Mazmundor umr manbai
01.03.2025

Mazmundor umr manbai
Dovonlar osha ilgarilanma harakat inson umrining mazmun-mohiyatini bildiradi. Yashash qarash va kurashlar birligidan iborat. Shunday ekan, yashash mobaynida o‘qish, kasb tanlash va ishlash, oila qurish, farzandlar ko‘rish, ularni ulg‘aytirish, uyli-joyli qilish, to‘ylarini o‘tkazish, kasbga tayyorlash, hammasi muhim dovonlardir. Ulardan muvaffaqiyatli oshib o‘tish uchun insonga aql-idrok, bilim, saviya, keng qamrovli dunyoqarash, tajriba kabi ijtimoiy tushunchalar, insoniy fazilatlar kerak bo‘ladi. Inson tabiati va tiynatidagi halollik va rostgo‘ylik, adolatparvarlik va samimiyat, o‘zaro ishonch va hurmat, yor-do‘stlari va kasbiga sadoqat tuyg‘usi ana shu dovonlar osha muvaffaqiyatlarning kafolatidir.
Muborak yoshni nishonlayotgan, 70 bahorini qarshilayotgan iqtidorli olim, tajribali pedagog va ma’rifatparvar oila sohibi Ashirbek Rahimovich Muratov hayot dovonlaridan muvaffaqiyat bilan oshib kelayotgan oqil, nodir va olim otadir. Aql qudrati noyob ne’mat, nodir fazilat ekanini idrok etganini, muqaddas tutganini o‘z farzandlaridan biriga Oqilbek, ikkinchisiga Nodirbek deb nom qo‘yganidan ham anglab olish qiyin emas. Ana shunday umrgina sermazmun va uzun bo‘lishi muqarrardir.
“TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining “Qurilishni tashkillashtirish va texnologiyasi” kafedrasi dotsenti, texnika fanlari nomzodi, iste’dodli pedagog Ashirbek Rahimovich Muratov yuqoridagi fazilatlarni o‘z faoliyatida aks ettira olgan yurt ishiga fidoyi, ta’lim-tarbiya taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan faol ustozlardandir.
El xizmatiga kamarbastalik, mas’uliyat va majburiyat tuyg‘usi, har qanday holatda ham yurt ishini va manfaatini barcha narsadan ustun qo‘yish, fidoyilik kabi fazilatlar uning hayot yo‘liga ruh va mazmun baxsh etgani rost. Ularning hayot yo‘li va faoliyatiga birrov nazar orqali ham buni bilish mumkin.
U 1955 yilda tug‘ilgan. 1972 yilda o‘rta maktabni tugatgandan so‘ng aynan shu yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash injenerlari institutiga (TIQMMI) o‘qishga kirgan. 1977 yilda mazkur institutning “Gidromelioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” mutaxassisligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomlab, “Injener–mexanik” malakasiga ega bo‘lgan. 1977-1982 yillarda TIQMMI ning assistenti, kunduzgi aspirantura bo‘limida tahsil olgan. 1982-2001 yillarda TIQXMMIning “Gidromelioratsiya ishlarini tashkil qilish va texnologiyasi” kafedrasi assistenti, katta o‘qituvchisi, 2000 yilda “Gidrotexnika va melioratsiya qurilishi” ixtisosligi bo‘yicha (05.23.07.), “Совершенствование технологии производства сборных конструкций гидромелиоративных систем с применением модулированных многопараметрических колебаний” mavzusida PhD (texnika fanlari nomzodi) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi, dotsent unvoniga erishdi. Mehnat faoliyati davomida TIQXMMI da yangi “Suv xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” (SX va MIM) ta’lim yo‘nalishi DTS ishlab chiqishda tashabbuskor guruh rahbari, “Irrigatsiya va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash“ fakulteti dekani (2001-2004 y.y.), TIMI dotsenti (2005-2012 y.y.), «Suv xo‘jaligini avtomatlashtirish va mexanizatsiyalash” fakulteti dekani (2013-2017 y.y.) bo‘lgan va 2022 yil mart oyidan hozirgi kungacha TIQXMMI MTU “Qurilishni tashkillashtirish va texnologiyasi” kafedrasi dotsenti lavozimida ishlab kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-oktyabrdagi “Irrigatsiyani rivojlantirish va sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashning 2018-2019 yillarga mo‘ljallangan dasturi” to‘g‘risidagi (PQ-3405 sonli) qarorlarida keltirilgan vazifalarni bajarish uchun “Ilm - ishlab chiqarish - ta’lim integratsiyasi” dasturlari doirasida mavzular rahbari, mas’ul bajaruvchisi sifatida ishtirok qilib ITI da olingan natijalarni “Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagogik kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora tadbirlari to‘g‘risida” gi (PF № 4732 - sonli) farmoni ijrosini ta’minlashda “Irrigatsiya va melioratsiya” va “Suv xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” yo‘nalishlari pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kursi trener-o‘qituvchisi hamda kafedra dotsenti sifatida institut bakalavriat, magistraturada tizimlarida malakali kadrlar tayyorlashda qo‘llab kelmoqda.
