DOLZARB NUTQ!

03.02.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

Moziy, bugun va istiqbolni bog‘laydigan ko‘prik

Tarixda ibrat boʻlarlik ulugʻ maʼrifat va madaniyat oʻchoqlari, muhim markazlar boʻlgan. Unga masʼul boʻlgan hukmdorlarning aksariyati ilmu fanni qadrlagan, diniy va dunyoviy bilimlarni sohibi boʻlgan allomalarni jamlagan, ularning iqtidorini maʼrifiy maqsadlarga, xalq farovonligining kafolati ilm-fan taraqqiyotiga yoʻnaltirgan. Shuning uchun ham dunyo fanlarining tamal toshini qoʻyganlarning koʻpchiligi ayni shu ona zaminimizda voyaga yetgani bejiz emas.

Davlatimiz rahbarining milliy oʻzligimiz, ilm-fan, taʼlim va madaniyat timsoli boʻlgan Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil qilish borasidagi saʼyi harakatlari zamirida ana shu maqsad bor.  Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida boʻldi, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.

Prezident xalqimizning boy va betakror merosiga oid koʻp kitoblar, turli oʻlkalarga sochilib ketgan qoʻlyozmalar, noyob maʼlumotlar, sanʼat asarlari, afsuski, bizga nomaʼqulchilik, mana shu markaz sabab boʻlib tarixni oʻrganishda katta qadamlar bilan yangi manbalar yuzaga chiqqani,  bularni faqat yodgorlik sifatida saqlamasdan, faol ilmiy isteʼmolga kiritish, aholimiz, yoshlarimizga tushunarli tilda yetkazish, jahon jamoatchiligiga keng targʻib qilish kerakligini, bu dargoh nafaqat oʻtmish haqida hikoya qiladigan, balki tarix, bugun va kelajakni bogʻlaydigan, taraqqiyotimizning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazi boʻlishi zarurligini alohida qayd etdi.

      Birinchi va Ikkinchi Renessans, tabiiyki, “Yangi Oʻzbekiston – yangi Renessans” uchun poydevor boʻlishi tayin.

Shuning uchun ham bosh maqsad milliy oʻzligimizni anglash va anglatish ekanini davlatimiz rahbari alohida qayd etdi.

Qurilish ishlari va ekspozitsiya bilan tanishish jarayonida Shavkat Mirziyoyev markaz faoliyatini tashkil etish, uning maʼno-mazmunini yanada boyitish va takomillashtirish yuzasidan zarur koʻrsatmalar berdi. Shuningdek, mutasaddilarga tadbirkor va hunarmandlar uchun qulayliklarni koʻpaytirish, sayohatlarni mazmunli va qiziqarli tashkil etish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.

Islom sivilizatsiyasi insoniyat tarixidagi eng muhim va taʻsirchan sivilizatsiyalardan biridir. U fan, madaniyat, sanʻat, falsafa va iqtisodiyot kabi sohalarda katta oʻzgarishlar yaratgan. Bugungi kunda ham Islom sivilizatsiyasi dunyoning turli burchaklarida oʻz taʻsirini saqlab qolgan va yangi zamonaviy tamoyillar bilan uygʻunlashgan holda rivojlanmoqda.

Bugun Islom tsivilizatsiyasi global maydonda iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdan turli yoʻnalishlarda rivojlanib bormoqda. Islom sivilatsiyasiga eʼtibor turli yoʻnalishlarni qamrab olayotgani ahamiyatlidir. Bu quyidagi jabhalarda yaqqolroq namoyon boʻlmoqda.

       Ilm-fan va taʻlim jabhasida: Koʻplab musulmon mamlakatlari ilmiy tadqiqotlar va taʻlim sohasiga katta eʻtibor qaratmoqda. Masalan, Qatar, BAA va Turkiya kabi davlatlar zamonaviy universitetlar ochib, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirgan.

Iqtisodiyot sohasida: Islom dunyosidagi baʻzi davlatlar neft va gaz kabi tabiiy resurslardan foydalangan holda jahon iqtisodiyotida muhim oʻrin egallagan. Shuningdek, Islom bank tizimi ham global miqyosda keng rivojlanmoqda. Texnologiya va innovatsiya jabhasida ham yetakchi oʻrinlarni egallamoqda.

Madaniyat va sanʻat borasida eʼtiborga molik ishlarni amalga oshirmoqda. Islom sanʻati, meʻmorchiligi va madaniyati bugungi kunda ham jahon madaniy merosining muhim qismi boʻlib qolmoqda. Zamonaviy kino, adabiyot va musiqa sohalarida ham Islom tsivilizatsiyasining oʻziga xos taʻsiri koʻrinib turibdi.

Islom sivilizatsiyasi oʻzining boy tarixi va madaniy merosi bilan bugungi dunyo taraqqiyotiga hissa qoʻshishda davom etmoqda. Fan, texnologiya va iqtisodiyot sohalaridagi rivojlanish uni zamonaviy dunyoda muhim oʻrin egallashiga sabab boʻlmoqda. Shu bilan birga, Islom qadriyatlari zamonaviy global muammolarni hal etishda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan

Shunday ekan,  mamlakatimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu xayrli, maʼrifiy maqsadning yangi bosqichdagi koʻrinishi boʻlibgina qolmay, balki oʻtmishimizni bugunimiz hamda kelajagimiz bilan bogʻlaydigan koʻprik boʻlishi muqarrardir.

 

Rahimboy JUMANIYOZOV

Professor, Oʼzbekiston Yozuvchilar  va Jurnalistlar uyushmalari azosi.