Faol, halol ayol timsoli
13.06.2025

("Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi» faxriy unvoni sohibasi Shakarjon Xoʻjaniyozova xotirasiga bagʻishlanadi)
Umr mazmuni, taqdiri, butun faoliyati oʻz yurtiga, yerga, elga bogʻlangan inson doimo barhayotdir. Buni
faol va halol inson Shakarjon Xoʻjaniyozova timsolida his etish qiyin
emas. U butun faoliyati davomida Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va oʻz kasbiga yuksak sadoqati bilan xizmat qilib yurtimiz faxriga aylandi.
Agar hayot boʻlganlarida 70 yoshni qarshilagan boʻlardilar. Ogʻir va masʼuliyatli rahbarlik vazifasini sidqidildan bajarib, har ikkala
Prezidentimiz ehtiromini qozongan, koʻplab insonlarga hayotda yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan, qoʻllab-quvvatlagan va ilhom bagʻishlagan fidoyi ayol sifatida u bir umr xotiramizga muhrlangan.
Kuni kecha Xorazm viloyatining poytaxti Urganch shahridagi Ogahiy nomli
musiqali drama teatrida Shakarjon Xoʻjaniyozova xotirasiga bagʻishlangan katta maʼnaviy tadbir tashkil etildi. Unda
respublikamiz poytaxtidan bir guruh nufuzli mehmonlar va keng qatlamli
ziyolilar ishtirok etishdi.
Tadbirni viloyat hokimi Joʻrabek Rahimov kirish nutqi bilan
ochib berdi. Soʻngra Bosh vazir oʻrinbosari Zulayho Mahkamova Prezidentimizning inson qadri aziz, xotira
muqaddasligi gʻoyasi Yangi Oʻzbekistonning shukuhiga mezon ekanligini uqtirib, Shakarjon Xoʻjaniyozovaning hayot yoʻlini ibrat qilib koʻrsatdi.
Oʻzbekiston, Qoraqalpogʻiston va Tojikiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev oʻz xotiralari bilan oʻrtoqlashdi.
Keyin esa Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligigini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot
universitetining matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov universitet rektori
Bahodir Mirzayevning xotira tadbiri tashkilotchilariga yoʻllagan minnatdorlik izhorlari, esdalik sovgʻalari hamda Shakarjon Xoʻjaniyozovaning talabalik paytidagi
surati aks etgan ulkan portretni topshirdi. Zalda gulduros qarsaklar yangradi. Sovgʻalarni viloyat hokimining oʻrinbosari, Shakarjon opaning oʻgʻli Botir Ozodovich Saidov qabul
qilib oldi.
Oliy taʼlim muassasamizning 1972–1977 yillarda tahsil olgan sobiq talabasi sifatida Shakarjon Yusubovna
bizning faxru iftixorimizdir desak, mubolagʻa boʻlmaydi. U talabalik paytidayoq oʻzining tirishqoqligi, izlanuvchan va bilimdonligi bilan ajralib turgan,
hatto, sobiq Lenin nomidagi stipendiya gʻolibasi ham boʻlgan.
Shakarjon Yusubovna oʻzining bilimga chanqoqligi,
mehnatsevarligi va vijdonan faoliyati bilan nafaqat oʻz hamkasblari, balki koʻplab shogirdlari va yosh avlod uchun
ham chinakam ibrat boʻlgan. Uning hayot yoʻli va kasbiy faoliyati bugungi kunda ham xotiralarda qadrlanadi va ulugʻlanadi.
U kishining ezgu nomi, samimiy fazilatlari va fidoyilik bilan oʻtgan hayoti universitetimiz tarixida oʻchmas iz qoldirdi. Tirikligidayoq oʻziga haykal qoʻya olgan sobiq talabamiz uchun
universitetimiz muzeyida alohida burchak ajratilgan boʻlib talabalarimiz kun ora kirib ularning shonli hayot yoʻlidan ibrat olishmoqda.
Universitet
matbuot xizmati









