DOLZARB NUTQ!

31.01.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

             DOLZARB NUTQ!

    Davlat dasturi loyihasi - dasturulamalimiz

Har faslning oʻz ziynati boʻlgani kabi har  yilning ham oʻz nomi,  inʼomi bor.  Tabiat tana boʻlsa jamiyat jondir. Demak, bu borliq bilan borligʻimiz,  yaʼni mavjudlikdir. Joriy yilga berilgan nomning oʻzidayoq maqsad aniq. Demak,  uning dasturini amalga oshirish uchun safarbar etiladigan kuch, resurs va imkoniyatlar toʻgʻri belgilanishi maqsadga muvofiq.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 27- yanvar kuni “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili davlat dasturi loyihasi yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda ana shu masalalarga eʼtibor qilindi.

Dunyo boʻylab iqlim oʻzgarishlarining salbiy oqibatlari yaqqol sezilishi mamlakatimizda ham ekologik toza iqtisodiyotga oʻtilishini taqozo etmoqda.

Bu borada davlat dasturi loyihasi ishlab chiqilib, bir oy davomida jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazildi. U bilan 11 million fuqaro tanishib, 100 dan ziyod takliflar tanlab olindi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining tarmoqlari va boshqa vakolatxonalar hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Maʼlumki,  Davlat dasturidagi oʻzak masalalardan biri - energetikadir. Tan olish kerakki,  soʻnggi yillardagi jadallik tufayli mamlakatimizning jami quvvatlarida “yashil” energiya ulushi 16 foizga yetdi. Bu yil uni 26 foizga chiqarish rejalashtirilgan. Buning uchun yana 3,5 gigavattli 16 ta yirik quyosh va shamol stansiyaci, 160 megavattli 5 ta yirik GES va 1,8 gigavattli energiya saqlash quvvatlari ishga tushiriladi.

Davlatimiz rahbari bunga qoʻshimcha yana 1 gigavatt quvvatli loyihalarni shakllantirish boʻyicha koʻrsatma berdi. Bularning barchasida xalq manfaati va farovonligi maqsad qilingan.

“Yashil iqtisodiyot” bu nafaqat toza energetikani rivojlantirish, balki tarmoqlarda energiya samaradorligini oshirish hamdir. Yigʻilishda ilgari surilgan masalalarni kuzata turib, baʼzi mulohazalar xayoldan kechadi.

“Yashil iqtisodiyot” sharoitida tarmoqlarda energiya samaradorligini oshirish uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak boʻladi.

Buning uchun birinchidan, sanoat, transport va uy-joy-kommunal sohalarida kam energiya sarflaydigan uskunalar va uskunalarni joriy etish talab etiladi. Keyingi galda qayta tiklanuvchi energiya manbalari – quyosh, shamol, biogaz va gidroenergiyadan keng foydalanishni yoʻla qoʻyish lozim. 

Shuningdek, Smart-energetika tizimlari – intellektual elektr tarmoqlarini (smart grid) joriy etish, energiya sarfini aniq nazorat qilish va avtomatlashtirishni toʻla amalga oshirish kerak.

Ayni paytda izolyatsiya va modernizatsiya – issiqlik izolyatsiyasini yaxshilash, eski energiya infratuzilmalarini modernizatsiya qilish ham bu boradagi muammolarning oldin olishga xizmat qilishi muqarrardir. Kezi kelganda,  shuni ham aytish kerakki, energiya samaradorligini baholash va standartlar – korxonalar va tashkilotlar uchun aniq energiya samaradorligi mezonlarini belgilash hamda standartlar joriy qilish davr talabidir. Tabiiyki, bu oʻrinda investitsiya va moliyalashtirish – yashil iqtisodiyotni rivojlantirish uchun davlat va xususiy sektor mablagʻlarini jalb qilish, subsidiyalar va soliq imtiyozlari berish masalasi ham nazoratli ravishda olib borilishi kerak. Bu esa taraqqiyot kafolati boʻlgan taʼlim va targʻibotni talab etadi. Bu degani aholi va biznes vakillarini energiya tejamkorligining ahamiyati haqida xabardor qilish, mutaxassislar tayyorlash borish deganidir. Shuni qayd etish kerakki,  bu choralar tarmoqlarda energiya samaradorligini oshirish va umumiy ekologik barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Bu yiliga  oʻzida kamida 6 foiz iqtisodiy oʻsish surʼatini saqlab qolib, yalpi ichki mahsulotni 125 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan eʼtiborga molik. Bunga erishishda nafaqat omilkorlik va tejamkorlik balki,  kuchli nazorat ham muhim.

