Taʼlim sifati va samaradorligini oshirish yo‘lida
19.06.2025

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-yanvardagi 11-sonli qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek oliy ta’lim tizimida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash orqali taʼlim sifatini va samaradorligini yanada oshirish maqsadida, “Gidrotexnika qurilishi” fakultetining Irrigatsiya tizimlarida gidroenergetika obyektlari ta’lim yo‘nalishi 3-bosqich talabalari uchun ishlab chiqarish amaliyoti Namangan viloyatida, Norin daryosi bo‘yida joylashgan Norin GESlar kaskadi qurilish obyektida tashkil etildi. Mazkur amaliyot talabalarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ularni kelgusida mutaxassis sifatida tayyorlash jarayonining ajralmas qismi hisoblanadi.
Amaliyot davomida talabalar
quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha real ishlab chiqarish sharoitida bevosita
ishtirok etishdi: irrigatsiya tizimlarida suv energiyasidan foydalanishga
mo‘ljallangan gidroenergetik qurilmalarni loyihalash va konstruktiv
yechimlarini ishlab chiqish; GES qurilishining bosqichlari, inshootlar
qurilishi va montaj ishlari, qurilish materiallari va uskunalar bilan
tanishish; gidravlik mashinalarda kechadigan ishchi jarayonlarni dala
sharoitida kuzatish, ularning samaradorligini baholash; obyektlarda olib borilayotgan
muhandislik-texnik hisob-kitoblar bilan tanishish va ularni bajarish bo‘yicha
dastlabki amaliy tajribaga ega bo‘lish.
Shuningdek, talabalar gidroenergetika
sohasida zamonaviy texnologiyalar, ilg‘or qurilish-uskunalar, energiya
samaradorligini oshirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlar bilan
tanishishdi. Bu jarayon ularning kasbiy salohiyatini oshirish, mustaqil
fikrlash va muammolarni joyida hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga
xizmat qildi.
Mazkur amaliyot natijasida talabalar
kelgusida irrigatsiya va gidroenergetika sohasida samarali faoliyat
yuritishlari uchun muhim bo‘lgan nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan
boyitdilar.





