Markaziy bog‘da
11.04.2025

8-aprel kuni "Ingliz tili" kafedrasi o‘qituvchilari Feruza Umarova va Nargiza Yuldashovalar GTQ-102 guruh talabalari bilan birgalikda unutilmas va foydali sayohatga otlanishdi – Mirzo Ulug‘bek nomidagi Markaziy bog‘ga tashrif buyurishdi. Ushbu tashrif faqatgina sayr qilish emas, balki o‘quv jarayonini yanada qiziqarli va amaliyotga yo‘naltirilgan holda tashkil etish maqsadida rejalashtirilgan edi.
Sayohat davomida talabalar ingliz tilida "Health and Fitness" (Sog‘lom Hayot va Jismoniy Tarbiya) mavzusida mashg‘ulot o‘tkazishdi. Mashg‘ulot bog‘ning go‘zal va ko‘rkam tabiatida o‘ziga xos tarzda tashkil etildi. O‘qituvchilar talabalarga sog‘lom turmush tarzini ingliz tilida muhokama qilish, sport va jismoniy faollik haqida so‘zlash, sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha lug‘at boyligini oshirish imkoniyatini berishdi.
Mashg‘ulot davomida talabalar turli xil qiziqarli va interaktiv mashqlarni bajarishdi. Ular guruhlarga bo‘linib, sog‘lom hayotga oid mavzularda ingliz tilida sahnalar ko‘rsatishdi, rolli o‘yinlar o‘ynashdi va fikr almashishdi.
Ushbu sayohat talabalar uchun nafaqat ingliz tilini o‘rganishda, balki sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Bog‘dagi mashg‘ulot talabalarga darsliklardan tashqari, real hayot bilan bog‘liq bo‘lgan mavzularni o‘rganish va amaliy ko‘nikmalarini oshirish imkonini berdi. Bunday tashabbuslar talabalarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi va ularni kelajakda yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladi.
"Ingliz tili" kafedrasi axboroti
Universitet matbuot xizmati





