Shveysariya elchixonasi vakillari va xalqaro tashkilotlar bilan suv resurslarini boshqarish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi

04.07.2025

#Rektordan #Xalqaro hamkorlik

  “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida Shveysariya elchixonasi, xalqaro hamkor tashkilotlar va O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish Milliy loyihasi doirasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda suv resurslarini samarali boshqarish, kadrlar tayyorlash va ilmiy-tadqiqot sohalarida hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvda quyidagi mehmonlar ishtirok etdilar:

  • Andrin Fink – Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi missiya rahbari o‘rinbosari, hamkorlik bo‘limi boshlig‘i;
  • Shoxrux Avazov – Shveysariya elchixonasi milliy dastur koordinatori;
  • Omina Islamova – O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish Milliy loyihasi rahbari;
  • Sobitjon Mamatov – Suvdan samarali foydalanish bo‘yicha mutaxassis;
  • Sanjar Rahmonov – Bilimlarni boshqarish bo‘yicha koordinator;
  • Oyture Anarbekov – “CR-IWRM Zarafshan” loyihasi bo‘yicha konsorsium vakili va Caritas Switzerland katta texnik maslahatchisi;
  • Nodirbek Rakhimjonov – CARECning O‘zbekistondagi davlat direktori.

  Uchrashuvda “Suv resurslaridan samarali foydalanish” o‘quv qo‘llanmasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Qo‘llanmani Sobitjon Mamatov taqdim qilib, uning tarkibiy qismlari, mualliflari va undagi ma’lumotlar ko‘lami haqida batafsil tushuntirish berdi.

  Universitet rektori Bahodir Mirzayev ushbu qo‘llanmaning amaliy va nazariy jihatdan boy ma’lumotlarga ega ekanini e’tirof etdi hamda bu qo‘llanma suv mutaxassisi vakillari uchun foydali dastur amal bo‘lishini ta’kidladi.

  Shveysariya elchixonasi vakili janob Andrin Fink o‘z nutqida mavjud hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, xususan Suvchilar maktabi, o‘quv poligoni va undagi meteostansiyalardan foydalanish masalalarida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

  Shuningdek, xalqaro forum va konferensiyalarni hamkorlikda tashkil etish g‘oyasi ilgari surildi. Janob Andrin Fink universitet tomonidan yo‘lga qo‘yilayotgan “Suv diplomatiyasi” magistratura dasturini dolzarb va ayni muddao ekani sifatida yuqori baholadi.

  Mazkur uchrashuv xalqaro miqyosda suv resurslarini boshqarish sohasida hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish, ilm-fan va ta’lim integratsiyasini chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.