“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti prorektori Turkiy davlatlar akademik konferensiyasida ishtirok etdi
29.06.2025

2025-yil 25–26 iyun kunlari Vengriya poytaxti Budapesht shahrida Turkiy Davlatlar Tashkilotining “I - Akademik Konferensiyasi” bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli xalqaro tadbir tashkilotning Vengriyadagi vakolatxonasi, Vengriya Madaniyat va Innovatsiyalar vazirligi hamda Óbuda Universiteti hamkorligida tarixiy Ybl-villa binosida tashkil etildi. Konferensiyaning asosiy maqsadi – turkiy davlatlar o‘rtasida oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot sohalarida hamkorlikni mustahkamlash, istiqboldagi tashabbuslarni muhokama qilish va universitetlararo aloqalarni kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Mazkur konferensiyada “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Shokirov Shuxrat Sobirovich ham faol ishtirok etdi. U o‘z taqdimotida universitetning ilmiy-innovatsion faoliyati, amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar hamda Turkiy Davlatlar Tashkiloti universitetlari bilan olib borilayotgan ilmiy va akademik hamkorlik tajribasi haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, Sh.Shokirov ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun yetakchi universitetlar, elchixonalar va tegishli vazirliklar vakillaridan iborat maslahat kengashini tuzish taklifini ilgari surdi. Unga ko‘ra, ushbu kengash fond faoliyatini muvofiqlashtirish, tashkiliy va moliyaviy mexanizmlarni ishlab chiqish bo‘yicha markaziy rolni bajaradi. Mazkur tashabbus konferensiya ishtirokchilari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.
Konferensiya yakunida navbatdagi uchrashuvni 2026-yil boshida Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazish rejalashtirilayotgani e’lon qilindi. Ishtirokchilar bu tashabbusni mamnuniyat bilan qabul qilib, turkiy davlatlar o‘rtasidagi ilmiy va ta’limiy aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etdilar.
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti mazkur konferensiyada ishtirok etishi orqali turkiy hamjamiyat doirasida ilm-fan, innovatsiya va ta’lim sohalarida hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashi va rivojlantirishga hissa qo‘shishini namoyon qildi.



