Turizmning tantanali tarovati

02.05.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xiva shahrida “Arda Xiva” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimidagi nutqini oʻqib) 

Milliy meros va zamonaviy rivoj uygʻunligi katta imkoniyat. Bu fikrni turizm sohasining ravnaqida ham yaqqol koʻrish mumkin.

Joriy yilning 1 may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga, xususan, tarixiy Xiva shahriga tashrifi mamlakatimizda turizm, madaniyat va iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichga koʻtarilayotganidan dalolat beradi.

Qadimiy Xiva — yurtimiz tarixi, maʼnaviyati va sivilizatsiyasi timsolidir. Prezidentning ushbu shaharga amaliy tashrifi nafaqat mahalliy aholi uchun, balki butun mamlakatimiz turistik salohiyatini rivojlantirishga bagʻishlangan muhim siyosiy va maʼnaviy voqea boʻldi,  desak, oʻrinli boʻladi.

Prezidentimiz Xorazm dunyo sivilizatsiyasi va madaniyatiga bebaho hissa qoʻshgan Sharq gavhari ekanini, bu koʻhna yurt jahonga dongʻi ketgan ne-ne olimu fozillar, sarkarda va sultonlar, aziz avliyolar, betakror shoir va hofizlar vatani ekanini “Arda Xiva” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimidagi nutqida alohida mehr bilan eʼtirof etdi. Jahon olimlarining: “Ulugʻ novator Beruniy fanning bir qator hal qiluvchi yoʻnalishlarida oʻz davridan 500 yillab, hatto undan ham koʻproq ilgarilab ketgan”, degan eʼtiroflari bu zaminning buyuk salohiyatidan dalolat beradi,  - dedi Prezident.  Xorazmning havas qilsa arziydigan yana bir bebaho boyligi bor. Bu – uning muhtasham tarixiy obidalaridir. Ochiq osmon ostidagi shahar-muzey – “Ichan qalʼa” majmuasi umumbashariyat xazinasi sifatida YUNESKO roʻyxatiga kiritilgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Prezident tashrifi Xiva shahrining turizmdagi oʻrnini yanada yorqinlashtirdi. Ichan-Qalʼa devorlari bagʻrida qadimiy arxitektura va zamonaviy servis xizmatlari uygʻunlashib, “turizmning tantanali tarovati”ni yuzaga chiqardi. Xiva nafaqat tarixiy yodgorlik, balki jahon sayyohlari uchun madaniyat, hunarmandchilik va mehmondoʻstlik maskaniga aylanmoqda. Xususan, Xivadagi yangi mehmonxona loyihalari, elektron gid xizmatlari, QR-kodli maʼlumot stendlari va sayyohlar uchun qulay infratuzilma yaratilishi toʻgʻrisidagi rejalar shu kunlarda amalga oshirilmoqda. Turizm iqtisodiyoti orqali hudud rivojiga hissa qoʻshish — davlat siyosati darajasiga koʻtarildi.

Viloyatda 260 dan ziyod madaniy meros obyekti mavjud. Va ularning tarixi bir necha asrlarga borib taqaladi. Hech shubhasiz, ular oʻzining noyob va goʻzal meʼmoriy qiyofasi bilan nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning jahon ravnaqidagi betakror oʻrnini belgilab beradigan tirik tarixdir.

Davlatimiz rahbari jumladan, quyidagilarni eʼtirof etdi. Boshlagan islohotlarimiz doirasida tinchlik va doʻstlik jabhasi boʻlmish turizmni rivojlantirishga alohida strategik yoʻnalish sifatida eʼtibor qaratib kelayotganimiz albatta bejiz emas. Chunki, turizm – bu faqat sayru sayohat, mazmunli dam olishgina emas. U avvalo ellarni ellarga, dillarni dillarga bogʻlaydigan, mehnatkash va bagʻrikeng xalqimizning boy madaniyati va tarixiy merosini, uning ochiq qalbini dunyoga namoyon qiladigan koʻzgudir.  Biz tarixiy yodgorliklar, madaniy meros obyektlarini asrab-avaylab, ularni global turizm tarmogʻiga faol jalb etish borasida keng qamrovli islohotlarni amalga oshirmoqdamiz

Shu bilan birga, milliy meʼmorchilik yechimlarini qoʻllagan holda, bir vaqtning oʻzida tarix va zamonaviylikni mujassam etgan yirik turistik majmualarni koʻpaytirishga alohida urgʻu beryapmiz.

Qisqa fursatda bunyod etilgan ushbu muhtasham xalqaro turistik maskanda 17 ta mehmonxona va mehmon uylari, 9 ta restoran, har biri kuniga 2 ming sayyohga xizmat qiladigan ochiq va yopiq akvaparklar, 3 ming oʻrinli amfiteatr, 5 ta kino va konsert zali, koʻrgazmalar pavilyoni, 70 ta doʻkon, 300 ta savdo rastasi, 11 ta hunarmandlar uyi, Sharq bozori va zargarlik markazi, favvoralar, sayr uchun 4 kilometrli sohil boʻyi yoʻlagi ishga tushmoqda.

