Kasbiy ingliz tili kursi muvaffaqiyatli yakunlandi

30.06.2025

#Ta`lim #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha mutaxassislar uchun ingliz tili kursi o‘z nihoyasiga yetdi.

“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetida 2025-yil yanvar oyida boshlangan va besh oy davom etgan “Suv resurslarini boshqarish bo‘yicha mutaxassislar uchun professional ingliz tili” kursi joriy yilning 30 iyun kuni rasman yakunlandi. Ushbu o‘quv kursi AQSh Davlat Departamenti tomonidan moliyalashtirilgan “ESP in Uzbekistan (O‘zbekistonda maxsus maqsadlar uchun ingliz tili)” granti doirasida tashkil etildi.

Mazkur kurs gidrologiya va suv resurslari sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning ingliz tilini kasbiy va ilmiy nuqtai nazardan puxta egallashiga qaratilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi – texnik atamalar, ilmiy matnlar, hisobotlar va taqdimotlar bilan ishlash, shuningdek, xalqaro konferensiyalarda qatnashish uchun zarur bo‘lgan ilmiy va nutqiy ko‘nikmalarni rivojlantirishdan iborat edi. Kursda nafaqat “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti gidrologiya sohasidagi mutaxassislari va izlanuvchilari, balki Toshkent davlat agrar universiteti hamda Suv xoʻjaligi vazirligi qoshidagi Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy tadqiqot instituti xodimlari ham jalb qilinib, oʻqitildi.

Mashgʻulotlar haftasiga uch kun davomida Michigan Davlat Universiteti professorlari hamda mahalliy oʻqituvchilar tomonidan yuqori darajada va global yondashuv asosida olib borildi.  Shuningdek, loyiha doirasida trener-ustozlar tomonidan maxsus o‘quv qo‘llanma ham ishlab chiqildi.

Kursning yopilish marosimida universitet rahbariyatidan tashqari AQShning Toshkentdagi elchixonasi vakillari ham ishtirok etishdi. Kurs soʻngida qatnashuvchilar sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Ushbu loyiha O‘zbekistonda texnik sohalarda ingliz tilini o‘rgatishning muvaffaqiyatli namunasi sifatida boshqa sohaga oid ESP (English for Specific Purposes) loyihalari uchun ham ibrat bo‘la oladi.