Jonajon Universitetimizda kelajak mutaxassislarining bir kuni

07.05.2025

#Ma`naviy va tashkiliy

"Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari Instituti" Milliy tadqiqot universitetida ochiq eshiklar kuni doirasida o‘ziga xos va ma’naviy jihatdan boy tadbir o‘tkazildi. Ushbu kun doirasida "Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish" kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda doktorantlari Toshkent viloyati, Nurafshon shahridagi 25-umumta’lim maktabining bitiruvchi 11-sinf o‘quvchilarini universitetga taklif etishdi.

Universitetga kirish binosida yosh mehmonlar tantanali ravishda kutib olindi. Dastlab, "Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish" kafedrasi faoliyati bilan tanishtirish jarayoni bo‘lib o‘tdi. 607-xonada kafedra yo‘nalishlari, talabalar hayoti va ularning kelajakdagi imkoniyatlari haqida qiziqarli va ta’sirli taqdimot o‘tkazildi.

Shundan so‘ng, universitet bo‘ylab keng ko‘lamli ekskursiya tashkil etildi. Ilmiy laboratoriyalar, ma’ruza zallari, sport inshootlari, talabalar shaharchasi va madaniyat saroyi bo‘ylab o‘quvchilarga batafsil ma’lumot berildi. Axborot resurs markaziga tashrif davomida esa talabalar uchun elektron kitoblar, ma’lumotlar bazalari va boshqa zamonaviy imkoniyatlar haqida ma’lumot olindi.

Ta’lim maskani tarixi va rivojlanish bosqichlari haqida tushuncha berish maqsadida universitet muzeyiga tashrif uyushtirildi. 90 yillik tarixga ega universitetning ilmiy eksponatlari va taniqli olimlari haqida ma’lumotlar o‘quvchilarni qiziqtirdi.

Universitetimiz rahbariyati bilan uchrashuvda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor B.Xudayarov ishtirok etdi. Muloqot davomida universitetning ta’lim yo‘nalishlari, talabalarga taqdim etilgan imkoniyatlar va ta’lim jarayoni haqida batafsil axborot berildi. Savol-javoblar, qizg‘in muloqot va motivatsion chiqishlar o‘quvchilarning o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytirdi.

Ushbu ochiq eshiklar kuni yoshlarda universitet hayoti va ilmiy muhitni yaqindan his qilish imkoniyatini yaratib, bitiruvchi sinflarning 80 foizdan ortig‘i universitetimizga o‘qishga kirish istagini bildirishdi. Bu esa yosh hamda bilimli o‘quvchilar jalb qilish orqali universitetning kelgusidagi mutaxassislarining nufuzi yanada oshadi deb umid qilamiz.


"Toshkent Irrigatsiya va Qishloq Xo‘jaligini Mexanizatsiyalash Muhandislari Instituti" Milliy tadqiqot universitetining “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasi dotsenti B.T.Amanov axboroti