"TIQXMMI" Milliy tadqiqot universiteti vakillarining TUKEdagi ilmiy faoliyati davom etmoqda....
08.04.2025

Avval xabar berganimizdek, Slovakiya Milliy Stipendiya dasturi (NSP) doirasida TIQXMMI Milliy tadqiqot universiteti professori Fatxullayev Alisher va tayanch doktorant Zokirov Ilhomjon Technical University of Košice (TUKE)da ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Tashrif chog‘ida TIQXMMI MTU faoliyati, yo‘nalishlari hamda olib borilayotgan tadqiqotlari bo‘yicha seminar ham tashkil etildi.
Professor Alisher Fatxullayev tomonidan TUKE universitetining “Structural Engineering” bakalavriat yo‘nalishi va “Technology and Management in Construction” magistratura yo‘nalishi talabalari uchun ma’ruza mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Ma’ruzalar davomida irrigatsiya va qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan tub islohotlar, zamonaviy muhandislik yechimlari, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish tajribalari, loyihalarni samarali boshqarish tamoyillari hamda suv resurslaridan oqilona foydalanish strategiyalari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ushbu mavzular TUKE talabalari orasida katta qiziqish uyg‘otib, ular tomonidan faol muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Tayanch doktorant Ilhomjon Zokirov ham universitet professorlari Martina Zelenakova hamda Hany Farhat rahbarligida irrigatsiya tizimlaridagi muammolarni o‘rganishga qaratilgan, keng miqyosdagi zamonaviy tahlil usullari va hisoblash modellarini qo‘llagan holda tadqiqot ishlarini olib bormoqda.







