Maxsus marosim: Yorliq - ishonch koʻprigi

07.03.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari #Yangilik

Taniqli adib Oʼtkir Hoshimov oʻz qaydlaridan birida shunday yozgan edi:  “Orzu yoʻqolsa umid qoladi, umid yoʻqolsa  ishonch qoladi,  ishonch yoʼqolsa hech narsa qolmaydi.” Shuning uchun ham ishonch iymonning koʻzgusi. Shubha esa gumonga sabab boʻlib iymondan ayiradi. Ishonch doʻstlik va hamkorlikka keng yoʻldir.

Ishonch yorliqlari xuddi shu maʼnoda davlatlarni hamjihatlikka chorlaydi.  Bu xorijiy davlat elchilariga ularning mamlakatida diplomatik vakil sifatida rasman faoliyat olib borish vakolatini beruvchi hujjatdir. U siyosiy mohiyatga ega boʻlib ushbu yorliqlar tegishli davlat rahbari yoki tashqi ishlar vazirligi tomonidan tayyorlanadi va qabul qiluvchi mamlakat davlat rahbariga topshiriladi.

Ishonch yorligʻi elchining rasmiy maqomini tasdiqlash – Elchi aynan shu hujjat orqali qabul qiluvchi davlat tomonidan tan olinadi va oʻz faoliyatini qonuniy boshlaydi. Shuningdek, u diplomatik munosabatlarni mustahkamlash, Davlat rahbarlari oʻrtasida ishonchni oʻstirishga xizmat qiladi.

Uning oʻziga xos imkoniyatlari bor. Rasmiy uchrashuvlar va muzokaralar oʻtkazish,  savdo va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish,  madaniy va taʻlim aloqalarini rivojlantirish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish elchilar zimmasidagi vazifalar sanaladi.

Xuddi shu maʼnoda 6 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yangi tayinlangan xorijiy elchilardan ishonch yorliqlarini qabul qilib olishga bagʻishlangan tantanali marosim tashkil etildi. Prezidentimiz mamlakatimizga yangi tayinlangan bir qator xorijiy davlatlarning favqulodda va muxtor elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Marosimda quyidagi elchilar ishonch yorliqlarini topshirdilar:

Misr Arab Respublikasi elchisi Tamer Fatxi;

Italiya Respublikasi elchisi Pergabriyel Papadia de Bottini;

Qirgʻiz Respublikasi elchisi Duyshonqul Chotonov;

Belarus Respublikasi elchisi Aleksandr Ogorodnikov;

Gruziya elchisi David Kotariya;

Turkiya Respublikasi elchisi Ufuk Ulutash.

Davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarni Oʻzbekistondagi diplomatik missiyasini boshlagani bilan tabriklab, ularga muvaffaqiyatlar tiladi. Ushbu uchrashuvda Prezident Mirziyoyev xalqaro maydonda doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashning muhimligini taʻkidlab, Oʻzbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati haqida soʻz yuritdi.

Prezidentimiz umumiy siyosiy iroda tufayli Markaziy Osiyo mintaqasi yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va integratsiya hududiga aylanib borayotganini alohida qayd etdi. Shuningdek, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʻzo boʻlish yoʻlidagi saʻy-harakatlari xorijiy davlatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani uchun minnatdorlik bildirildi.

Yangi tayinlangan elchilar oʻz navbatida, samimiy qabul va yaratilgan sharoitlar uchun minnatdorlik izhor etib, Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirish yoʻlida barcha kuch-gʻayratlarini safarbar etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Ushbu uchrashuv Oʻzbekistonning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga boʻlgan intilishining yana bir yorqin namunasidir.

Davlatimiz rahbari diplomatik vakolatxonalar rahbarlarini Yangi Oʻzbekistondagi sharafli missiyasi boshlangani bilan samimiy tabrikladi.

Dunyoda ziddiyatlar keskinlashib, geosiyosiy raqobat kuchayib borayotgan hozirgi davrda doʻst davlatlarning bir-birini qoʻllab-quvvatlashi har qachongidan ham muhim ekani taʼkidlandi.

Bunday sharoitda Oʻzbekiston oʻzining ochiq va pragmatik tashqi siyosati bilan oʻzaro hurmat va doʻstlikni mustahkamlab, dunyoning barcha mintaqalaridagi davlatlar, xalqaro tashkilotlar va global moliyaviy institutlar bilan amaliy sheriklikni rivojlantirmoqda.

Prezidentimiz umumiy siyosiy iroda tufayli Markaziy Osiyo yaxshi qoʻshnichilik, ishonch va integratsiya mintaqasiga aylanib borayotganini alohida taʼkidladi.

Joriy yilda Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarida raislik qilmoqda va Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan tarixiy sammitga tayyorgarlik koʻrmoqda.

Boʻlayotgan jadal oʻzgarishlar tufayli mintaqamizga qiziqish tobora ortib, “Markaziy Osiyo plyus” muloqot maydoni kengayib borayotgani taʼkidlandi.

Joriy yil aprel oyida mamlakatimizda “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti, may oyida esa “Markaziy Osiyo - Koʻrfaz arab mamlakatlari” formatidagi ikkinchi uchrashuv boʻlib oʻtadi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida 11 ta rezolyutsiya qabul qilingani alohida qayd etildi.

- Islohotlarimizdan koʻzlangan asosiy maqsad - har bir inson manfaatlarini taʼminlash va aholi daromadlarini oshirish, “kelajak iqtisodiyoti” va ilgʻor infratuzilmani barpo etish, jozibador investitsiya va ishbilarmonlik muhitini taʼminlashdan iborat. “Oʻzbekiston - 2030” strategiyasi doirasida belgilab olgan ulkan maqsad va rejalarimizni amalga oshirish uchun bizda yetarli salohiyat va imkoniyatlar, eng muhimi, kuchli intilish va siyosiy iroda bor, - dedi Shavkat Mirziyoyev mamnun holda.

Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini qoʻllab-quvvatlagani uchun diplomatik missiyalar rahbarlari vakillik qilayotgan mamlakatlar hukumatlariga minnatdorlik bildirildi.

Davlatimiz rahbari qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, yengil sanoat, sogʻliqni saqlash, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish zarurligiga alohida eʼtibor qaratdi. Hududlararo, tibbiyot va taʼlim forumlarini samarali oʻtkazish muhimligi qayd etildi.

Yangi istiqbolli yoʻnalishlar va aniq loyihalarni ilgari surish maqsadida joriy yilda Oʻzbekistonda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yigʻilishini tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Marosim yakunida davlatimiz rahbari yangi tayinlangan elchilarga sharafli va masʼuliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi, sheriklikni mustahkamlash uchun mavjud barcha imkoniyatlardan samarali foydalanishga chaqirdi, hududlar va xususiy biznes vakillari bilan faol hamkorlik qilishni tavsiya qildi.

Oʻz navbatida, diplomatlar samimiy qabul va samarali faoliyati uchun yaratilgan sharoitlarga minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni faol ilgari surish yoʻlida oʻzlarining butun professional tajribasi va bilimidan foydalanishga tayyor ekanini taʼkidladilar.

Shunday qilib, ishonch yorliqlarning qabul qilinishi diplomatik munosabatlarning yangi bosqichga chiqishini anglatadi va mamlakatlar oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy hamkorlikni kengaytirish uchun muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

 

           Rahimboy JUMANIYOZOV,

Professor, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi