Sifat - samara va natijaga kafolat
30.04.2025

Biron
oshxonaga kirib ovqatlanadigan boʻlsangiz taom sifatlimi deysiz, bozorga
borib kiyim sotib olmoqchi boʻlsangiz
ham darhol sifatlimi deb soʻraysiz. Demak yegulik, ichgulik va kiygulik nimaiki
narsa boʻlsa shu zahoti sifati bilan qiziqarkanmiz, xoʻsh nima uchun taʼlimning
sifati bilan qiziqmasligimiz kerak?
Chunki, taʼlim sifatini oshirish orqaligina
natijadorlik va samaradorlikka erishishimiz mumkinligi oynadek ravshanku.
Shuning uchun ham Prezident Shavkat Mirziyoyev quyidagi talant qatʼiy qoʻydilar.
Bu davlat rahbarining daʼvatnomasi. “Taʼlim sifatini oshirish yangi oʻzbekiston
taraqqiyotining yakkayu yagona, eng toʻgʻri yoʻlidir.”
Ana shuning
uchun ham taʼlim sifatini oshirish masalasi har bir pedagogning burchi va
farzidir.
Prezident
Shavkat Mirziyoyev 30 aprel kuni nodavlat taʼlim xizmatlari tizimini
takomillashtirish, oliy va kasbiy taʼlimda sifatni oshirish chora-tadbirlari
taqdimoti bilan tanishdi.
Iqtisodiyot
tarmoqlari rivoji hamda investitsiyaviy muhit, eng avvalo, kadrlar salohiyati
bilan chambarchas bogʻliq. Shu bois oliy va kasbiy taʼlim tizimi doimiy
takomillashtirib borilmoqda.
Soʻnggi
yillarda taʼlim sohasida xususiy sektorga berilgan imkoniyatlar tufayli 71 ta
xususiy oliygoh va 51 ta xususiy texnikum tashkil etilib, ularda 500 ming nafarga
yaqin talaba va oʻquvchilar tahsil olmoqda. Buning natijasida mamlakatda oliy
taʼlim bilan qamrov 9 foizdan 42 foizga oshdi.
Albatta,
bugungacha amalga oshirilgan ishlar koʻplab yoshlarning kasbiy va oliy maʼlumot
olishiga imkon yaratdi. Ammo, nodavlat taʼlim tashkilotlarining barchasida ham
taʼlim sifati birdek taʼminlanmagan.
Shu oʻrinda ayrim mulohazalarni bildirib
oʻtish foydadan xoli emas.
Davlatimiz
rahbari respublikamiz boʻylab qaysi korxona, qaysi tashkilotda boʻlmasin,
mutassadilar bilan uchrashmasin, albatta uchta soʻzni takrorlashlari va talab
etishlari bejiz emas. Bular - sifat, samara va natijadorlik. Har bir qilingan
harakatning natijasi, samarasi
sifatga bogʻliqligi ayon. Demak
Prezident oʻzlari qayta - qayta eʼtirof etgani kabi “Najot taʼlimda, najot bilimda, najot ilmda”.
Shunday ekan, jamiyatni, xalqni ulugʻ maqsadlar sari olgʻa boshlashning birdan
bir yoʻli - yosh avlodga berilayotgan taʼlim - tarbiyaning sifati bilan
chambarchas bogʻliq. Shuning uchun ham
“Taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona
toʻgʻri yoʻlidir”- deganlari bejiz emas.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtgan
yili (2023) yangi oʻquv yili arafasida maktab taʼlimidagi masalalarni muhokama
qilish va ustuvor vazifalarni belgilab olish yuzasidan oʻtkazilgan
videoselektor yigʻilishi ham mohiyat eʼtibori bilan ahamiyatli boʻlgan edi.
Shuni
eʼtirof etish kerakki, “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan
ezgu gʻoya asosida katta ishlar amalga oshirilganidan, qisqa muddat mobaynida
yuzlab zamonaviy maktablar barpo etilgani, Prezident maktablari, ijod
maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi kengaytirilgani, yangi
darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari yaratilganidan koʻz yumib boʻlmaydi.
Shuningdek,
“Muallim va oʻquvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, taʼlim sifatini
oshirishga alohida eʼtibor qaratayapmiz», — dedi davlatimiz rahbari yigʻilish
avvalida.
Taʼlimdagi
natijadorlik va samara uning sifatiga bogʻliq ekani ayon. Bir karra taʼlim
berish ikki karra taʼlim olish ekanini unutmaslik zarur. Taʼlim berishning ham
oʻziga xos mashaqqati, rohati, muhim usul va uslublari bor. Bilish boshqa, uni
yetkazish va unga amal qilish boshqa. Chunki ilmu amal birlikda boʻlmasa,
samara haqida gap boʻlishi mumkin emas.
