Xalqaro ta’lim ko‘rgazmasiga universitetimiz talabalarining tashrifi
03.03.2025

Xalqaro ta’lim ko‘rgazmasiga universitetimiz talabalarining tashrifi
Joriy yilning 26 fevral sanasida Toshkent shahrida xalqaro ta’lim ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Mazkur tadbirga universitetimiz talabalari va professor o‘qituvchilari tashrif buyurishdi. Tadbirda AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Bolgariya, Vengriya, Gong Kong, Gruziya, Italiya, Kanada, Xitoy, Latviya, Litva, Malayziya, Birlashgan Arab Amirligi, Slovakiya, Turkiya, O‘zbekiston, Fransiya, Chexiya, Shveytsariya kabi mamlakatlarning oliy ta’lim muassasalari ishtirok qilib, ta’lim ko‘rgazmasida bakalavr, magistr, doktorlik ta’lim dasturlari va mavjud xalqaro stipendiyalar tanlovi haqida yetarlicha ma’lumot berildi.
Mazkur ta’lim ko‘rgazmasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti dotsenti G.Eshchanova universitet talabalari bilan ishtirok qilib, talabalarga kelgusida tahsil olish uchun xalqaro oliy ta’lim tanlashda qo‘yilayotgan talablar, xorijiy tilni bilish shartlari va kerakli hujjatlarni to‘plash bo‘yicha ma’lumotlar olishga yaqindan yordam berdi.
Shuningdek, universitetimizning “Iqtisodiyot” Fakulteti bilan Gong Kong Ilm-fan va Texnologiya Universiteti (Hong Kong University of Science and Technology) o‘rtasida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, iqtisodiyot ta’lim yo‘nalishlari doirasida bakalavr va magistr talabalari uchun ta’lim almashinuvi va yozgi kurslarni tashkil qilish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishildi.
Umid qilamizki, bu kabi xalqaro ta’lim yarmarkalarida universitetimiz talabalari va o‘qituvchilarining faol qatnashishlari kelgusidagi mustahkam hamkorlikka poydevor bo‘lib xizmat qiladi.



