Ishbilarmon doiralar uchun imkoniyat

22.05.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

  Qadim sharq qo‘lyozma manbalarida bot-bot Majoriston o‘lkasi tilga olinadi. Bu Vengriyaning sharqona atalishidir. 

  Demak, turli shapati munosabatlarimiz tarixi uzoq. 

  Bugungi kunda O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda sezilarli darajada rivojlanmoqda. 

  Yaqin tarixga bir nazar tashlasak, O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 16-martda o‘rnatilgan. Vengriya O‘zbekistonda o‘z elchixonasini 2016-yilda ochgan. 2021-yilda O‘zbekiston Budapesht shahrida elchixona ochgan. 

  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasida yuqori darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tganligi ma’lum. 2021-yil mart oyida Mirziyoyev Budapeshtga rasmiy tashrif bilan borgan. Bu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikning mustahkamlanishiga sabab bo‘ldi. 2023-yilda esa Viktor Orban O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida qator bitimlar imzolangandi.

  Ta’lim va ilm-fan sohasida hamkorlik ham izchil yo‘lga qo‘yilgan. Vengriya hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun Stipendium Hungaricum stipendiya dasturi orqali har yili 100 dan ortiq grant ajratmoqda. O‘zbekistonlik talabalar Vengriya oliy o‘quv yurtlarida tibbiyot, muhandislik, huquq, iqtisodiyot yo‘nalishlarida tahsil olishmoqda. Vengriya oliygohlari bilan O‘zbekiston universitetlari o‘rtasida qo‘shma dasturlar, professor-o‘qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

  Xuddi shunday mulohazalarni madaniy-gumanitar hamkorlikni Budapeshtda O‘zbekiston madaniyati kunlari, Toshkentda esa Vengriya madaniyat haftaligi o‘tkazilgan borasida ham aytish mumkin.

  Ushbu haftada ikkala davlat rahbarlarning uchrashuvi ham mohiyat e’tibori bilan ahamiyatli bo‘ldi. 

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga rasmiy tashrifi Vengriyaning yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvdan boshlangani e’tiborga molik.

  Vengriya tomonidan “OTP Bank”, “BDPST Group”, “4iG”, “Indotek”, “MVM”, “Duna Group”, “MOL Group”, “H2O Consortium”, “Inpark”, “Wizz Air” va boshqa ko‘plab kompaniyalarning top-menejerlari va ta’sischilari ishtirok etdi.

  Davlatimiz rahbari o‘z nutqida rasmiy tashrif Vengriya ishbilarmonlari bilan uchrashuvdan boshlanayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.

  Vengriyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari jadal o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Masalan, “OTP Bank” O‘zbekistonning yirik banklaridan birini sotib olib, mamlakatimiz moliya bozorida barqaror o‘rin egalladi.

  Kompaniyaning avtokreditlashni rivojlantirish uchun qo‘shma kompaniya tashkil etish, biznesni moliyalashtirish dasturini yo‘lga qo‘yish, yirik parrandachilik klasterini qurish bo‘yicha yangi rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

  Sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ilg‘or texnologiyalar transferini rag‘batlantirish maqsadida Toshkent viloyatida Yevropa kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Ushbu hududni boshqarish Vengriyaning “Inpark” operatoriga beriladi.

  Iqtisodiy sheriklikni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti qator ustuvor yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi. Qo‘shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish va tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlarning istiqbolli bozorlariga eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash shular jumlasidan.

  Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, xususan, yuk tashishni ko‘paytirish va ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

  Davlatimiz rahbari Vengriya kompaniyalarining qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqishini yuksak baholadi. O‘z navbatida, biznes vakillari hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha taklif va rejalarini bildirdi.

  Uchrashuvda transport va yo‘l infratuzilmasini modernizatsiya qilish, logistika markazlari va kommunal tarmoqlarni barpo etish, qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

  - Biz mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi mustahkam aloqalarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz, - dedi O‘zbekiston Prezidenti.

  Rasmiy tashrifning ishbilarmonlik dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “OTP Bank Group” direktorlar kengashi raisi Shandor Chani bilan uchrashuv o‘tkazdi.

  Davlatimiz rahbari avtokreditlashni rivojlantirish va biznes loyihalarini moliyalashtirishga doir qo‘shma dasturlarni olqishladi. Parrandachilik klasterini tashkil etish bo‘yicha yirik loyihani tez fursatda amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

  Toshkent viloyatidagi sanoat parkida Vengriya kompaniyalari loyihalarini ilgari surish va qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.

  O‘zbekiston – Vengriya misolida aytish mumkinki, Ishbilarmon doiralar uchun imkoniyatlar ancha kengaydi.

  Biz buni sarmoya va investitsiya loyihalari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, ta’lim, IT vinnovatsiyalar, turizm va madaniyat, transport va logistika yo‘nalishlari misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Shu o‘rinda xalqimizning izlagan imkon topar degan maqoli bejiz emasligiga yana bir marta iqror bo‘lasiz.

Rahimboy Jumaniyozov TIQXMMI-MTU professori, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi