Istanbuldagi xalqaro kongressda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti moderatorligida O‘zbekiston universitetlari maxsus sessiyasi tashkil etildi
17.06.2025

2025-yil
16-19-iyun kunlari Istanbul shahrida bo‘lib o‘tayotgan Global Sustainable
Development Congress (GSDC 2025) — Times Higher Education (THE) xalqaro
reyting agentligi tomonidan tashkillashtirilgan eng yirik xalqaro ilmiy
forumlardan biri sanaladi. Mazkur kongress butun dunyodan 5000 dan ortiq ilmiy
tashkilotlar, universitetlar va mutaxassislarni jamlab, Barqaror rivojlanish
maqsadlari (SDGs) doirasida ta’lim va ilm-fan salohiyatini muhokama qilish
va bu bo’yicha xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Ushbu
xalqaro forum doirasida O’zbekiston universitetlari ishtirokida tashkil etilgan
“Uzbekistan spotlight: Uzbek universities’ role in advancing green energy
and industry” (O‘zbekiston diqqat markazida: mamlakat universitetlarining
yashil energetika va sanoatdagi roli) mavzusidagi maxsus sessiyada “TIQXMMI”
Milliy tadqiqot universiteti faol ishtirok etdi.
Xususan,
mazkur sessiyada “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti Xalqaro reyting
bo‘limi boshlig‘i Ilhom Abdurahmanov moderatorlik vazifasini amalga oshirdi.
Bu universitetimizga nafaqat ilmiy, balki tashkilotchi sifatida ham yuqori
ishonch bildirilayotganligidan dalolat beradi.
Sessiyada
O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari yashil energiya
resurslari, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, suv resurslarini
boshqarish, sanoatni avtomatlashtirish va ta’limning barqaror rivojlanish
maqsadlariga (BRM) integratsiyasi kabi dolzarb masalalarda o’zlari faoliyat
yuritayotgan universitetlar tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslarni
yoritib berishdi.
“TIQXMMI”
Milliy tadqiqot universiteti vakili sifatida sessiyada qatnashgan Ezozbek
Ozodov o‘z taqdimotida universitet tomonidan ishlab chiqilgan quyosh
energiyasiga asoslangan qishloq xo‘jaligi texnikalari, sun’iy intellekt
asosidagi irrigatsiya tizimlari va ilmiy-tadqiqot salohiyatini yoritib berdi.
Ushbu ishlanmalar nafaqat mahalliy, balki xalqaro ilmiy hamjamiyatda ham katta
qiziqish uyg‘otdi.
Jumladan,
sessiya yakunida Buyuk Britaniyaning SUMS Consulting kompaniyasi eksperti
Dr. Thomas Owen-Smith aynan “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti
tomonidan ilgari surilgan ishlanmalarga yuqori baho berdi. U
O‘zbekistondagi yashil energetika bo‘yicha ilmiy salohiyatni e’tirof etdi hamda
ushbu sohadagi hamkorlik imkoniyatlariga katta qiziqish bildirdi.
“TIQXMMI”
Milliy tadqiqot universitetining GSDC 2025dagi ishtiroki — bu nafaqat ilmiy
yutuqlarni targ‘ib qilish, balki O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini global
sahnada tanitish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.