Bularning barchasi zamirida mehnat va tadbirkorlik yotibdi. Ishonchim komilki,  dedi Prezident, “Arda Xiva” Xorazmdagi turizm rivojida yangi sahifa ochadi, viloyatning ikkinchi “tashrif qogʻozi”ga aylanadi,  deb taʼkidladi.

Xorazmning hali ishga solinmagan turistik salohiyati yuzasidan Xiva tumanidagi 2 ming 400 gektar yerni Xiva shahriga oʻtkazilishi, “Sahro yulduzi” turistik kompleksi bunyod etilishi, mehmonxonalar, koʻngilochar markazlar, gastronomik va savdo koʻchalari, muzeylar, ekouylar, yozgi lager, ekstremal turizm obyektlari barpo etilishi haqidagi xabar hammani toʻlqinlantirib yubordi. adi.

Shuningdek, Tuproqqalʼada choʻl hududidagi 5 ming gektar yerda safari va ov turizmi rivojlantiriladi. Urganch shahri, Shovot, Qoʻshkoʻpir, Xiva va Hazoraspdan oqib oʻtadigan Gʻazovot, Polvon, Shovot kanallari boʻylarida 50 million dollarlik 80 ta xizmat koʻrsatish, savdo-koʻngilochar obyektlari ishga tushirilishi,  Bogʻot, Gurlan, Yangibozor va Urganch tumanida turizm qishloqlari tashkil etilishi ham taʼkidlandi.

Kuni kecha Urganch shahrida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi yangi universitet va IT maktabini tashkil etish boʻyicha Prezidentning alohida qarorni imzolagani eʼtiborga molik.

Amudaryoning ikki sohilida joylashgan Xorazm va Qoraqalpogʻiston elini Xudoi taoloning oʻzi taqdirdosh qilib yaratgan, ikki qoʻshni hududning tarixi, madaniyati va urf-odatlarini bir-biridan alohida tasavvur qilib boʻlmaydi,  - dedi Prezident.

 “Xorazm – Qoraqalpogʻiston” turizm halqasi loyihasi ishlab chiqilishi, Xivadan 80 kilometr masofada Ellikqalʼa tumani joylashgan boʻlib, bu yerda turistlar uchun jozibador boʻlgan “Ayozqalʼa” va “Tuproqqalʼa” yodgorliklari borligi hameʼtiborgamolik. Shuningdek, tumandagi “Axchakoʻl”da plyaj turizmini rivojlantirish uchun barcha infratuzilma mavjud. Yoki Beruniy tumanidagi “Sulton Uvays” qadamjosi ziyorat turizmi uchun nodir maskanlardan biri hisoblanadi. Ushbu hududlarni oʻzaro bogʻlaydigan yoʻl, yoʻlboʻyi infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha katta dastur boshlaymiz. Bundan tashqari, “Urganch – Gurlan – Mangʻit” avtomobil yoʻli toʻliq rekonstruksiya qilinadi.

Prezident nutqidagi ushbu mulohazalar har birimizni hayajonlantirmasdan qolmaydi. “Xorazmga bir marta kelgan odam unga umrbod maftun boʻlib qoladi. Ishonchim komil, siz, azizlar ham bu goʻzal va betakror yurtdan olam-olam unutilmas taassurotlar bilan qaytasizlar.Shu bilan birga, mamlakatimizning har bir hududi oʻziga xos suluv tabiati, boy madaniyati, urf-odati, tarixiy obidalari va bir-biridan lazzatli taomlari, nozu neʼmatlari bilan ajralib turadi.”

Prezident xalq bilan yuzma-yuz muloqot qildi.

Mahalla faollari bilan uchrashib, joylardagi muammolar, ehtiyoj va takliflarni tingladi. Bu safarning yana bir muhim jihati — xalq bilan doimiy muloqotni yoʻlga qoʻyish va hududlarda “ishonch va taraqqiyot muhiti”ni qaror toptirishga boʻlgan intilishdir.

Prezidentning Xorazmga tashrifi tarix va kelajak, qadriyat va rivoj, xalq va davlatning bagʻrikeng uygʻunligi ifodasi boʻldi. Xiva singari shaharlar orqali Oʻzbekiston nafaqat oʻtmishga tayanadi, balki yangi taraqqiyot bosqichlariga ishonch bilan qadam qoʻyadi. Bu taraqqiyotning mustahkam asosi — xalqning roziligi, madaniyatning chiroyi va turizmning tantanali tarovatidir.

 

RAHIMBOY JUMANIYOZOV

Professor, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi