Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti 90 yillik shonli tarix
10.04.2025

2025 yil 9 aprel kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqot universitetining (TIQXMMI) 90 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali marosim va “Globallashuv sharoitida ixtisoslashgan oliy ta’lim va ilm-fanning rivoji: muammolar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat organlari, elchixonalar, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, qo‘shni davlatlar hamda mamlakatimizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari, olimlar va talabalar ishtirok etdi.
Tantanali marosimda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov so‘zga chiqib, universitet jamoasining izchil mehnati tufayli TIQXMMI O‘zbekiston oliy ta’lim tizimining xalqaro maydondagi nufuzini oshirishda yetakchi o‘rinni egallayotganini ta’kidladi.
— Universitetda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, xalqaro hamkorlik va ta’lim jarayonidagi innovatsion yondashuvlar yurtimiz ta’lim sohasini yangi bosqichga olib chiqmoqda, — dedi vazir o‘z nutqida.
Markaziy Osiyoda irrigatsiya, melioratsiya va qishloq xo‘jaligi sohalari bo‘yicha ilk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida 1934 yilda tashkil etilgan ushbu dargoh, 2017–2021 yillarda Prezident qaroriga asosan Milliy tadqiqot universiteti maqomini oldi.
Bugungi kunda TIQXMMI sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar, huquq va chet tillari kabi yo‘nalishlarda zamonaviy kafedralarga ega. Universitet tarkibida Buxoro, Qarshi va Olmata filiallari, shuningdek, ilmiy-tadqiqot institutlari samarali faoliyat yuritmoqda.
90 yillik tarix, ilmiy salohiyat va islohotlarga mos rivojlanish TIQXMMIni milliy taraqqiyot yo‘lida muhim ta’lim maskaniga aylantirmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy telegram kanali