Sifatli taʼlim masalasi, avvalombor, intellektual salohiyatga ega
boʻlgan, zamonaviy bilim, texnologiyalar bilan qurollangan, teran tafakkurli,
dunyoqarashi keng boʻlgan muallimga bogʻliqdir. Bu ayni haqiqat.
Oʻqituvchi
koʻp bilimga ega boʻlsa, axborot texnologiyalarini obdon oʻrgangan boʻlsa,
hatto, xorij sertifikatlariga ega boʻlib koʻp tillarni bilsa, hatto, boʻyi
barobar kitob, monografiya, ilmiy
maqolalar yozgan boʻlsa ham hali bu taʼlimning sifati va samarasi degani emas.
Bu masalaning bir tomoni, xolos. Chunki taʼlimning sifatli boʻlishi uchun jahon
miqyosidagi sohaviy yangiliklar va bilimlarni obdon oʻrganish, hamkorlik
rishtalarini bogʻlash, yetuk mutaxassis, malakali oʻqituvchilar tajribasini
ommalashtirish badaliga boʻlishi asosiy maqsaddan yiroq emas.
Tasavvur
qiling, jamoaga yangi oʻquv yili munosabati bilan osh berish niyatida taom
masalliqlarini keltirish uchun bir kishini yollasak va asl dehqon yetishtirgan
mahsulotlardan keltirishini tayinlasak. U barcha masalliqlar - guruch, piyoz,
sabzidan tortib yogʻu goʻshtigacha keltirsa, oshpaz uni tayyorlashga kirishsa,
lekin osh xom-xatala boʻlib qolsa, xoʻsh, kim aybdor? Bozorga borib kelganmi,
yetishtirgan dehqonmi, yoki sotganmi? Albatta, oshpaz aybdor. Demak, uning osh
tayyorlash kompetentligi, uquvi hali yetarli emas. Oshpaz hali tajribasi va
malakasini oshirishi kerak. Taʼbir joiz boʻlsa, oshpazni muallimga qiyos
qilsak, keltirilgan masalliqlarni oʻquv - uslubiy qoʻllanma va darsliklarga
oʻxshatish mumkin.
Oʻqituvchining
kommunikativ kompetentlik darajasi yetarli boʻlmasa, yaʼni nutq madaniyati, til imkoniyatlaridan oʻrinli va
unumli foydalana olmasa, boshqacha aytganda, notiqlik mahorati yetarli
boʻlmasa, albatta, sifatli taʼlim talabi yuzaga chiqmaydi. Ishning koʻzini
bilish degan ibora bu borada bejiz emas. Ish faoliyatimiz, tajriba va
kuzatuvlarimizdan shu narsa aniqki, oʻqituvchilar yetarli bilimga ega, lekin
ular, fan mavzuini, olingan bilim, oʻzlashtirilgan malaka, hosil qilingan
koʻnikmani oʻquvchi yoki talabaning ongiga singdirish mexanizmini -
kommunikativ kompetentlikni, nutq madaniyatini toʻla va chuqur egallamagan
boʻlishadi. Natijada bu sifatli
taʼlimning samarasiga zid boʻlgan holat sifatida izohlanadi. Yaponiya,
Finlandiyada oʻquvchini qiziqtirish, mantiqiy mushohada yuritishga chogʻlash
taʼlim tizimining jon va qon omiri.
Videoselektorda
taʼlimning va tarbiyaning oʻrni haqida, ilmning qiymati, muallimning rutbasi
haqida eʼtiborga molik mulohazalar bildirildi. Jamiyatga eʼtibor masalasi
xalqning ertasi, sifatli taʼlim bilan bogʻliq degan fikr uqtirildi. Maktabgacha taʼlim, maktab taʼlimi
oʻrta-maxsus va oliy taʼlim uzviy bosqichma-bosqich tizimli ravishda boʻlishi,
biri-birini toʻldiradigan, boyitadigan boʻlishi kerakligi maʼlum.
Shu oʻrinda
aytish kerakki, Prezident oldingi chiqishlarida oʻn yil davomida oʻqigan
oʻquvchi nahotki, ikkita xorijiy tilni
bilmaydi, vaholanki, repetitorga borsa bir yilda oʻrganayapti, demak, bizni
taʼlim berishimiz koʻngildagidek emas ekanligini aytib, koʻpchilik darsliklar
eski usulda ekanligi, bugungi oʻquvchini dunyoqarashiga mos emasligini, jahon
andozalariga moslab tayyorlanmaganligi ham eʼtirof etilgandi.
