Muhim masala: Sogʻlomlik va doʻstlik elchisi, tinchlik tayanchi
14.02.2025

Bugungi kunda siyosiy va xalqaro maydonda sport
masalasiga eʼtibor yuqori darajada ekani aniq. Buning boisi u doʻstlik, hamkorlikning jarchisi va tinchlikning
elchisi boʻlishi bilan birga insoniyat salomatligining kafolatidir. Sportga
eʼtibor qaratish nafaqat jismoniy, balki ruhiy, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan
ham katta foyda keltiradi. Shuning uchun ham jamiyatda sport madaniyatini
rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya
qoʻmitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida kecha oʻtkazilgan
videoselektor ana shu jihati bilan ahamiyat kasb etdi. Unda olimpiya va
paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga
olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari boʻyicha
fikr almashinib qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Sportning, dastavval sogʻliq uchun foydaligi oynadek
ravshan. Jismoniy faollik yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi. Immunitetni
oshiradi va kasalliklarga chidamlilikni kuchaytiradi. Qon aylanishini
yaxshilaydi va stressni kamaytiradi. Meditsinada taʼkidlanishicha, u depressiya
va stressni kamaytiradi. Konsentratsiya va xotirani yaxshilaydi, eng muhimi u insonning oʻziga ishonchini
oshiradi va motivatsiyani kuchaytiradi.
Shuning uchun ham uning diqqat markazida boʻlishi
bejiz emas. Har bir ota-ona, har bir millatning niyati – jismoniy va maʼnaviy
barkamol avlodni tarbiyalashdir. Bunga esa jismoniy tarbiya va sportsiz erishib
boʻlmasligi, sport sogʻlom xalq, sogʻlom avlodning tayanch ustuni ekani alohida
uqtirildi.
Shu bois davlatimiz tomonidan bu sohaga katta
eʼtiborning natijasi oʻlaroq, soʻnggi toʻrt yilda byudjetdan sportga
ajratilayotgan mablagʻ 1,5 trillion soʻmdan 3 trillion soʻmga oshdi.
Murabbiylarning oʻrtacha maoshi 2 barobar koʻpaydi. 101 ta yirik sport
inshootlari qurildi, 67 tasi rekonstruksiya qilindi. Sportchilarimizning Parij
Olimpiadasida erishgan yutuqlari bu eʼtiborning yorqin natijalari boʻldi,
desak, xato boʻlmaydi.
Sportning ijtimoiy taraqqiyotdagi ahamiyatining tobora
oshib borishi ushbu holatlarda koʻzga tashlanadi. U jamoaviy ishlarga
moyillikni oshirib, liderlik va jamoada ishlash qobiliyatini rivojlantiradi.
Yangi doʻstlar orttirish va ijtimoiy faol boʻlishga yordam beradi. Eng muhimi,
yoshlarni turli jinoyatchilik va yomon odatlardan uzoqlashtiradi.
Tartib-intizom va masʼuliyatni shakllantiradi. Oliy natijalarga erishish uchun
mehnat qilishni oʻrgatadi. Iqtisodiy va milliy taraqqiyotdagi oʻrni va rolini
oʻtgan yilgi natijalar yaqqol koʻrsatdi. Sport sohasi orqali davlatimiz obroʻsi
oshdi. Bu oʻz navbatida yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga va turizmning
rivojlanishiga ham hissa qoʻshadi.
Videoselektor yigʻilishida 2028-yilda Los-Anjelesda
boʻladigan Olimpiya oʻyinlarida kuchli oʻntalikka kirish maqsad qilingani
taʼkidlandi. Buning uchun tayyorgarlikni kuchaytirish, sport federatsiyalarini
rivojlantirish zarur. Yigʻilishda bu masalalar 26 ta sport federatsiyasi va
hududlar kesimida tahlil qilindi. Masalan, soʻnggi Olimpiya oʻyinlarida 48 ta
dastur boʻlgan yengil atletika boʻyicha 5 ta, 49 ta suv sporti dasturidan 4 ta
litsenziya olingan, xolos. Qoraqalpogʻiston, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy,
Namangan va sirdaryolik sportchilar past natija koʻrsatgani ham roʻyi rost
eʼtirof etildi. Shu bois iqtidorli yoshlarni topish, olimpiya sport turlariga
tayyorlash, ularni va murabbiylarni ragʻbatlantirish boʻyicha yangi tizim
yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Davlatimiz rahbari bu boradagi qator
tashabbuslarni ilgari surdi.
Shuningdek, chet eldan ilgʻor tajribalar, grantlar
jalb qilish choralari koʻrilishi, sportchi va murabbiylarni xorijiy sport
akademiyalarida oʻqitilishi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Hududlardagi 310 ta
sport maktabi milliy terma jamoalarning seleksiya bazasiga aylanishi kerakligi
taʼkidlandi. Ularda yangi metodika va yondashuvlar joriy qilinadi.
Yigʻilishdagi muhim tashabbuslardan biri yiliga ikki
marta hududlarda olimpiya sport turlari boʻyicha “Yangi Oʻzbekiston Olimpiya
choʻqqilari” musobaqalar tizimi yoʻlga qoʻyilishi boʻldi. Musobaqa gʻoliblari
uy, avtomobil kabi qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanishi ham bu sohaning
ravnaqiga xizmat qiladi.
Sportchilarni topish, saralash va tayyorlash
jarayoniga raqamlashtirishni keng joriy qilish, adolatni taʼminlab, qobiliyatli
yoshlarni yuzaga chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Oʻquvchi va talabalarni sportga keng jalb etish
maqsadida har bir maktabda yakkakurash va jamoaviy olimpiya sport turlari
boʻyicha toʻgaraklar ochilishi qayd etildi. Yurtimizda 700 mingdan ziyod
talabalar borligi qayd etilib, ular oʻrtasida sportga havasni kuchaytirish,
qamrovni oshirish muhimligi koʻrsatib oʻtildi. Shu bois “Sogʻlom inson –
sogʻlom millat” gʻoyasi umummilliy harakatga aylantirilishi taʼkidlandi. Buning
uchun sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollik targʻibotini har bir oilaga olib
kirish kerakligi aytildi.
Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, sportga eʼtibor
berish faqat bir martagi kampaniya yoki qisqa muddatli loyihalar bilan
cheklanmasligi kerak. Bu jarayon uzluksiz boʻlsa, jamiyat sogʻlom va barqaror
rivojlangan boʻladi. Sport madaniyati hayot tarziga aylansa, insonlar nafaqat
jismonan, balki maʼnan va iqtisodiy jihatdan ham mustahkam boʻladi.
Rahimboy
JUMANIYOZOV
“TIQXMMI” MTU
professori, Oʼzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalarining aʼzosi