Oltin avlodga ishonch

30.06.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari


Yoshlarga eʼtibor jamiyatning istiqboliga daxldor masala.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan uchrashuvdagi nutqida xuddi shu gʻoya ustuvorlik qildi.  Oʻzbekiston yoshlarini ushbu qutlugʻ ayyom bilan tabriklab, ularga mehri va ishonchini bildirdi Prezident.

Mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar aniq natijalar berayotgani qayd etildi. Oʻtgan yili yurtimiz yoshlari “TOP-500”talik oliygohlarga kirish boʻyicha Markaziy Osiyoda 1-oʻrinni egalladi. Bugungi kunda 30 nafar yigit-qiz dunyodagi “TOP-10”, 500 nafari “TOP-100” va 1 ming 500 nafari “TOP-300”dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olmoqda.

Yurtdoshlarimiz sanʼat, sport sohalarida ham katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Yaqinda futbol boʻyicha milliy terma jamoamiz tarixda ilk bor jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi.

– Birinchi va ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan boʻlsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda. Ishonchim komil, sizlar barcha sohalarda mamlakatimiz bayrogʻini baland koʻtarishga qodirsiz. Sizlar – Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz, – deya taʼkidladi Prezident.

Har bir millatning kelajagi uning yoshlariga bogʻliq. Zero, yurt istiqboli, maʼnaviy taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikning mustahkam poydevori aynan yosh avlod qalbida quriladi. Shu maʼnoda, yoshlarni “oltin avlod” deb atash bekorga emas. Chunki ularning dunyoqarashi, intilishi va fidoyiligi orqali jamiyat ravnaqi taʼminlanadi.

Mamlakatimizda yoshlarning har tomonlama kamol topishi, ularning huquq va manfaatlarini taʼminlash, zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “yoshlar — yangi Oʻzbekiston poydevori, kelajagi va kuchli tayanchi”dir. Shu bois, yoshlar siyosati davlat darajasida ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan. Oltin avlod bu — nafaqat bilimli va bilimga chanqoq, balki yuksak maʼnaviyatli, vatanparvar, zamonaviy texnologiyalarga oshno, jamiyatda oʻz oʻrnini topa olgan shaxsdir. Ular Vatan, millat va insoniyat kelajagini oʻylaydigan, masʼuliyatni his etadigan fidoyi yigit-qizlardir. Ayniqsa, taʼlim-tarbiya tizimida yoshlarni mustaqil fikrlovchi, mulohazakor boʻlishlari ahamiyatga molik. 

Shuningdek, yoshlarni maʼnaviy xazinamiz — buyuk ajdodlar merosidan bahramand etish, milliy oʻzlikni anglatish, ulugʻ allomalar hayoti va faoliyatini oʻrgatish orqali ular qalbida faxr va gʻurur tuygʻularini shakllantirish kerak. Bunday tarbiya olgan yoshlar xorij taʼsiriga tushib qolmasdan, oʻz yoʻlini topadi.

Bugungi yoshlar — ertangi rahbarlar, olimlar, muallimlar, muhandislar, ziyolilar. Ular Oʻzbekistonni dunyo miqyosida munosib namoyon etadigan buyuk avlod boʻlmogʻi kerak. Buning uchun esa biz — kattalar, ularga ishonishimiz, foydali shart-sharoit yaratishimiz, kerak boʻlsa yelkadosh boʻlishimiz zarur.

Yoshlarga sifatli taʼlim-tarbiya berish, xorijiy tillarni oʻrgatish, kasb egallab, hayotda munosib oʻrin topishiga koʻmaklashish – davlatimizning asosiy vazifasiga aylangan. Bunda zamon talabidan kelib chiqib, zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Jumladan, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yoshlar oʻqitilgan. Oʻtgan yili 150 mingdan ziyod yigit-qiz xalqaro til sertifikatlari olgan, bu – 2023 yilga nisbatan 2 baravar koʻp. Bu yil 35 milliard dollarlik 8 ming 300 ta loyiha orqali 292 mingta ish oʻrni yaratilmoqda. Yana 500 mingta ish oʻrni yaratadigan 83 milliard dollarlik loyihalar rejalashtirilgan. Natijada “yashil” iqtisodiyot, sanoat, energetika, geologiya, muhandislik va boshqa sohalarda minglab mutaxassislarga talab paydo boʻladi.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari yoshlarga imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni bildirdi.