Shuningdek,
tilning oʻrni barcha fanlarda, sohalarda muhim ahamiyat kasb etishini
taʼkidlash oʻrinli. Oʻtgan yili
Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida “Chet tillarni
bilish kerak, ammo xalq oʻz ona tilini
bilishga majbur, majbur majbur”- deya kuyunchaklik bilan qayta-qayta
uqtirganlari hamon yodimizda. Shu oʻrinda beixtiyor maʼrifatparvar adib
Isʼhoqxon Ibratning ushbu oʻgitlari yodga keladi: “Bizning yoshlar, albatta,
boshqa tillarni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini
koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu
vataniy ishdir”. Aytish mumkinki, bu vataniy ishgina emas, balki vataniy
ishqdir.
Oʻylab
koʻring, oʻqituvchi tabiiy fanlardanmi, yoki ijtimoy-siyosiy yoxud gumanitar
fanlardan dars beradimi, albatta, tilning ifoda imkoniyatlarini, nutq
madaniyatini toʻla egallashi shart. Aks holda, fanning, mavzuning mohiyati
roʻyobga chiqmaydi. Fizik qonuniyatlarni ham, kimyoviy reaksiyalarni ham,
geometrik aksioma va teoremalarni ham, matematik sinus - kosinuslarni ham
pedagog qaysi tilda tushuntiradi? Albatta, oʻz ona tilida - davlat tilida
tushuntiradi. Demak, unda chalami? Fan ham, mavzu ham chala boʻladi.
Xorijiy
tilni oʻrganishga boʻlgan mehr oʻz ona tiliga boʻlgan muhabbatdan boshlanadi,
chunki til muqoyasa etib oʻrganiladi. Ona tili
chalami, oʻzga tillar ham chala boʻlishi aniq. Demak, nutq mahoratiga
ega, nutq hususiyatlarini bilib nutq texnikasiga amal qila oladigan, tili
burro, tallafuz meʼyori ham tafakkur darajasi ham aniq va tiniq boʻlgan
murabiylarni darsga jalb etilishi va ularning ritorik mahoratini oshirish
taʼlimning sifati va samarasiga bevosita daxldor masaladir.
Tarixda
Rossiya imperatori Pyotr 1 shu xususda
maxsus farmon ham chiqargani maʼlum.
“Nutqiy nuqsoni bor boʻlgan muallim garchi bilimli boʻlsa ham sinfga
qoʻyilmasin, chunki bolalar taqlidchi boʻlishadi, unga ergashishadi”. Har ikki gapida bir “tak”, “znachit”, “toys”
deb turadigan oʻqituvchini tinglagan oʻquvchini gʻashi kelishi aniq. Ajab
emaski, unga ”Takov Znachit Toysovich“
deb laqab qoʻyib yuborishsa! Nutqning
aniqligi tafakkur va talaffuzning tiniqligidanligini aslo unutmaslik
kerak. Qaysi sohada, qaysi kasbda ishlamaylik, qaysi fandan dars bermaylik,
avvallombor hammamiz nutq madaniyatini, notiqlik sanʼatini yaxshi egallagan
boʻlishimiz kerak. Shundagina oʻquvchi bizga ergashadi, shundagina u bizni
fanimizni sevadi. Aks holda, uning bu qulogʻidan kirib unisidan chiqib ketadi,
bundan esa hech qanaqa naf yoʻq!
Taʼlimning sifatini taʼminlashda notiqlik
sanʼatining oʻrni boʻyicha yaqinda tajriba oʻtkazib koʻrdik. Oʻzining 32
soatlik oʻquv - amaliy dasturiga ega boʻlgan ”Notiqlik sanʼati akademiyasi“
taʼlim muassasasiga 4 nafar oʻqituvchini chaqirtirdik. Ulardan ikki nafari
litsey, ikki nafari kollej oʻqituvchilari edi. Ularga besh daqiqalik
videorolikni qoʻyib berdik va diqqat bilan koʻrib-kuzatganlarini gapirib
berishni tayinladik. Birinchi oʻqituvchi
xuddi antennasi yoʻq televizorda bijir-bijir tasvir koʻrgandek taassurot
uygʻotib mujmal gapirdi, ikkinchisi oq - qora rangli televizorda koʻrgandek
fikr berdi. Uchinchisi rangli televizorda koʻrgandek zavqu shavqli taassurot
bergan boʻlsa, toʻrtinchisi esa xuddi 3 D,
5 D qilib tashladi.
Shuning
uchun ham Uilyam Uort “Oʻrtacha
oʻqituvchi bayon qiladi, yaxshi oʻqituvchi tushuntiradi, mashhur oʻqituvchi
namoyish qiladi, buyuk oʻqituvchi esa ilhomlantiradi.”- deb bejiz aytmagan edi. Uchinchi va toʻrtinchi toifa oʻqituvchilarni
tayyorlamas ekanmiz, oldimizga qoʻyilgan maqsadlarni, xususan Uchinchi Renessansni toʻla amalga oshirish
mushkul. Biz taʼlim tizimining barcha bosqichlarida pedagoglarni lingvistik
kompeteniya boʻyicha tayyorlashimiz kerak, chunki taʼlim olgan taʼlim bera
olganidek, tarbiyalangangina tarbiyalashi mumkin. Oʻqituvchining bilimi,
kommunikativ kompetentligi va notiqlik sanʼati taʼlimning natijadorligi va
samarasi masalasi eng muhim mezon ekanligini qayd etib vazirliklarga bir necha
bor xatlar ham qildik. Yaqindagina bu fikr quvvatlandi, Oʻzbekiston
Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziriligi, shaxsan vazirning
oʻzlari Ibrohim Yulchiyevich Abdurahmonov tomonidan bu masala maʼqullandi.
Barcha
taʼlim vazirliklari tizimida professor oʻqituvchilar malakasini oshirish
boʻyicha maxsus ritorik mahorat, notiqlik sanʼatini oshirish boʻyicha amaliy
kurslarning tashkil etilishi maqsadga muvofiq. Toʻgʻri, qisqa muddat ichida
notiq - pedagog boʻlish qiyin, uning uchun yillar kerak boʻladi. Lekin, oʻz
ustida ishlash doimiy tarzda boʻlishi shart.
Shuni
taʼkidlash joizki, pedagogning oʻz ustida ishlashi avvalambor, soʻz ustida
ishlashdan boshlanadi. Taʼlimning kaliti – nutq bilan, tarbiyaning kaliti -
xulq bilan ekanini anglash muhim. Nutqiy va xulqiy madaniyatga ega boʻlgan
inson komil, avlod barkamol atalishi oʻrinli. Demak, chinakam notiq-oʻqituvchi
oʻzi yoqimli, soʻzi yuqumli boʻlishi, u shunchaki yetkazuvchi emas, balki
oʻtkazuvchi boʻlishi kerak. Soʻzi bilan yondiruvchi, fikri bilan qondiruvchi
nisbati ham ularga xosu mos libos.
Videoselektorda
yuqori sinflarga ayrim fanlarning xususan, kimyo, biologiya, matematika,
fizika, chet tili, ona tili va adabiyot fanlarini chuqurlashtirib oʻqitilishi
masalasining eʼtirof etilishi ahamiyatli boʻldi. Barcha fanlarni, tabiiy va
gumanitar fanlarni bogʻlovchi vosita pedagogning kommunikativ kompetentligi
hamda nutq madaniyati, notiqlik sanʼatidir, bu esma pedagogik mahoratning
oʻzagi va oʻzanidir.
Prezident
taqdimot masalasi bilan tanishar ekan, Nodavlat taʼlim tashkilotlarida qabul
parametrlari, taʼlim dasturlari, oʻquv jarayonlari hamda ilmiy salohiyatni
sifat jihatidan yaxshilash, ularni zamonaviy mehnat bozori ehtiyojlariga
moslashtirish eng asosiy masalalardan biri ekanligini ham uqtirdi.
Shu bois
taqdimotda nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatishni tartibga solish,
litsenziyalash tizimini takomillashtirish hamda davlat akkreditatsiyasidan
oʻtkazish boʻyicha yangi tizimni joriy etishga qaratilgan takliflar muhokama
qilindi.
Bu borada
ilgʻor xorijiy tajribalar asosida ikki bosqichli litsenziyalash tizimiga
oʻtish, taʼlim dasturlarini maxsus akkreditatsiyadan oʻtkazish hamda har besh
yilda kompleks davlat akkreditatsiyasini tashkil etish boʻyicha takliflar
bildirildi.
Shuningdek,
taqdimotda rivojlangan davlatlarning eng ilgʻor tajribasidan kelib chiqqan
holda, taʼlim sifatini tashqi baholash bilan shugʻullanuvchi alohida mustaqil
tuzilma tashkil etish hamda sifat nazoratining shaffof, xolis va adolatli
tizimini joriy qilish tashabbusi ham ilgari surildi.
Taʼlim
sifatini taʼminlash va tashqi baholashning joriy etilishi kasbiy va oliy taʼlim
muassasalarida oʻqitish samaradorligi va ilmiy salohiyatni oshirib, ularning
xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilashga xizmat qilishi toʻgʻrisidagi
mulohazalar hech qachon oʻz qiymatini yoʻqotmaydi.
RAHIMBOY JUMANIYOZOV,
"TIQXMMI" MTU professori,
Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi