2025/2026-o‘quv yili uchun test sinovlari boshlandi
14.07.2025

Bugun, 2025-yil 14-iyuldan boshlab, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari rasman boshlandi. Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan tashkil etilgan ushbu muhim jarayon butun respublika bo‘ylab belgilangan test markazlarida ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazilmoqda.
Test sinovlari har kuni 2 smenada tashkil etilib, abituriyentlar pasport yoki ID-karta hamda testga kirish ruxsatnomasi orqali binolarga kiritilmoqda. Jarayon xavfsizlik, adolat va tartib-intizom talablariga qat’iy rioya qilingan holda olib borilmoqda — metallodetektorlar, videokuzatuv tizimlari hamda maxsus nazorat guruhlari jalb etilgan. Joriy yilda ham test sinovlari test2025.uz sayti orqali onlayn translyatsiya qilib boriladi va keng jamoatchilik jarayonlarni onlayn kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“UzExpoMarkaz”da “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetiga biriktirilgan punktda test jarayonlari izchil tashkil etilgan. Prorektorlar, fakultet dekanlari, qabul komissiyasi xodimlari hamda volontyorlar maxsus tasdiqlangan grafik asosida navbatchilik olib bormoqda. Ular abituriyentlarning test binolariga tartibli kirishini ta’minlab, yo‘riq va amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, ota-onalar va kuzatuvchilar uchun kutish hududlarida zarur qulayliklar yaratilgan, tegishli shart-sharoitlar bilan ta’minlangan.
Barcha abituriyentlarga test sinovlarida omad tilaymiz!











