Xalqimizning oltin fondi

15.02.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

Samimiy muloqotning samaradorligi bugun va  ertangi ishlarning aniq belgilanishi bilan chambarchas bogʻliq. Har qanday jamiyatning rivojlanishi va taraqqiyoti yosh avlodning tarbiyasi, bilimliligi va faolligiga bogʻliq. Yoshlar – yangilikka intiluvchi, ijodkor va tashabbuskor qatlam boʻlib, ular jamiyatning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarida faol ishtirok etishi kerak.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 14 fevral kuni yoshlar bilan muloqotida xuddi shu masalalarga eʼtibor qaratildi. Videoselektor shaklida oʻtgan uchrashuvda yoshlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish chora-tadbirlari muhokama etildi.  Davlatimiz rahbari soʻzining boshida bu uchrashuvdan mamnun ekanini taʼkidlab, yoshlarni xalqimizning oltin fondi, deb atagani yoshlarni ruhlantirib yubordi.

Eʼtibor bering,  hozirda Oʻzbekiston aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etishi, har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yigit-qizlar kirib kelayotgani,  2030 yilga borib, bu koʻrsatkich 1 million nafarga yetishi eʼtirof etildi.

Zamonaviy jamiyatda yoshlar ilgʻor bilim va kasbiy malakaga ega boʻlishi kerak. Bu jamiyatning intellektual salohiyatini oshiradi. Yoshlar jamiyatda oʻz oʻrnini topib, davlat va jamoat ishlarida ishtirok etishi, demokratiya va qonun ustuvorligini mustahkamlashga hissa qoʻshishi kerak. Bu ayni haqiqat va davr talabi. Ishbilarmonlik va innovatsiya masalalarini yoshlar teranroq his etishi kerak, bu esa iqtisodiyotga ijobiy taʼsir koʻrsatmasdan qolmaydi.

Yigʻilishda ilgari oliy taʼlimda bitta oʻrin uchun kamida 10 nafar bola kurash olib borgani qayd etildi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirilgani natijasida endi 42 foiz yoshlar qamrab olinmoqda. Xotin-qizlarga shartnoma toʻlovi davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga, ularning soni 11 karra koʻpaydi.  Oʻz sohalarida muvaffaqiyatga erishayotgan oʻgʻil-qizlar safi tobora kengaymoqda. Birgina misol – hozirgi vaqtda dunyodagi nufuzli universitetlarda 1 ming 500 dan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda.

        Har qanday davlat yosh avlodni qoʻllab-quvvatlash uchun turli dasturlar va loyihalarni amalga oshirishi aniq. Bular taʼlim va stipendiya dasturlari – Bepul taʼlim, xorijda oʻqish imkoniyatlariga eʼtibor qilishi tabiiy. Shuningdek,  tadbirkorlikni rivojlantirish – imtiyozli kreditlar, startaplarni moliyalashtirish,  ish bilan taʼminlash – yoshlar uchun maxsus kvotalar, kasbga yoʻnaltirish dasturlari ham yigʻilishda eʼtibordan chetda qolmadi.

Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni ham 2 karra koʻpayib, 4 ming nafardan oshgani, mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylangani kishini xursand qiladi. Anʼanaviy tarzda oʻtkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi ishtirokchilari soni 3 millionga yetgani ham quvonarlidir.

Videoselektorda farzandlarimiz orasida chet tillarni oʻrganishga qiziqish keskin kuchaygani, soʻnggi 3 yilda til oʻrganayotgan yoshlar soni 2 millionga yetgan boʻlsa, “IELTS” imtihonidan yuqori ball olganlar 5 karra koʻpaygani ham tilga olindi. 

Mana bu raqam ham alohida quvonch bilan taʼkidlandi. Avvalgi 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yigit-qiz xorijga oʻqishga ketgan boʻlsa, birgina “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali soʻnggi 7 yilda 2 ming 300 nafar vatandoshimiz shunday imkoniyatga ega boʻldi.

Yoshlar jamiyatning faol va yetakchi qatlami boʻlib, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun davlat va jamiyat tomonidan kuchli eʼtibor kerak. Shuningdek, yoshlar oʻzlari ham masʼuliyatli boʻlib, bilim olish, mehnat qilish va jamiyat rivojiga hissa qoʻshishga intilishi lozim. Shundagina yuksak taraqqiyotga erishish mumkin. Shuning uchun ham uchrashuvda Prezident yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 3 ta muhim hujjat imzolaganini maʼlum qildi.

Birinchi hujjatga koʻra, Yoshlar agentligi huzurida jamgʻarma tuzilib, unga 100 million dollar mablagʻ ajratildi. Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard soʻmgacha imtiyozli kreditlar beriladi, startap loyihalariga 2 milliard soʻmgacha investitsiya kiritiladi.

Ikkinchi qaror bilan, oliy oʻquv yurti bitiruvchilarining bandligini taʼminlash boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyiladi. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar yoʻnaltirilib, ularning tashabbus va gʻoyalarini loyihaga aylantirish boʻyicha bank xizmatlari joriy etiladi. Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash boʻyicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi.

Uchinchi hujjatga koʻra, Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlovchi tayanch bankka aylantirilib, unga 200 million dollar beriladi. Aloqabank oʻzini oʻzi band qilgan yoshlarning loyihalari uchun 100 million soʻmgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.

Bu ham yoshlarga eʼtiborning yuksak namunasi desak, xato boʻlmaydi.  Ayniqsa, IT sohasida “Bir million dasturchi” loyihasiga qoʻshimcha 300 ming yoshlar jalb egilish,“Raqamli ijtimoiy ekotizim”ni joriy etish boʻyicha uzoq muddatli strategiya ishlab siqilish muhim ahamiyat kasb etishi muqarrar.

Oila qaygʻusi va vatan tuygʻusi uygʻun boʻlgan qalbda ezgulik va yaratuvchanlik boʻladi. Shuning uchun ham vatanparvarlik hissini kuchaytirish maqsadida 10-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Vatan tayanchi” harakati boshlandi. Unga 300 mingdan ziyod yoshlar qamrab olingani eʼtiborga molik.

Xoʻsh,  yoshlar oʻz vataniga munosib boʻlishlari uchun ulardan nimalar talab etiladi? Bu muhim savol.

Yoshlar jamiyatda munosib, komil insonlar boʻlib voyaga yetishi uchun toʻgʻri tarbiya va taʼlim, axloqiy va maʼnaviy qadriyatlarni shakllantirish,  tanqidiy fikrlash va mustaqil qaror qabul qilish koʻnikmalarini rivojlantirish,  zamonaviy bilimlar va kasbiy mahoratni oshirish,  mehnatsevarlik va masʼuliyatni his qilish,  har qanday ishga sidqidildan yondashish,  javobgarlikni anglash va qarorlarning oqibatini tushunish,  har bir harakatda halollik va adolatni ustuvor qoʻyish,  koʻp kitob oʻqish, madaniy tadbirlarda ishtirok etish,  keksalarga hurmat, kichiklarga mehr-oqibat koʻrsatish,  muloqotda xushmuomala va samimiy boʻlish,  nutq madaniyati va notiqlik sanʼatini egallashlari lozim.

 Chunki,  Prezidentimiz ularni Uchinchi Renessansning poydevori, xalqimizning oltin fondi deya atarkan, bu ularni yanada ona yurtiga sadoqatini, mehrini mustahkamlashi, ona yurt taqdiriga daxldorlik hissini oshirishi zarur.


Rahimboy JUMANIYOZOV,  “TIQXMMI” MTU professori,

Oʼzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalarining aʼzosi