“TIQXMMI” MTU professor-o‘qituvchilari Nireghaza universitetida tashkil etilgan xalqaro konferensiya va treningda ishtirok etishdi

11.06.2025

#Ilmiy faoliyat #Xalqaro hamkorlik #Yangilik

2025-yilning 2-6-iyun kunlari “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti (“TIQXMMI” MTU) delegatsiyasi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilayotgan “AL-6222052520: Geofazoviy usullar orqali organik va an’anaviy dehqonchilikni qo‘llab-quvvatlash” (SOCFarm) mavzusidagi xalqaro amaliy loyiha doirasida Vengriyaning Nireghaza universitetiga tashrif buyurdi. Jumladan, delegatsiya tarkibida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Shuhrat Shokirov, Xalqaro reyting bo’limi boshlig’i Ilxom Abduraxmanov, Ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar bo’lim boshligi Ulug‘bek Qo‘ziyev, “Tuproqshunoslik va dehqonchilik” kafedrasi mudiri Obid Xaqberdiyev, “Davlat kadastrlari” kafedrasi mudiri Zohid Mamatqulov, “Yer resurslarini boshqarish” kafedrasi katta o’qituvchisi Muhiddin Akbarov, “Gidrotexnika inshootlari va muhandislik konstruksiyalari” kafedrasi assistenti Xojiakbar Xasanov hamda “Geoinformatika” ixtisosligi tayanch doktoranti Nozimjon Teshayev ushbu universitetda tashkil etilgan xalqaro konferensiya va treningda ishtirok etishdi.

Tashrif doirasida mehmonlarni Nireghaza universitet prezidenti professor János Harskuti boshchiligidagi ilmiy jamoa kutib oldi. Uchrashuv davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni sifatli amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Delegatsiya Nyíregyháza universitetida tashkil etilgan “Sustainable Geospatial Solutions for a Changing World” (O‘zgarayotgan dunyo uchun barqaror geoaxborot yechimlari) mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi. Anjumandan avval mahalliy matbuot vakillari ishtirokida press-konferensiya tashkil etilib, ikki universitet o’rtasidagi hamkorlik, jumladan loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi.

Ushbu anjumanda “TIQXMMI” MTU va Nireghaza universiteti professor-o‘qituvchilari o’zaro hamkorlikda amalga oshirilayotgan “SOCFarm” loyiha doirasida amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari bo’yicha, shuningdek, boshqa nufuzli xalqaro universitetlar mutaxassislari o‘z ilmiy ishlari taqdimoti bilan qatnashib, amaliy tajriba va g‘oyalar bilan o‘rtoqlashdilar.

Tashrif davomida mehmonlar universitetning ilmiy-tadqiqot markazlari, zamonaviy moddiy-texnik bazasi hamda o‘quv-laboratoriya infratuzilmasi bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, geoaxborot tizimlari va masofadan zondlash texnologiyalaridan, jumladan, uchuvchisiz uchuvchi multispektral dronlardan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi ekinlarini monitoring qilish bo‘yicha olib borilayotgan tajriba ishlarini ko‘zdan kechirdilar.

Shuningdek, organik qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, zararli hasharotlar va begona o‘tlarga qarshi kurashish bo‘yicha agrosprey dronlaridan foydalanish amaliyoti bilan tanishildi.

Tashrif doirasida mehmonlarga universitet huzuridagi ko‘p yillik tarixga ega bo‘lgan Botanika bog‘i faoliyati tanishtirildi. Darslar va amaliy mashg‘ulotlar universitet dotsentlari Balázs Gáti, Béla Szabó va Judit Csabai tomonidan olib borildi.

Mazkur tashrif oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy salohiyatni oshirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalar bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishga xizmat qiladi.