Zamonaviy laboratoriyada don sifati tahlili
07.05.2025

2025-yil 6-may kuni “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va dastlabki qayta ishlash texnologiyasi (mahsulot turlari bo‘yicha)” ta’lim yo‘nalishi 3-kurs 306-guruh talabalari uchun “Traktorlar va avtomobillar” kafedrasi PhD, katta o‘qituvchi Xasanova Xolida rahbarligida navbatdagi amaliy mashg‘ulot tashkil etildi. Laboratoriya mashg‘uloti “Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini saqlash omborlari” fanidan “Toshkent don mahsulotlari” aksiyadorlik jamiyatining zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyasida o‘tkazildi.
Tashrifdan asosiy maqsad – talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, 5+1 ta’lim modeli doirasida o‘quv jarayonini ishlab chiqarish bilan integratsiyalash hamda ularni sohaga oid real jarayonlar bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.
Laboratoriya mashg‘ulot davomida talabalar laboratoriya mutaxassislari ko‘magida maxsus qurilmalardan foydalangan holda don namunalarining namlik miqdorini va kleykovina miqdorini aniqlashdilar.
Shuningdek, talabalar laboratoriyaning umumiy ishlash prinsipi, undagi zamonaviy uskunalar – avtomatlashtirilgan namlik o‘lchagichlar, tarkibiy analizatorlar, xromatograflar bilan yaqindan tanishdilar. Tashrif davomida “Toshkent don mahsulotlari” AJ mutaxassislari tomonidan talabalar uchun qisqa seminar-trening ham o‘tkazildi. Unda don mahsulotlarini sertifikatlash, sifat nazorati, laboratoriya tahlil natijalari asosida qabul qilish-jo‘natish tizimlari haqida ma’lumotlar berildi.
“Traktorlar va avtomobillar” kafedrasi PhD, katta o‘qituvchi Xasanova Xolida axboroti





