Leisure time activities mavzusidagi ochiq mashg‘uloti va Bilimlar bellashuvi
16.04.2025

"Ingliz tili" kafedrasi mudiri B.Isroilova va katta o‘qituvchi F.Umarovalar tashabbusi bilan birinchi bosqich talabalari uchun unutilmas va bilimga boy mashg‘ulot tashkil etildi. "Iqtisodiyot" 103, "Turizm" 107 va "Energetika" 106-guruh talabalari "Eco park"ning sokin va musaffo muhitida "Leisure time activities" (Bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish) mavzusidagi ochiq mashg‘ulotda ishtirok etishdi. Ushbu dars talabalarga ingliz tilini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, tabiat qo‘ynida o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazish imkoniyatini berdi.
Mashg‘ulot davomida talabalar mavzuga oid yangi so‘zlar va iboralarni ishlatib, o‘zlarining sevimli bo‘sh vaqt faoliyatlari haqida ingliz tilida hikoya qilishdi. Interaktiv uslubiy yondashuv sifatida talabalarning faolligini oshirish uchun turli o‘yinlar va topshiriqlardan foydalanishdi.
Mashg‘ulotning eng qiziqarli qismi "Bilimlar bellashuvi" bo‘ldi. Bellashuvda guruhlar o‘rtasida ingliz tilida savol-javob bo‘lib o‘tdi. Talabalar o‘zlarining bilimlarini, ijodkorliklarini va ingliz tilida erkin muloqot qilish qobiliyatlarini namoyish etishdi. G‘olib guruhlar rag‘batlantirildi.
Ushbu mashg‘ulot "Ingliz tili" kafedrasi tomonidan talabalarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, ularning ingliz tilida so‘zlash qobiliyatlarini rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida tashkil etildi. Bunday amaliy mashg‘ulotlar talabalarning kelajakda malakali mutaxassis bo‘lib yetishishlarida muhim rol o‘ynaydi.
"Ingliz tili" kafedrasi axboroti
Universitet matbuot xizmati