Hamkor universitetda iqlim o‘zgarishlari kursi tashkil qilindi

04.08.2025

#Xalqaro hamkorlik #Yangilik

  Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil mintaqalar global iqlim o‘zgarishlariga juda sezgir va uning dinamikasiga sezilarli hissa qo‘shadi. Global isish bilan ushbu hududlar ko‘proq ekstremal ob-havo hodisalari va ikkilamchi ofatlardan kelib chiqadigan tahdidlarga duch kelmoqda, bu esa ekologik va barqaror rivojlanishdagi muammolarni yanada kuchaytiradi. Atrof-muhit va iqlim xavfsizligi, bu yo‘nalishdagi xavflarni kamaytirish mintaqada joylashgan davlatlar uchun juda muhimdir. Universitetimizni Xitoy xalq respublikasidagi hamkorlaridan biri Lanchjou universitetida iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha “Bir makon bir yo‘l” dasturi doirasida 21-iyul 2-avgust kunlari xalqaro o‘quv kursi tashkil etildi. Ushbu kurs rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida iqlim o‘zgarishini tadqiq qilish uchun hamkorlik tarmog‘ini yaratish, iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchanlik va yumshatuvchi imkoniyatlarni oshirish, shu yo‘nalishlarda bilimlar va texnik almashinuvni yo‘lga qo‘yish, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, mintaqada yashil va barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish kabi masalalarni qamrab oldi. Kursda Jazoyir, Misr, Pokiston, Iroq, Nepal, Kamerun kabi davlatlardan 18 tinglovchi ishtirok etdi. Universitetimizning Traktorlar va avtomobillar kafedrasi mudiri, dotsent Mansur Amonov ushbu kursda ma’ruzachi sifatida Iqlim o‘zgarishlari va atmosfera havosini ifloslanishi mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Kursda shuningdek Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Misr, Jazoyir, Pokiston, Tojikiston, kabi davlatlar olimlarini kurs yo‘nalishiga bog‘liq ma’ruzalari tinglandi. Kursda ma’ruzachi sifatida ishtirok etgan Xitoy xalq respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi Jianping Huang ma’ruzachi va ishtirokchilarga “Yarim qurg‘oqchil hududlarda iqlim o‘zgarishi” nomli kitobini taqdim qildi.    

Traktorlar va avtomobillar kafedrasi axboroti