taraqqiyot yo‘lini belgilab beruvchi strategik konsepsiyadir. Ushbu konsepsiya asosida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning barqaror va izchil rivojlanishini ta’minlash, xalq farovonligini oshirish, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi munosib o‘rnini egallashiga xizmat qiladi.
Prezident nutqida vatanparvar rahbarning fidoyiligi, qat’iy pozitsiyasi va uzoqni ko‘zlovchi strategning nuqtayi nazar bor.
– Hozirgi kunda dunyoda xalqaro institutlarning o‘rni va roli zaiflashmoqda, qarama-qarshilik, nizo va urushlar kuchaymoqda, texnologik va ijtimoiy tengsizlik keskin oshmoqda, iqtisodiy va gumanitar inqirozlar ortib bormoqda. Bularning hammasi mutlaqo yangi, xavotirli geosiyosiy voqelikni vujudga keltirmoqda, – dedi O‘zbekiston rahbari.
Shuning uchun ham unga kalit bo‘luvchi “BMT – 80” tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatladi, mamlakatimiz Kelajak uchun paktga qat’iy sodiqligini tasdiqladi.
Hatto, O‘zbekiston yetakchisi zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, rivojlanayotgan davlatlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashini transformatsiya qilish va uning tarkibini kengaytirishga chaqirdi.
Davlatimiz rahbari demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosati bilan bog‘liq holda mulohazalar bildirarkan, jumladan shunday dedi: "Ustuvor maqsadimiz – mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir."
Aytish joizki, ushbu nutq haqiqat sari, tinchlik va hamjihatlik sari tashlangan eng to‘g‘ri va maqbul qadam o‘laroq qalblarga umid baxsh ayladi. Unda ilgari surilgan g‘oya va tashabbuslar nafaqat Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, balki butun insoniyat taqdiri uchun beqiyos ahamiyatga ega ekani bilan xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otdi va dunyoning turli mintaqa va davlatlarida o‘z ijobiy bahosini olgani ham rost.
O‘zbekiston xalqaro maydonda, mintaqamizda ham hamisha o‘zining tinchliksevar siyosati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lib kelganini butun dunyo davlatlari rahbarlari biladi va tan oladi.
Davlatimiz rahbarining “Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisi”ni O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyormiz, degan so‘zlari ham yuqoridagi mulohazalarning isbotidir.
Islohotlar barqaror rivojlanish namunasi ekanini kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizga tushirilgani, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida erishilgan ulkan natijalar, “yashil” iqtisodiyot va sanoatni rivojlantirish yo‘nalishidagi qadamlar xalqaro ahamiyatga ega ekanidan ham bilish mumkin. Jahon minbaridan bu ham e’tirof etildi. Ayniqsa ta’lim tizimidagi ko‘rsatkichlar ahamiyatga molik bo‘ldi. Maktabgacha ta’lim qamrovining 27 foizdan 78 foizga, oliy ta’lim qamrovining esa 9 foizdan 42 foizga yetkazilgani, pedagog kasbining nufuzini oshirish, Butunjahon professional ta’lim sammitini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi mamlakatimizning ta’lim sohasidagi yetakchi maqsadlarini aks ettirmasdan qolmaydi.
Prezidentimiz nutqida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi roli, gender tenglik masalasi, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” tashabbusi ham e’tibordan chetda qolmadi.
– Yana bir ustuvor masalaga alohida to‘xtalmoqchiman. Ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi o‘sib kelayotgan yosh avlod qo‘lida. Yoshlarimizning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat kabi oliyjanob g‘oyalarni singdirish dolzarb vazifamizdir, – dedi davlatimiz rahbari.
Prezidentimiz nutqida bundan 8-yil avval BMTning mana shu oliy minbaridan e’lon qilingan – Markaziy Osiyoni tinchlik va hamjihatlik makoniga aylantirish g‘oyasi bugun to‘la amalga oshirilgani alohida qayd etilgani e’tiborga molik. Yopiq chegaralar, hal etilmagan bahs va nizolar davri tarixda qoldi. So‘nggi yillarda mintaqamizda o‘zaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha ko‘paydi. Bularning bari Prezident rahnamoligidagi islohotlarning hayotbaxshligidan nishondir.
Sohamizga bevosita daxldor bo‘lgan masalalarga ham e’tibor qaratilgani ahamiyatli bo‘ldi. Xususan, YUNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy habini tashkil etish, mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish bo‘yicha dasturlarni qabul qilish tashabbuslari bilan chiqish e’tirof etildi. Shuningdek, Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etilishi ham ulkan voqeadir.
Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti tobora o‘tkir tus olayotgan iqlim o‘zgarishi muammolariga ham alohida to‘xtaldi. Qayd etilganidek, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida bo‘lishi lozim.
– Biz Orolbo‘yi ekotizimini qayta tiklash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiryapmiz. So‘nggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 million gektar maydonda sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekildi. 2030-yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinadi, – dedi davlat rahbari.
Suv resurslarining taqchilligi muammosiga to‘xtalar ekan, Prezidentimiz O‘zbekistonda Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumini o‘tkazish rejalashtirilganini ta’kidladi. Mazkur anjuman yakunlari bo‘yicha Suv inqirozini barqaror taraqqiyot uchun jiddiy tahdid sifatida belgilash va bu borada global darajada innovatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun alohida “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish mo‘ljallanmoqda.
Ekologik o‘zgarishlarning yana bir salbiy ko‘rinishi – iqlim migratsiyasining kuchayib borayotganidir. Prezidentimiz ushbu yo‘nalishda aniq xalqaro mexanizmlar va huquqiy baza hanuzgacha yaratilmaganini qayd etdi. Shu munosabat bilan bu jiddiy masalada keng xalqaro sheriklik va muvofiqlashtirilgan siyosat yuritish bo‘yicha Global pakt qabul qilishga chaqirdi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan va jahon hamjamiyati tashabbuslar diqqat markaziga qaratilgan: Afg‘onistonda tinchlik va iqtisodiy hamkorlikni ta’minlash; G‘azo va Ukrainadagi muammolarni siyosiy yo‘l bilan hal qilish; Orolbo‘yi ekotizimini tiklash; Suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumini tashkil etish; iqlim migratsiyasiga qarshi Global pakt qabul qilish takliflari nafaqat mintaqaviy, balki global barqaror taraqqiyot yo‘lida amaliy qadam bo‘ldi desak, aslo xato bo‘lmaydi.
Prezident nutqi Yangi O‘zbekistonning ochiqlik, pragmatizm va hamjihatlik siyosatining uzviy ifodasidir, unda yangragan tashabbuslar xalqaro hamjamiyatni tinchlik, barqaror rivojlanish va hamkorlik sari chuqur tahlil va o‘zaro manfaatlar aks etgan muhim siyosiy pozitsiyadir deb baralla aytish mumkin.
Mamlakatimiz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qat’iy intilishini tasdiqlab, Prezident O‘zbekiston 2030-yilga borib “daromadi o‘rtadan yuqori” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yganini ta’kidladi.
Shuni alohida e’tirof etish joizki, Markaziy Osiyo davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida samarali mexanizmga aylandi.
– Shuni qat’iy ishonch bilan aytishim mumkinki, bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi. Mintaqamiz o‘zining hamjihatligi, barqarorligi, o‘ziga xosligi bilan xalqaro munosabatlar tizimida alohida subyekt sifatida tobora mustahkam o‘rin egallamoqda, – dedi Prezident.
Bundan tashqari, Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusi ham ilgari surildi.
– Biz BMT rezolyutsiyalariga muvofiq, “ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyilini amalga oshirishning qat’iy tarafdorimiz, – dedi u yuksak minbardan turib.
Prezidentimiz Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi.
Xalqaro tranzit koridorlarining xavfsizligini ta’minlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish maqsadida “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etishga chaqirdi.
Shavkat Mirziyoyevning nufuzli anjumandagi nutqi Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdori ekani xususidagi adolatli bong, da’vatkor xitob o‘rnida yangradi.
Universitet matbuot xizmati





