Dolzarb masala: Xizmat koʻrsatish - hurmat koʻrsatish

08.02.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari


Sharoitning yaratilishi imkoniyatlarni kengaytiradi. U esa oʻz navbatida foyda keltiradi,  mamlakatga manfaat yetkazadi. Bu rivojlanishni taʼminlaydi, xalqaro miqyosda mamlakat nufuzini oshiradi. Shunday ekan,  barcha sohada yaratilgan sharoitlar server - aʼlo darajada xizmat koʻrsatish bilan uygʻun boʻlishi shart.

Bu masalalar 7- fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida diqqat markaziga olindi. Unda hududlarda xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish masalalari tahlil qilindi.

Uch yil oldingi katta dastur endilikda oʻz natijasini berayotganlik qayd etildi. Servis sohasida qoʻshimcha 1,5 million aholi doimiy daromadga ega boʻldi. Xizmatlar miqdori 2018-yildagi 19 milliard dollardan 65 milliard dollarga oshdi.

Bu yutuqlar durust,  lekin yanada yaxshilash,  imkoniyatlarni kengaytirish lozim. Bu borada hudud va sohalarda yaxlitlik koʻzga tashlanayotgani yo‘q.

Yigʻilishda Xorazm misolida aniq faktlar bilan mulohazalar bildirildi. Xorazmga 6 million turist jalb etish reja qilingan. Lekin buning uchun samolyot va poyezdlar qatnovi yetarli emas. Tibbiyot, aviatsiya va energetikada xususiy sektor ishtirokidagi loyihalar 20 milliard dollardan oshgan. Ammo ichimlik suvi, kanalizatsiya va yoʻl qurilishida bunday loyihalar deyarli yoʻq. Yigʻilishda shu kabi muammolar tahlil qilinib, hudud va sohalardagi ulkan imkoniyatlar koʻrsatib oʻtildi.

Xizmat yoʻnalishida eng katta soha bu turizm. Soʻnggi yillarda 90 dan ortiq davlatlar bilan aloqalar yaxshilangani natijasida xorijlik sayyohlar qariyb 4 karra oshgani aniq. Oʻtgan yili turizm xizmatlari eksporti 3,5 milliard dollar boʻlgani quvonarlidir. Lekin mamlakatimizning salohiyati bu bilan cheklanib qolmaydi. Yigʻilishda Malayziya va Indoneziya fuqarolari Umraga borishdan oldin allomalarimiz qabrini ziyorat qilishni xohlashi, buning uchun esa ular uchun “Umra plyus” xizmati yoʻlga qoʻyilishi ham alohida taʼkidlandi.

Yigʻilishda turli hudud va sohalarga oid xizmat koʻrsatish muammolari koʻrib chiqilgan boʻlsa-da, biz turizm xizmati bilan bogʻliq masalalar xususida ayrim mulohazalar bildirishni istardik.

Turizm xizmatlari (mehmonxona, restoran, transport, gidlik va h.k.) orqali mamlakat iqtisodiyotiga katta daromad kirib keladi. Valyuta tushumini oshirish orqali milliy iqtisodiyot mustahkamlanadi.

Tabiiyki,  bu harakat yangi ish oʻrinlarini yaratishga imkon tugʻdiradi. Turizm sohasida mehmonxona biznesi, yoʻlboshchilar, transport xizmatlari, qoʻl mehnati bilan bogʻliq ishlar kabi yangi ish oʻrinlari paydo boʻladi. Bu esa oʻz navbatida yoshlar va mahalliy aholi uchun ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytiradi. Oʻz-oʻzidan infratuzilma ham rivojlanadi. Yoʻllar, mehmonxonalar, aeroportlar, transport tizimi va boshqa infratuzilmalar yaxshilanadi. Shuni aytish kerakki, bular nafaqat sayyohlar, balki mahalliy aholi uchun ham qulaylik yaratadi. Ushbu tashabbus va tashkilotchilik milliy madaniyat va tariximizni targʻib qilishga ham yoʻl ochadi. Turistlar orqali milliy madaniyat, anʼanalar va tarixiy merosimiz jahonga targʻib qilinadi.

Shuningdek, tadbirkorlikning ayrim yoʻnalishlari qoʻllab-quvvatlanadi. Turizm bilan bogʻliq sohalarda (hunarmandchilik, milliy oziq-ovqat, qoʻl mehnati mahsulotlari) tadbirkorlik imkoniyatlari kengayadi. Mahalliy mahsulot va xizmatlarga talab oshadi. Xalqaro hamkorlik va sarmoyalarni jalb qilish yoʻsinida turizm sohasining rivojlanishi xorijiy investorlarni jalb qilishi mumkin. Bu esa oʻz-oʻzidan turistik xizmatlar eksporti orqali xalqaro hamkorlik kuchayishiga zamin hozirlaydi. Ekoturizm rivojlanib, tabiat himoya qilinadi. Sayyohlik hududlarida ekologik barqarorlikni saqlashga eʼtibor kuchayadi. Turizm sohasida raqamli texnologiyalar (onlayn bronlash, virtual ekskursiyalar, mobil ilovalar) rivojlanadi.

Yigʻilishda shuning uchun ham sayyohlarga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish uchun yangi innovatsion yechimlar joriy etish zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari masofaviy xizmatlar eksportini yangi bosqichga koʻtarish zarurligini alohida qayd etdi. Buning uchun xorijiy davlatlardagi xizmatlar bozori va talablarni oʻrganib, shunga mos mutaxassislar tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Servisni rivojlantirishda qulay transport infratuzilmasi juda muhimligi eʼtirof etilib,  oʻtgan yili transport xizmatlari 8,6 foizga oʻsib, 145 trillion soʻmni tashkil qilgani, yuqori iqtisodiy oʻsish uchun bu yetarli emasligi uqtirildi.

Ayni paytda mamlakatimiz shaharlari oʻrtasida samolyot va poyezd qatnovlarini koʻpaytirish, multimodal logistika markazlari qurib, tranzit yuk ulushini oshirish, taksilarga qulaylikni kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari ham belgilandi.

Bular orqali joriy yilda transport xizmatlari hajmini 185 trillion soʻmga, eksportini 2,3 milliard dollarga olib chiqish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Xulosa oʻrnida shuni aytish joizki, yer osti va yer usti boyliklariga, qadim tarix va anʼanalariga, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlariga ega boʻlgan mamlakatimizning yanada taraqqiy etishi xorijiy mehmonlarning ishonchini qozonish va ularga munosib xizmat koʻrsatish bilan ham bogʻliq. Bu, albatta, Prezidentimiz eʼtirof etgan mamlakatimizning ikkita tayanch ustuni  -  IQTISODIYOT va MAʼNAVIYATning ravnaqiga xizmat qiladi.

Xizmat hurmat bilan, hurmat esa himmat bilan boshqacha aytganda,  investitsiya  bilan bogʻliqligi ayon.  Shunday ekan,  barcha hududlarda xizmat koʻrsatishning sifat darajalarini yuksaltirish davr talabidir.

Rahimboy JUMANIYOZOV

“TIQXMMI” MTU professori,

Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari aʼzosi