Ashirbek Muratov 150 dan ortiq ilmiy-metodik ishlar, jumladan, 10 ta ixtirochilik guvohnomasi, 2 ta darslik, 5 ta o‘quv qo‘llanma, bir necha ilmiy-amaliy ishlanmalar – tavsiyalar va qator dolzarb muammolarga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar muallifi hisoblanadi. Muratov A.R. rahbarligida bir nechta magistrlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. Uning faoliyati ustoz shogird an’anasi - taraqqiyot tantanasi sifatida katta ahamiyat kasb etadi.
Ustozning shogirdlarga bo‘lgan mehri – ta’lim-tarbiya jarayonida eng muhim omillardan biri. U shogirdning nainki bilimi, balki shaxs sifatida kamol topishiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. U avvalambor shogirdlariga otadek mehribon shaxs. Ashirbek aka ustozlarida ana shu tuyg‘uni, fazilatlarni his etdi va shogirdlariga ham shuni ravo ko‘rdi.
U Abu Homid G‘azzoliyning ushbu hikmatini qadrlaydi va amal qiladi ham. ”Otang seni bu dunyoga keltirdi, ustozing esa senga haqiqiy hayot baxsh etdi.“ Demak, ustoz shogirdga bilim va odob o‘rgatib, uning kelajagini yoritadi. Shogirdning ustoz muhabbati bilan yuksalishi haq.
Abu Nasr Forobiy ”Fozil odamlar shahri“ asarida yozishicha, ustoz shogirdiga mehr qo‘ysa, uning qobiliyati rivojlanadi. Bu ta’lim jarayonidagi muhitning ham shogird kamolotiga ta’sirini ko‘rsatadi. Ustoz shogirdga o‘zidan ham ko‘proq ishonadi.
Shu haqda so‘z ketganda, u ustozlarining mehri hamda muruvvatini bot-bot eslab turadi. 1972-1977 yillari Ashirbek Muratovning TIQXMMIni iqtidorli talaba bo‘lib o‘qishi, keyin yosh mutaxassis sifatida olib qolinishida ilk ustozi, dotsent Shavkat Qayumovich Pulatovning tashabbusi va fakultet dekani sifatida o‘rni salmoqli bo‘lgan. 1974- yilda esa keyingi ustozi Nail Qayumovich Usmanov talabalar ilmiy jamiyatining rahbari sifatida, keyingi ilmiy ishlarida muvaffaqiyatlar qozonishida o‘z maslahatlari bilan ibrat ko‘rsatgan. 1978-yildan boshlab A.Muratov o‘zining ilmiy, pedagogik va shogirdlar tayyorlash faoliyatida ustozi professor Sadulla Iskandarovning xizmatlari beqiyos bo‘lganini faxr-u iftixor bilan ko‘p bor eslab turadi.
1977-2003 yillarda ustozi dotsent Shavkat Qayumovich Pulatov rahbarligida ilmiy - metodik va ilmiy tekshirish ishlari bajarilgan. 1979 - 1982 yillarda professor Aleksandr Grigoryevich Ostankov rahbarligida texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tayyorlagan va muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Hozirgi kunda A.Muratovning shogirdlari t.f.n., dotsentlar A.U.Atadjanov, I.J. Xudoyev, F.Bekchanov, S.Meliqo‘ziyevlar ”TIQXMMI“ MTU da mas’uliyatli tarzda faoliyat olib borishmoqda. Shuningdek, ko‘pgina shogirdlari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida, viloyatlar va tuman hokimliklarida muvaffaqiyatli tarzda ish yuritishmoqda.
Buyuk mutafakkirlardan Jaloliddin Rumiy shogird tarbiyasi haqida shunday deydi: ”Ustozning mehri shogirdiga bo‘lgan ishonchidir. Agar ustoz shogirdining aql-u zakovatiga ishonsa, u ulkan yuksaklikka erishadi.“
Ustozning mehri fidoyilik bilan bog‘liq. Har bir muvaffaqiyatli inson ortida buyuk ustozlar turadi. Ibn Sino, Beruniy, Navoiy, Leonardo da Vinchi kabi zotlarning kamoloti ular ustozlarining mehnatlari bilan bog‘liq. Ustozlar o‘z vaqti, kuch-g‘ayrati va bilimlarini shogirdlar uchun ayamaydilar. Haqiqiy ustoz shogirdining qalbida doimo yashaydi.
Abu Ali ibn Sino o‘z ustozi Abu Abdulloh Natiliy haqida shunday yozgan: ”Menga ilm eshiklarini ochgan kishi – mening ustozim. Uni hech qachon unutmayman.“ Shu ma’noda, ustozning mehri shogird qalbida abadiy qoladi. Bu mehr orqali u hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlaydi, insonlarga foydali shaxsga aylanadi.
Ashirbek Muratov O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2023-2024 yillarda Saudiya Arabistoni “Metito Utilities Limited” tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Namangan viloyatidagi Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi “Nasos Stansiyalari va Energetika boshqarmasi” ga qarashli 28 ta nasos stansiyalarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga olish loyihasi texnik direktori bo‘lib ishlagan.
U uzoq muddat Institut Ilmiy-metodik Kengashi a’zosi, fakultet metodik kengashi raisi, hozirda esa a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. U Muratov zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan foydalanishni yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lib, doimiy ravishda bu boradagi bilimlarini takomillashtirib bormoqda, har yili BIIM qoshidagi “Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari professor-o‘qituvchilari uchun tashkil etiladigan trenerlik kurslari”da muvaffaqiyatli qatnashib yangi axborot texnologiyalarini birinchilar qatorida qo‘llab, dars jarayonida, talabalar bilan ishlashda, talabalarning bilimini baholashda samarali foydalanmoqda.
Ashirbek Muratov rahbarligida 40 yildan ortiq davr mobaynida davlat grantlari (8 ta mavzuda rahbar, 3 ta mavzuda mas’ul bajaruvchi) va xo‘jalik shartnomalari (42 ta mavzu) asosida ilmiy-tadqiqot ishlari bajarilib kelinmoqda. Ushbu ishlarga iqtidorli talabalar va magistrantlar muntazam ravishda jalb qilinganlar va ular o‘zlarining bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini o‘tkazilgan ilmiy-tadqiqotlar materiallari asosida bajarganlar. U kafedra tomonidan talabalar akademik guruhlarida va turar joylarida katta hajmda tarbiyaviy, ma’naviy-ma’rifiy ishlar o‘tkazilishida faol ishtirok etib kelmoqda.
Ashirbek aka mas’uliyatni his qiluvchi, har bir vazifani o‘z vaqtida bajaruvchi, fikrini ochiq aytuvchi, haqiqatparvar inson bo‘lgani bois jamoa va talabalar o‘rtasida yuqori hurmatga erishdi. 1996 yilda unga “Xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi” faxriy unvoni berildi. U o‘z muvaffaqiyatlari uchun universitet rahbariyati tomonidan tegishli moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishlarga sazovor bo‘lib kelmoqda.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, Davlatimiz rahbari tomonidan milliy tadqiqot universiteti maqomi berilgan ushbu ta’lim muassasamiz dunyo universitetlari ichida e’tiborli mavqeda, Milliy reyting bo‘yicha birinchi o‘rinda borayotganidan u benihoya shod. Bu jarayonda o‘zining ham hissasi borligidan mamnun.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlarni nechog‘lik tez ilg‘ab olishlariga va mas’uliyat bilan yondashishlarida Ashirbek aka ko‘pchilikka ibrat bo‘la oladi.
Ustozning yana bir ibratli jihati ma’rifatni tarqatishga tashnaligidir. Bu borada ular amal qiladigan Abu Homid G‘azzoliyning ushbu hikmati e’tiborga molik. ”Ilmning avvali sukut, so‘ng eshitish, yod olish, amal qilish va keyin tarqatishdir.“
Xuddi shu ilmni yoyish, ma’rifatni tarqatish zamirida ma’naviyatni targ‘ib qilish ilinji yotadi. Bironta kitob o‘qisa yoki ijtimoiy tarmoqlardan biron ma’lumotlarga duch kelsa, albatta, sizga ilinadi va shu zahoti sizga yo‘naltiradi. Duch kelgan ma’lumotni emas, balki, sizning faoliyatingizga xos, qiziqish va mavzuyingizga mos bo‘lganini jo‘natadi. U esa siz uchun foydadan xoli bo‘lmaydi. Shaxsan menga til, nutq mahorati va notiqlik san’atiga oid mashriqzamin va mag‘ribzamin mutafakkirlarining bir qancha hikmatlarini yuborganlar.
Bu ulkan va mo‘tabar sana – 70 yosh nafaqat umr yillariga, balki aql, ilm va tajribaga yo‘g‘rilgan ibratli hayot yo‘llarining shukuhiga guvoh hamdir. Qalbga nur va g‘urur bo‘lgan kamtarin ustoz Ashirbek akadan shogirdlari hayot hikmatini, ilm tilsimlarini o‘rgandi va o‘rganmoqda.
O‘z xizmati bilan el-yurtimizga manfaat yetkazayotgan uchta farzand - Oybek, Oqilbek va Nodirbekning otasi, o‘nta nevaraning bobosi bo‘lgan Ashirbek Rahimovichga qarata ushbu dil izhorlarini yo‘llashni istardik. ”Dunyoda shunday insonlar borki, ularning jasorati, mehnati, muhabbati va ma’rifati abadiydir. Siz ana shunday insonlardan birisiz! Yuragingizdagi mehr va donolik hamisha barchamizga ilhom bag‘ishlaydi. Oldingizda yana ko‘p shogirdlar, samarali ishlar va quvonchli kunlar bo‘lsin! Ushbu qutlug‘ ayyomda, muborak Ramazon oyidagi tilaklarimiz duo o‘rnida mustajob bo‘lsin! Saodatxon kelinoyimiz bilan birga farzand-u nevaralaringizning rohatini, huzur-halovatini, baxt-u saodatini ko‘ring. Alloh umringizni ziyoda, quvonchlaringizni bardavom qilsin! Yubileyingiz muborak bo‘lsin, aziz ustoz!"
Mazmundor umrning manbai ularning faoliyatida uchta ustunga tayanadi. Birinchisi, el-yurtiga mehr-u muhabbati, ikkinchisi oilaviy xotirjamlik va ahillik bo‘lsa, uchinchisi esa ilmiy-pedagogik jamoasining ehtiromi, ustozlari duosi va shogirdlar ardog‘ida ekanidir.
Ustozning qutlug‘ 70 bahorni qarshilagani munosabati bilan Universitetimiz rahbariyati va butun jamoasi samimiy qutlar ekan, ularga sihat-salomatlik, yoshlarga xos shijoat va matonat, ilm-u ta’lim va mamlakat manfaati hamda ma’rifati yo‘lida doimo kuch-qudrat yor bo‘lishini tilab qoladi.
Rahimboy Jumaniyozov Professor, “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti matbuot xizmati rahbari, O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi









