Yutuqlar manbai hamjihatlikda

18.04.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

 Davlatimiz rahbari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu mulohazalarni bildirdi. 

  “Bugun Andijon rivojini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha eng muhim vazifalarni belgilab oldik, barcha masalalarga to‘xtalib, viloyat uchun zarur mablag‘larni ham hal etdik. Agar barchamiz bir bo‘lib, hamjihat bo‘lib ish olib borsak, yutuqlarimiz yanada ko‘payadi, biz zabt etolmaydigan marraning o‘zi bo‘lmaydi, Andijon yanada obod bo‘ladi.” 

  Hamjihatlik va hamkorlik taraqqiyotga yo‘l demakdir. Bu esa xalq farovonligiga daxldor masaladir. 

  16 aprel kuni Buloqboshi tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

  Andijonda yangi O‘zbekiston shukuhi har bir tuman, har bir mahallaga kirib borayotgani qayd etildi. O‘tgan yili viloyatda 4 mingdan ziyod yangi tadbirkor ish boshlagan. 450 ming aholi ishli bo‘lgan. 

  Viloyatda 1,5 million kvadrat metr turar joy va 850 ming kvadrat metr noturar joylar qad ko‘tardi. Buning hisobiga, o‘tgan yili savdo va xizmatlar 13 foizga, sanoat 7,5 foizga oshdi. 

  Ana shu ko‘rsatkichlar jonli jarayonning mahsulidir. 

  Hamjihatlik va hamkorlikning natijalari nafaqat ijtimoiy hayotda, balki iqtisod, maorif, madaniyat va boshqa sohalarda ham samarali ravishda namoyon bo‘ladi. Odamlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, ishonch va yakdillik,  jamoat tartibi, muhitdagi ruhiy osoyishtalik mustahkamligi bu borada muhim. Hamkorlikda amalga oshirilgan loyihalar orqali yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Buning isbotini Andijon misolida aytish, hatto ko‘rish mumkin. Tadbirkorlikka, kichik biznes va sanoatga jonlanish kiradi. Infratuzilma (yo‘l, elektr, suv, internet) yaxshilanadi, investorlar jalb etiladi. Bularning hammasi hamjihatlik natijalari ekani ayon. Ana shundagina yoshlar o‘rtasida ma’naviy tarbiya va milliy qadriyatlarga e’tibor ortadi.

  Lekin hayot bir joyda to‘xtab turmaydi. Andijonda iqtisodiy salohiyat, yangi loyihalar va tashabbuslar ko‘pchilik ta’kidlandi. 

  Yig‘ilishda kichik va o‘rta tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya va eksportni ko‘paytirish, qurilish, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish borasidagi vazifalar muhokama qilindi.

  Avvalo, 2025 yilda Andijon viloyatida kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sishni ta’minlab, yalpi hududiy mahsulotni 105 trillion so‘mdan oshirish, 305 ming aholini band qilib, 150 ming odamni kambag‘allikdan chiqarish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi.

  Masalan, Andijonda dastgohsozlik sanoati yaxshi shakllangan. Lekin ikki yilda viloyatga chetdan 1 milliard dollarlik asbob-uskunalar import qilingan. Agar ularni o‘zimizda tayyorlash o‘zlashtirilsa, iqtisodiyotga qo‘shimcha tushum, odamlarga ish o‘rni bo‘ladi. Bunday tashabbuskorlarni qo‘llab, sertifikat va zarur buyumlar olishiga ko‘maklashish kerak.

  Shuningdek, mashinasozlik-konstruktorlik ishlab chiqarish markazlari tashkil etiladi. Sanoat tarmoqlarida talab yuqori bo‘lgan import uskunalarning texnik ko‘rsatkichlari o‘rganilib, mahalliy korxonalarga muqobillari taklif qilinadi. Bunday uskunalarni mahalliylashtirish istagidagi tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.

  Gap tashabbusda, tashkilotchilikda. Ish ko‘zini biladigan insonlar cho‘lni gulistonga aylantirishga qodir. Rejali va tizimli ravishda amalga oshiriladigan ishlar xalq manfaatiga xizmat qiladi. Mana bu raqamlar ham  shu fikrlarni asoslaydi. 

  Viloyatdagi 13 ming gektar adirga suv chiqarib, bemalol ekin ekish mumkin. Lekin u yerlarga suv chiqarishda nasos ishlatish uchun elektrni narxi dehqonlarga og‘irlik qiladi. Shu bois quyosh paneli o‘rnatish uchun moliyaviy instrumentlar qo‘llanadi. Qo‘rg‘ontepada 300 gektar adirlikda sanoat usulida intensiv bog‘ va uzumzor barpo etilib, tadbirkorlarga tayyor holda taklif qilinadi.

  Boshqa hududlardagi samarasiz issiqxonalar Andijonga ko‘chirilib, aholiga lizingga beriladi. Mahallalarga arzon urug‘ va mineral o‘g‘it yetkaziladi. 

  Turizm bugungi kunda ravnaq etayotgan manfaatli sohaga aylangani aniq. Albatta, Andijon viloyati O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosga boy hududlaridan biri hisoblanadi. Turizm salohiyati jihatidan Andijon quyidagi jihatlari bilan muhim ahamiyatga ega. Andijon buyuk alloma va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tug‘ilgan joy sifatida tanilgan. Uning nomidagi Bobur bog‘i va muzeyi sayyohlarni o‘ziga jalb etadi. Shahar va viloyatda ko‘plab masjidlar, maqbaralar va qadimiy obidalar mavjud.

  Andijon vodiysi tabiati o‘ta go‘zal va rang-barang. Qamchiq tog‘lari, sharsharalar va ko‘llar eko-turizm uchun katta imkoniyat yaratadi. Tabiiy dam olish maskanlari, tog‘lar va sof havoli hududlar haftaning istalgan kunida mehmonlarni qabul qila oladi.  Andijon hunarmandchiligi, xususan, adras, atlas to‘quvchilik, chevarchilik va kulolchilik sohasida ham mashhur. Bu mahalliy mahsulotlar turizmni rivoj topishiga xizmat qiladi. 

  Prezident bu maslahat ham e’tiborini qaratdi. Andijonda turizm salohiyati ham yuqori. Xonoboddagi Kampirovot, Buloqboshidagi Shirmonbuloq, Xo‘jaoboddagi Tosh ota mahallalarida turizm maskanlari tashkil qilib, sayyohlarni ko‘paytirish imkoniyati bor. Bu yil sohada 125 million dollarlik 25 ta loyihani yakunlash, 3,5 million xorijiy va mahalliy sayyoh jalb qilib, turizm eksportini 200 million dolardan oshirish vazifasi qo‘yildi.

  Imkoniyatlar — yangilikka, o‘sishga va o‘zgarishga yo‘l ochadi. Imkoniyat — insonning o‘zidagi salohiyatni ochishi, qobiliyatlarini sinab ko‘rishiga yo‘l ochadi. Har qanday imkoniyat — yangi bilim va tajriba manbai. Imkoniyat berilganda inson o‘z-o‘ziga ishonishi, faollashishi va tashabbuskor bo‘lishi osonlashadi. Imkoniyatlar insonni yangi muvaffaqiyatlar, maqsadlar sari yetaklaydi.

  Prezident suv bilan bog‘liq masalalar haqida gapirar ekan, ana shu imkoniyatlarga ham to‘xtaldi. Suv oqimi yuqori bo‘lgan ariq va kanallarida 75 megavatt quvvatga ega kichik va mikro GESlar qurish imkoniyati bor. Bunda qatnashadigan tadbirkorlarga 3 yil imtiyozli davr bilan, 7 yilga 12 foiz stavkada kredit beriladi.

  Qurilish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ham vazifalar ko‘p. Xususan, bu yil 9 ming 700 xonadonli 245 ta ko‘p qavatli uy quriladi. Bu sohada 10 ming nafar aholining bandligi ta’minlanadi. Ming kilometrdan ziyod yo‘l va ko‘priklar ta’mirlanadi. 

  Xonobod – Andijon magistral suv quvurining quvvati yetishmasligi sababli 6 ta tumandagi 510 ming aholiga suv yetkazib berishda muammolar bor. Shu bois Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida ushbu quvurning 2-tarmog‘ini qurish zarurligi ta’kidlandi.

  Shuningdek, ijtimoiy yo‘nalishlar aholi turmushida bevosita aks etishi masalasiga ham e’tiborini qaratdi. Andijonda bu yil yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti ulushi 40 foizga yetkaziladi. 15 ming nafar texnikum bitiruvchisining bandligi ta’minlanadi. 6 ming talaba dual ta’lim bilan qamrab olinadi. Oliy ta’limning muhandislik, tibbiyot, iqtisodiyot, agrar yo‘nalishidagi 4 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

  Shu maqsadda, jumladan, tibbiyot ta’limi va turizmini rivojlantirish, mahallalarda tunu kun xizmat ko‘rsatadigan xususiy tibbiyot punktlarini ko‘paytirish choralari belgilandi.

  Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Andijondagi obodlik zamirida zahmatkash xalqimizga xos mehnatsevarlik, o‘zaro ahillik va hamjihatlik borligini anglash mumkin. 

  Davlatimiz rahbarining Andijonga safari paytida turli madaniyat muassalarida, mahalliy aholi bilan uchrashib ularning xonadonlarda bo‘lganlarida ham ana shu tuyg‘uni yana bir karra his etish qiyin bo‘lmadi. 

Rahimboy Jumaniyozov Professor, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi