“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti “THE Impact Ranking – 2025” reytingida dunyoning top 300 universitetlari safidan joy oldi

18.06.2025

#Reyting

Turkiya davlatining Istanbul shahrida o’tkazilayotgan Global barqaror rivojlanish kongressi (Global Sustainability Development Congress – GSDC 2025) tadbiri davomida dunyoning yetakchi xalqaro reyting agentligi – Times Higher Education (THE) tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning “Barqaror rivojlanish maqsadlari” (BRM) bo’yicha universitetlar reytingi – “THE Impact Ranking – 2025” natijalari e’lon qilindi. Quvonarlisi shundaki, ushbu reytingda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti o’tgan yilgi ko’rsatkichiga nisbatan birdaniga 400 pog’ona ko’tarilib, dunyoning saralab olingan jami 2318 ta universitetlari orasida top-201 o’rinda, O’zbekiston OTMlari orasida 1-o’rinda qayd etildi.

Ushbu reyting tizimi BMT tomonidan belgilangan 17 ta BRMga yoʻnaltirilgan universitetlarning faoliyatini baholashga qaratilgan boʻlib, “TIQXMMI” MTU ushbu reytingda quyidagi BRM (SDG)lar bilan ishtirok etdi va dunyo universitetlari orasida har biri boʻyicha 2024 yilgi natijalarini sezilarli darajada yaxshilashga muvaffaq bo’ldi:

SDG 2-Zero Hunger (ocharchilikka yo’l qo’ymaslik) – #16 oʻrin (2024 yilda 59 o’rin)

SDG 6- Clean water and sanitation (toza suv va sanitariya) – #201-300 oʻrin (2024 yilda 101-200 o’rin)

SDG 7- Affordable and clean energy (arzon va toza energiya) – #14 oʻrin (2024 yilda 81 o’rin)

SDG 13- Climate action (iqlim harakati) – #101-200 oʻrin (2024 yilda ham 101-200 o’rin)

SDG 17- Partnership for the goals (maqsadlarga erishish yo’lida hamkorlik) – #401-600 oʻrin (2024 yilda ham 401-600)

OVERALL (umumiy) – #201+ oʻrin (2024 yilda 601+)

Xususan, 2 ta BRM (SDG2 va SDG7) bo’yicha dunyoning TOP 20 universitetlar qatoridan o’rin olganini alohida takidlash lozim.

Ushbu ulkan natija bilan universitet rahbariyati va jamoasini tabriklaymiz. Bu yutuq universitetimizning oldiga belgilab olgan aniq strategiyasi va jamoaning samarali mehnati natijasi ekanligini alohida e’tirof etish lozim.