TAʼSIRCHAN TABRIK: AYOLLARI MAʼRIFATLI BOʻLGAN XALQ BAXTLI

08.03.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

TAʼSIRCHAN TABRIK: AYOLLARI MAʼRIFATLI BOʻLGAN XALQ BAXTLI

Dunyo tarixiga nazar tashlasangiz, bironta mutafakkir,  notiq yoki shoir yoʻqki, ayollar haqida goʻzal  soʻzlar aytmagan boʻlsin. “Ayolga nisbatan hurmat yoʻq joyda haqiqiy muhabbat ham boʻlishi mumkin emas”- deydi  Jorj Bayron. Jaloliddin Rumiy esa “Ayol – nurdir, u faqat mahbuba yoki ona emas, balki u yaratuvchi zotdir.” deyishi bilan haqli. 

Demak, bu dunyoning haqiqiy tayanchi, hayot yaratish quvvati bor boʻlgan zoti sharifalar shunchaki, goʻzallik timsoli emas, balki umrning mazmun-mohiyatidir desak oʻrinli boʻladi. 

Xotin-qizlarga boʻlgan yuksak hurmat-ehtirom ruhini kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi tabrik nutqidan anglab olish qiyin emas.

Soʻnggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini toʻliq taʼminlash, ularning qadr-qimmatini ulugʻlash Yangi Oʻzbekistonning davlat siyosatida yetakchi oʻringa qoʻyilganini ayricha gʻurur bilan eʼtirof etdi Prezident oʻz nutqida. Misol sifatida, 2017 yilda boshqaruv sohasida xotin-qizlar oʻrtacha 20 foizni tashkil etgan boʻlsa, hozirda bu raqam 35 foizga yetganini taʼkidladi.

Oʻtgan yili Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidagi ayol sportchilardan 3 nafari oltin, 8 nafari kumush, 3 nafari bronza medalini qoʻlga kiritgani tariximizda ilgari boʻlmagan natijadir. Qizlarimiz madaniyat va sanʼat sohasida ham Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarishmoqda. Oʻtgan yili madaniyat va sanʼat sohasidagi nufuzli xalqaro tanlovlarda 25 nafar, mamlakat miqyosidagi koʻrik-tanlovlarda esa 71 nafar isteʼdodli qizlarimiz gʻolib boʻlganlari ham shundan dalolat beradi.

Har yili ogʻir vaziyatga tushib qolgan 50 ming nafar xotin-qiz mamlakatimizdagi soʻlim maskanlarga oʻqish va hordiq chiqarish uchun yuboriladi. Ularga psixologik yordam koʻrsatilib, tadbirkorlik koʻnikmalarini oʻrgatish boʻyicha motivatsion seminarlar tashkil etiladi. Chunki,  xotin-qizlarning salomatligi – har tomonlama sogʻlom va qudratli jamiyat poydevoridir.

Prezident “Bitta qizni oʻqitsak, butun oilaga taʼlim bergan boʻlamiz. Agar oila bilimli, maʼrifatli boʻlsa, jamiyatning ongi, madaniy darajasi ham yuksaladi”-deya uqtirdi. 

Yurtimizdagi 203 ta oliygoh talabalarining 52 foizdan ortigʻini xotin-qizlar tashkil etayotgani mana shu ezgu gʻoyaning amaliy natijasi, oʻtgan yilning oʻzida magistraturada oʻqiyotgan 15 mingga yaqin xotin-qizlarga 100 milliard soʻmga yaqin kontrakt puli toʻlab berildi.Hozirgi vaqtda 6 ming 200 dan ortiq xotin-qizlar ilmiy faoliyat bilan shugʻullanayotgani, ilmiy ishlanmalarning 25 foizini olima ayollarimiz yaratayotgani ham, jamiyatda ularning oʻrni mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ularning orasida xalqaro darajada eʼtirof etilayotgan ilm-fan vakillarining borligi barchamizga cheksiz faxr-iftixor bagʻishlaydi, yoshlarimizni yangi-yangi yutuqlarga undaydi.

Men oʻziga katta ijtimoiy masʼuliyat olgan mana shunday ishbilarmon xotin-qizlarni “Yangi Oʻzbekistonning bunyodkor ayollari” deb bilaman va ularga chuqur minnatdorlik izhor etaman, degan fikrlari har qanday insonni gʻururlantirmasdan qolmaydi, albatta. 

Davlatimiz rahbarining tabrik nutqini tinglay turib tugʻilgan baʼzi mulohazalarni umumlashtirib aytishni istardik.

Prezident oʻz nutqida soʻnggi yillarda ayollarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtiroki sezilarli darajada oshganini qayd etdi. Xususan, davlat boshqaruvi sohasida xotin-qizlar ulushi 27 foizdan 35 foizgacha oshgani va Oʻzbekiston gender tenglik boʻyicha dunyoning eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakati qatoriga kirgani taʼkidlandi. 

Shuningdek, Prezident ayollarning taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratdi. Qizlar uchun oliy oʻquv yurtlariga alohida qabul kvotalari joriy etilishi taʼlim sohasidagi muhim qadamlardan biri sifatida qayd etildi. Bu orqali ayollarning ilmiy va madaniy saviyasini yuksaltirish, ularni munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlash maqsad qilingani taʼkidlandi. 

Prezident Mirziyoyevning taʼkidlashicha, oʻqimishli, oliy maʼlumotli ayollar oilada ham, ishda ham, jamiyat hayotida ham hamma narsaga ilm-maʼrifat bilan, ongli va faol yondashadi va munosib ishtirok etadi. Shu bois, xotin-qizlar uchun ilm-fan va kasb-hunar yoʻllarini keng ochib berish muhimligi qayd etildi. 

Prezidentning nutqi davomida bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga qamrab olish darajasini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham maʼlumot berildi. Bolalar bogʻchalari sonini oshirish orqali bolalarni maktabgacha taʼlimga qamrab olish darajasini 60 foizga yetkazish rejalashtirilgani taʼkidlandi. Bu orqali bolalarning taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor qaratish, shuningdek, ota-onalarning, ayniqsa, ayollarning mehnat bozoridagi ishtirokiga ijobiy taʼsir koʻrsatish maqsad qilingan.

Prezident Mirziyoyevning nutqi ayollar huquqlarini himoya qilish va ularning jamiyatdagi faolligini oshirishga qaratilgan islohotlarning izchil davom ettirilishini koʻrsatdi. Ushbu islohotlar ayollarning jamiyatdagi oʻrni va ahamiyatini yanada oshirishga qaratilgani taʼkidlandi.

Taʼsirchan tabrik nutqdan xalqimiz ruhlandi, ayniqsa, xotin-qizlarimiz oʻzlari uchun ilhombaxsh kuch oldi,  desak oʻrinli boʻladi.


 Rahimboy JUMANIYOZOV. Professor, 

Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi