Tantanali tadbir taassurotlari

10.04.2025

#Ma`naviy va tashkiliy #Yangilik


Jamiyat, mamlakat hayotida shunday sanalar bo‘ladiki, u butun bir tarixni, jonli jarayonni o‘zida ifoda etadi. 90 yil “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti uchun alohida ahamiyat kasb etadi. 

  Shu sana munosabati bilan universitetimizda tashkil etilgan tadbir marosimi ulkan shukuh kasb etdi. 

  Tasavvur qiling. Rivojlangan davlatlar elchilarining, nufuzli xalqaro agentliklar rahbarlarining, yuqori rutbali hamkorlarning tashrif va tabriklari davraga ham, jamoamizga ham ayricha ruh baxsh etdi desak xato bo‘lmaydi. 

  Belorussiya, Xitoy, Germaniya, Vengriya, Eron, Qozog‘iston, Malayziya, Rossiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Tojikiston, Turkiyadan tashrif buyurgan jami 70 ga yaqin mehmon, Germaniya, Vengriya, Xitoy, Rossiya, Avstriya, Tojikiston, Hindiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Fransiya, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonalaridan hamda Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori kabi nufuzli insonlarning tashrifi tantanali marosimning shukuhini yana o‘n bor yuksaltirdi. 

  Ayniqsa, “Globallashuv sharoitida ixtisoslashgan oliy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish muammolari va istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiya bu marosimning jahoniy miqyosini va ahamiyatini namoyish etdi. 

  Boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Chunki “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti o‘zining 90 yillik an’analariga ega, muhandislik (irrigatsiya, suv resurslari, atrof-muhit, energetika va avtomatlashtirish, qishloq xo‘jaligi va boshqalar), tabiiy fanlar, yer tuzish, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti va marketing sohalaridagi yetakchi dasturlari bilan mashhur bo‘lgan birinchi darajali mintaqaviy tan olingan akademik va tadqiqot universitetidir. 

  O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 10-dekabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari uchun innovatsiyalar va raqamlashtirishga asoslangan muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-42 sonli Qarori bilan institut “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetiga aylantirilgani e’tiborga molik. 

  Universitet Markaziy Osiyo va undan tashqarida suv, atrof muhit, energetika, qishloq xo‘jaligi, yer tuzish va qator muhim yo‘nalishlarda ilmiy tadqiqotlar, oliy ta’lim va ekspert maslahat xizmatlarini ko‘rsatuvchi yetakchi oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasasi sifatida boy tarixga ega.

  Universitet bitiruvchilari nafaqat butun mamlakatimiz bo‘ylab, balki Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi, Sharqiy Yevropa kabi boshqa mintaqa davlatlarida tadqiqot ishlarini amalga oshirib, turli lavozimlarda faoliyat yuritmoqda hamda mamlakat va mintaqaning barqaror taraqqiyotiga katta hissa qo‘shib kelmoqdalar.

  Tantanali tadbir universitetning 90 yilligiga bag‘ishlangan she’r asosidagi qo‘shiqqa ishlangan videoklip va hujjatli film namoyishi bilan boshlandi. So‘ngra taniqli boshlovchilarimiz Nodirbek va Dilnozaxonlar davrani ko‘tarinki tarzda ochib dastavval, universitetimiz rektori Bahodir Mirzayevga so‘z berishdi. 

  Rektor qutlug‘ sana munosabati bilan tashrif buyurgan mehmonlarga samimiy minnatdorchiliklarini bildirdi va jamoaning faoliyati va erishgan yutuqlarini qayd etdi. 

  So‘ngra Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamrayev va boshqa nufuzli rahbarlarga so‘z berildi. Ular esa vazirliklarning ko‘krak nishonlarini universitetimizning yetakchi olimlariga taqdim etishdi.

  “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining 90 yillik tajriba va ilmiy an’analarini yangi avlodga yetkazish, ta’lim va tadqiqot sohasidagi yuksak natijalarni jahon miqyosida targ‘ib qilish tadbir zamiriga jo bo‘ldi. 

  Shuningdek, globallashuv sharoitida oliy ta’lim va ilm-fan tizimlarida yuzaga kelayotgan muammolarni tahlil qilish va ularning yechimiga yo‘naltirilgan ilmiy yondoshuvlarni tavsiya qilish, Mintaqada oliy ta’lim va ilm-fan taraqqiyotining istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash, tajriba almashish va ularni amalga oshirish strategiyalarini muhokama qilish, global muhit, iqlim o‘zgarishi va ekologiya, yashil infratuzilmani rivojlantirish, yashil iqtisodiyot, melioratsiya va mexanizatsiya, sun’iy intellekt, energiya samaradorligi, yer resurslarini boshqarish, tuproq unumdorligini oshirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalari, ilmiy tadqiqotlar sifati kabi dolzarb masalalar xalqaro konferensiyaning asosiy maqsadini ifoda etdi. 

  Ayniqsa, konferensiyaning keyingi kunida globallashuv sharoitida ixtisoslashgan oliy ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish muammolari va istiqbollarining turli yo‘nalishlari yuzasidan 7 ta parallel (muqobil) seksiyalarda faoliyat olib borishi ham chinakam sharaf. 

  Yutuqlarimiz bardavom bo‘laversin!

Universitet matbuot xizmati