Shuning uchun ham Bosh vazir oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziriga energiya samaradorligi hisobiga xarajatlarni 15-20 foizgacha qisqartirish va qoʻshilgan qiymatni koʻpaytirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Davlatimiz rahbari resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga oʻtish vaqti kelganini taʼkidladi. Yuqoridagi sohalarda ham resurslarni tejash, kam energiya sarflab, koʻp qoʻshilgan qiymat olayotgan tarmoqlarni rivojlantirish vazifasi qoʻyildi.

Yana bir muhim muammoga ham toʻxtalindi. Bu “Yashil makon” dasturi dinamikaviy vazifalar masalasidir.  Har yili 200 million tup daraxt ekilmoqda. Oʻtgan 3 yilda 698 ta bogʻ va 316 ta jamoat parki tashkil etildi. Orol dengizining qurigan tubida qariyb 2 million gektarli butazor barpo etildi.

Buni davom ettirgan holda, bu yil koʻchatchilikka ixtisoslashgan 18 ta oʻrmon xoʻjaligi tashkil qilinadi. Ularda “ilm-loyiha-amaliyot” tamoyili asosida genetik seleksiya ishlari kuchaytirilib, urugʻchilik laboratoriyalari, intensiv tajriba uchastkalari va “onalik” plantatsiyalari yoʻlga qoʻyiladi.

Ushbu xoʻjaliklarda joriy yilda 123 million tup koʻchat tayyorlanadi. “Yashil olam” platformasi ishga tushirilib, ularni onlayn sotib olish yoʻlga qoʻyiladi. Buni toʻla va bekamu koʻst amalga oshirish uchun mana bu masalalarga eʼtiborni qaratish kerak.  Bu esa “Yashil makon” dasturi doirasida ushbu dinamikaviy vahimalanish bajarish shart.

Ekologik muhitni yaxshilash maqsadida oʻrmon maydonlarini kengaytirish va tiklash,  qishloq va shaharlarda yashil hududlarni koʻpaytirish,  Atmosfera havosini yaxshilash uchun daraxt ekish kerak.  Klimat oʻzgarishiga moslashish, tuproq eroziyasining oldini olish hamda mahalliy oʻsimlik va hayvonot olamini sayqalgar holda choʻllanishning oldini olish va Ekologik bogʻ va qoʻriqxonalarni tashkil etish lozim boʻladi. Shaharlarda ekoparklar, vertikal bogʻdorchilik va koʻcha daraxtlarini koʻpaytirish,  ekologik transport va velosiped yoʻlaklarini kengaytirish, aholining ekologik madaniyatini oshirish,  maktab va universitetlarda ekologik bilimlar dasturlarini kuchaytirish bilan birgalikda energiya va suv resurslarini tejash,  sugʻorish tizimlarini yaxshilash va avtomatlashtirish,  suv tejaydigan texnologiyalardan foydalanishni taqozo etadi.

Toʻgʻri, bu masalalar ayrim hududlarda amalga oshirib kelin moqda. Lekin hali bular yetarli va natijador emasligini hammamiz bilamiz.  Chunki ushbu vazifalar “Yashil makon” dasturining samaradorligini taʼminlab, ekologik barqarorlikni oshirishga yordam beradi.

Yigʻilishda hududda daraxt ekkan, ishlab chiqarishda ekologik toza uskuna va materiallardan foydalanganlarga “yashil tadbirkor” maqomi berilishi taʼkidlandi. Ochigʻini aytish kerakki, bu yaxshi tashabbusdir.

Yigʻilishda, shuningdek, mutasaddilar davlat dasturi loyihasida nazarda tutilgan vazifalar va ularni amalga oshirish rejalari yuzasidan ham axborot berishdi.

Endilikda bu vazifalarni amalga oshirishga bel bogʻlab,  jiddiy kirishish kerak. Mamlakatimizni rivojlangan, ilgʻor davlatlar qatorida koʻrishni istarkanmiz,  har birimiz vijdonan yondashishimiz va masʼullikni his qilishimiz davr taqozosidir.

           Rahimboy JUMANIYOZOV

“TIQXMMI” MTU professori, Oʻzbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalarining aʼzosi.