Taʼlim sifati va samaradorligini oshirish yo‘lida

19.06.2025

#Ta`lim

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-yanvardagi 11-sonli qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek oliy ta’lim tizimida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash orqali taʼlim sifatini va samaradorligini yanada oshirish maqsadida, “Gidrotexnika qurilishi” fakultetining Irrigatsiya tizimlarida gidroenergetika obyektlari ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabalari uchun ishlab chiqarish amaliyoti Namangan viloyatida, Norin daryosi bo‘yida joylashgan Norin GESlar kaskadi qurilish obyektida tashkil etildi. Mazkur amaliyot talabalarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularni kelgusida mutaxassis sifatida tayyorlash jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi.

 Amaliyot davomida talabalar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha real ishlab chiqarish sharoitida bevosita ishtirok etishdi: irrigatsiya tizimlarida suv energiyasidan foydalanishga mo‘ljallangan gidroenergetik qurilmalarni loyihalash va konstruktiv yechimlarini ishlab chiqish; GES qurilishining bosqichlari, inshootlar qurilishi va montaj ishlari, qurilish materiallari va uskunalar bilan tanishish; gidravlik mashinalarda kechadigan ishchi jarayonlarni dala sharoitida kuzatish, ularning samaradorligini baholash; obyektlarda olib borilayotgan muhandislik-texnik hisob-kitoblar bilan tanishish va ularni bajarish bo‘yicha dastlabki amaliy tajribaga ega bo‘lish.

Shuningdek, talabalar gidroenergetika sohasida zamonaviy texnologiyalar, ilg‘or qurilish-uskunalar, energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlar bilan tanishishdi. Bu jarayon ularning kasbiy salohiyatini oshirish, mustaqil fikrlash va muammolarni joyida hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.

Mazkur amaliyot natijasida talabalar kelgusida irrigatsiya va gidroenergetika sohasida samarali faoliyat yuritishlari uchun muhim bo‘lgan nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitdilar.