Kasbiy ingliz tili kursi muvaffaqiyatli yakunlandi
30.06.2025

Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha mutaxassislar uchun ingliz tili kursi o‘z nihoyasiga yetdi.
“TIQXMMI”
Milliy tadqiqot universitetida 2025-yil yanvar oyida boshlangan va besh oy
davom etgan “Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha mutaxassislar uchun
professional ingliz tili” kursi joriy yilning 30 iyun kuni rasman yakunlandi.
Ushbu o‘quv kursi AQSh Davlat Departamenti tomonidan moliyalashtirilgan “ESP in
Uzbekistan (O‘zbekistonda maxsus maqsadlar uchun ingliz tili)” granti doirasida
tashkil etildi.
Mazkur
kurs gidrologiya va suv resurslari sohasida faoliyat yuritayotgan
mutaxassislarning ingliz tilini kasbiy va ilmiy nuqtai nazardan puxta
egallashiga qaratilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi – texnik atamalar, ilmiy
matnlar, hisobotlar va taqdimotlar bilan ishlash, shuningdek, xalqaro
konferensiyalarda qatnashish uchun zarur bo‘lgan ilmiy va nutqiy ko‘nikmalarni
rivojlantirishdan iborat edi. Kursda nafaqat “TIQXMMI” Milliy tadqiqot
universiteti gidrologiya sohasidagi mutaxassislari va izlanuvchilari, balki
Toshkent davlat agrar universiteti hamda Suv xoʻjaligi vazirligi qoshidagi Irrigatsiya
va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti xodimlari ham jalb qilinib,
oʻqitildi.
Mashgʻulotlar
haftasiga uch kun davomida Michigan Davlat Universiteti professorlari hamda
mahalliy oʻqituvchilar tomonidan yuqori darajada va global yondashuv asosida
olib borildi. Shuningdek, loyiha
doirasida trener-ustozlar tomonidan maxsus o‘quv qo‘llanma ham ishlab chiqildi.
Kursning
yopilish marosimida universitet rahbariyatidan tashqari AQShning Toshkentdagi
elchixonasi vakillari ham ishtirok etishdi. Kurs soʻngida qatnashuvchilar
sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Ushbu loyiha O‘zbekistonda texnik sohalarda ingliz tilini o‘rgatishning muvaffaqiyatli namunasi sifatida boshqa sohaga oid ESP (English for Specific Purposes) loyihalari uchun ham ibrat bo‘la oladi.













