Dolzarb tashrif: Malayziya bilan manfaatli hamkorlik
06.02.2025
Dolzarb tashrif: Malayziya bilan manfaatli hamkorlik
Hamkorlik rishtasi taraqqiyotga kafolat. Agar u
ikki tomonlama manfaatga qurilsa, yanada katta ahamiyat kasb etadi. Shuning
uchun ham davlatimiz rahbari rivojlangan mamlakatlar bilan oʻzaro tajriba
almashish va manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish bobida tinimsiz faoliyat olib
bormoqda. Xuddi shu maqsad bilan Prezidentimiz boshchiligidagi Oʻzbekiston
delegatsiyasi ayni kunlarda Malayziyada qizgʻin muzokaralar jarayonida
boʻlishdi.
Oʻzbekiston va Malayziya
oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yil 7-mayda oʻrnatilgan. Oʻshandan
beri ikki davlat siyosiy, iqtisodiy, madaniy va taʼlim sohalarida faol
hamkorlik qilib kelmoqda.
Malayziya Oʻzbekistonning
mustaqilligini dastlab tan olgan davlatlardan biri hisoblanadi. Ikki davlat
oʻrtasida doʻstona aloqalarni mustahkamlash maqsadida yuqori darajadagi rasmiy
tashriflar amalga oshirilgan. Jumladan, Oʻzbekiston rahbarlari ham Malayziyaga
bir necha bor rasmiy tashrif buyurgan, shuningdek, Malayziya yetakchilari ham
Oʻzbekistonga kelib, hamkorlikni kengaytirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazgan.
Malayziyada bu galgi tashrif
aniq, mamlakatimiz ravnaqiga manfaatli masalalar va takliflar bilan ajralib turdi. Prezidentimiz
dastavval, Malayziya Islom sanʼati
muzeyiga tashrif buyurdi. Moziy muhri boʻlgan ushbu muzey 1998 yilda tashkil
etilgan boʻlib, unda 10 mingdan ortiq islom sanʼati namunalari saqlanmoqda.
Doimiy ekspozitsiyada Qurʼon qoʻlyozmalarining noyob toʻplami, sopol va
qimmatbaho buyumlar, qurol-yarogʻ namunalari va inshootlar maketlari,
taqinchoqlar, tangalar va boshqa ashyolar namoyish etilmoqda.
Davlatimiz rahbari
eksponatlarni koʻzdan kechirish chogʻida birgalikda tadqiqotlar oʻtkazish va
koʻrgazmalar tashkil etish, ilmiy va madaniy almashinuvni kengaytirish
muhimligini taʼkidlagani ham eʼtiboran molik.
Rasmiy tashrif doirasida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Bosh vaziri
Anvar Ibrohim Kuala-Lumpur shahrida qoʻshma biznes forumida ishtirok etdilar.
Tadbirda ikki mamlakat
yetakchi kompaniyalari, investitsiya va bank-moliya institutlarining 200 dan
ziyod rahbarlari, jumladan, Malayziyaning “Petronas”, “MMC Corporation”,
“DRB-Hicom”, “Gemilang Coachwork”, “Proton”, “Gentari”, “Five Petroleum”, “YTL
Corporation”, “Sunview Group”, “KPJ Healthcare”, “MK Tron”, “Mimos”, “Sparco
Engineering”, “Tradewinds Group”, “Kapital DX”, “Gamuda”, “Westports”,
“Khazanah”, “EXIM Bank of Malaysia” va boshqa koʻplab kompaniyalari vakillari
qatnashgani haqidagi xabar hammamizni quvontirdi.
Davlatimiz rahbari oʻz
nutqida bugun boʻlib oʻtgan oliy darajadagi samarali muzokaralarda
Oʻzbekiston-Malayziya sherikligini innovatsion rivojlantirishning ikki yillik
davrini boshlash boʻyicha kelishuvga erishilgani, amaliy hamkorlikning ustuvor
yoʻnalishlari belgilab olinganini taʼkidladi.
- Maqsadimiz - munosabatlarni
strategik sheriklik darajasiga olib chiqish, - dedi Prezidentimiz oʻz nutqida.
Malayziya Oʻzbekistonning
muhim innovatsion va texnologik hamkoridir. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari
Oʻzbekiston-Malayziya ishbilarmonlik hamkorligini yanada rivojlantirishning
qator ustuvor yoʻnalishlarini koʻrsatib oʻtdi. Bu, eng avvalo, elektronika va
yarimoʻtkazgichlar sanoatida uzoq muddatli hamkorlikni kengaytirishdir. Sunʼiy
intellekt, raqamli texnologiyalar, maʼlumot markazlari boʻyicha loyihalarni
amalga oshirish mumkinligi qayd etildi.
Qurilish sohasining jadal
rivojlanishi innovatsion va ekologik toza qurilish materiallariga talabni
oshirmoqda. Oʻzbekiston Prezidenti Malayziya kompaniyalarini mamlakatimiz
hududlarida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va keng
koʻlamli bunyodkorlik ishlarida faol ishtirok etishga chaqirdi.
Sogʻliqni
saqlash sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik istiqbollari qayd etildi.
Zamonaviy klinikalar qurish, Malayziyaning ilgʻor tajribasi asosida innovatsion
farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish shular jumlasidan.
Davlatimiz
rahbari Malayziyaning yetakchi kompaniya va banklarini Oʻzbekistonning
telekommunikatsiya, energetika, bank-moliya va boshqa sohalardagi davlat
aktivlarini xususiylashtirishda faol ishtirok etishga taklif etdi.
Bundan
tashqari, geologiya, taʼlim, transport, ziyorat turizmi kabi yoʻnalishlarda
hamkorlik qilish uchun katta salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Ayniqsa, taʼlim darajasi va samarasi bobida rektorlar
forumining tashkil etilishi katta ahamiyat kasb etdi. Ilm-fanning turli
yo‘nalishlari bo‘yicha tajriba almashishga imkon tug‘dirdi, desak, xato bo‘lmaydi.
Soʻzining yakunida davlatimiz rahbari navbatdagi
qoʻshma biznes forumini shu yil kuzda Oʻzbekistonda oʻtkazishni taklif etdi.
Ushbu tashrifning quvonarli va gʻururlanarli jihati shundaki, prezidentimizni kutib olishga Malayziya parlamenti spikeri chiqqani, malayziyalik hamkasblarimizning aytishicha, ushbu mamlakat protokol amaliyotida ilgari kuzatilmagan voqea boʻldi. Bundan tashqari, Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga butun kun davomida, barcha rasmiy tadbir va uchrashuvlarda hamrohlik qildi. Hattoki muloqotni davom ettirish uchun Oʻzbekiston prezidentiga ajratilgan qarorgohga shaxsan tashrif buyurgani, keyin ular birgalikda, bir mashinada Petronas bosh qarorgohiga yoʻl olishgani, u yerda kompaniya rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazgani haqida Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi. Bu esa oʻzaro manfaatli hamkorlikka ishonch, Prezident va uning xalqiga mehr va sodiqlikning nishonasidir.
Rahimboy Jumaniyozov,
"TIQXMMI" MTU professori, Oʼzbekiston Yozuvchilar va
Jurnalistlar uyushmalarining aʼzosi