Eng avvalo, ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika, energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xoʻjaligi kabi drayver sohalar uchun kvotalar oshirilmoqda. Endi banklar “TOP-300” talik oliygohga kirgan yoshlarga 20 ming dollargacha imtiyozli kredit beradi.

Sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha bank-moliya, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi va energetika ustuvor yoʻnalish sifatida belgilanib, 100 ta loyiha amalga oshiriladi. Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari” dasturi ishga tushiriladi.

Startaplarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizim yaratilib, ularni moliyalashtirishga 145 million dollar venchur sarmoya kiritildi. Endi bu mablagʻ 1 milliard dollarga yetkaziladi. Maktablarda oʻquvchilar uchun “mohirlik va biznes soati” kiritilib, ularning gʻoyasini startapga aylantirishga 100 milliard soʻm grant yoʻnaltiriladi.

Oliygohlar oʻrtasida ham startaplar boʻyicha har yili “Eng yaxshi kreativ gʻoya” tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblarga oliygoh jamgʻarmasidan 300 million soʻmgacha grant beriladi.

Bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi Milliy bank bilan birga yil yakunigacha oliygoh, texnikum, kasbiy taʼlim bitiruvchilarini ish beruvchilar bilan bogʻlaydigan platformani ishga tushiradi. “Harakatda daromad” elektron tizimi yaratilib, taʼtildagi 3 million yoshlar malaka talab qilmaydigan ishlarga jalb qilinadi.

Soʻnggi yetti yilda boshqaruv kadrlari tarkibi ancha yosharib, 40 yoshgacha boʻlgan rahbarlar ulushi 37 foizdan 65 foizga oshdi. Oʻtgan oyda istiqbolli kadrlar tayyorlash va ularni davlat boshqaruviga jalb etish boʻyicha Prezident farmoni imzolandi.

Endi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Kelajak liderlari” dasturi boʻyicha har yili 100 nafar salohiyatli yoshlar oʻqitiladi. Ular vazir va hokimlarga biriktirilib, tajriba orttiradi, xorijiy stajirovkaga yuboriladi. Dasturni tamomlagan yoshlar rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod boʻladi.

Yoshlar taʼlim-tarbiyasida kitobsevarlik, sanʼat va madaniyatning ahamiyati katta. Shu bois bu yoʻnalishdagi tanlovlarda gʻolib boʻlganlar chekka hududlardagi maktablarga borib, chiqishlar qiladi. Buning uchun viloyat hokimlari bittadan avtobus olib beradi.

Respublika tanlovi gʻoliblariga madaniyat va sanʼat oliygohlariga kirishda imtiyoz beriladi. “Iqtidor” maktab ansambli tanlovining viloyat bosqichi gʻoliblari Bolalar va musiqa sanʼat maktablarida bepul oʻqitiladi. Yosh avlodda vatanparvarlikni kuchaytirish, turli zararli taʼsirlardan asrash masalasi ham dolzarb. Poytaxtimizdagi “Gʻalaba bogʻi”da ochilgan “Millat fidoyilari” monumentidan maqsad ham shu. U yerda el-yurtimiz tinchligi yoʻlida aziz jonini fido qilgan 196 nafar mard va jasur harbiylarimiz, huquq-tartibot idoralari xodimlarining nomlari muhrlangan. Bu qutlugʻ maskanni ziyorat qilgan yoshlarda Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusi yanada yuksalishi taʼkidlandi.

Prezidentimiz yoshlarning bilim va iqtidorini eʼtirof etib, ular bilan gʻururlanishini taʼkidladi.

– Sizlarning har bir yutugʻingiz – butun xalqimizning yutugʻidir. Azmu shijoatingiz, sogʻlom dunyoqarashingiz, baxtu iqbolingiz – millionlab ota-onalar, ustoz-murabbiylar, yaqinlaringizning ham baxtu saodatidir, – dedi davlat rahbari.

“Yoshlar — oltin avlod” degan ibora bugun yuraklardan joy olgan, katta maʼnoga ega satrdir. Bu ibora ortida katta ishonch, ulugʻ maqsad va yuksak masʼuliyat mujassam. Mazkur oltin avlodga taʼlim va tarbiya orqali ilmiy, axloqiy, madaniy va maʼnaviy boyliklarimiz meros boʻlib oʻtishi lozim. Zero, kelajak ular qoʻlida, ular esa bugun bizning nazarimizda.

Rahimboy Jumaniyozov

Professor, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi