Energiya – taraqqiyotning qonidir

30.01.2025

#O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati yangiliklari

  Har bir mamlakat bu mavzuni chetlab o‘ta olmaydi. Chunki, mashhur mutafakkirlar elektr – aql va fanning eng buyuk mo‘jizalaridan biri ekanini ta’kidlay turib, quvvat – faqat lampochkani emas, kelajakni yoritadi degan gaplari bejiz emas. 

  Shuning uchun ham dolzarb masalalardan biri elektr energiyani tejash muammosidir. 

  Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 28 yanvar kuni elektr energetikasini 2025-2035 yillarda rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida ham xuddi shu masalaga diqqat qaratildi. Doimo faktlar, raqamlar ham so‘zlaydi. 

  2030 yilga borib, mamlakatimiz aholisi 41 millionga yetishi, iqtisodiyotimiz esa 1,5 karra o‘sishi kutilayotgan ekan,  shunga munosib ravishda, sanoatda 45 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish, xizmatlar hajmini 3 baravar oshirish, yirik Ma’lumotlar markazlarini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Buning uchun, avvalo, barqaror elektr ta’minoti zarur. 2030 yilda 117 milliard kilovatt soat, 2035 yilda esa 135 milliard kilovatt soat elektr energiyasi talab etilishi ko‘zda tutildi. 

  Prezident bu masalani chuqur tahlil etish asnosida bu borada uzoqda mo‘ljallangan loyihalar zarurligini ta’kidlab o‘tdi. Shuning uchun ham yig‘ilishda energetika vaziri shu maqsadga qaratilgan uzoq muddatli dasturni taqdimot qildi. Qayd etilganidek, yangi elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlari barpo etiladi. Ularni tizimga ulash uchun 7 ming kilometr magistral tarmoq qurilib, raqamlashtirilgan boshqaruv joriy qilinadi.

  Yig‘ilishda e’tibortalab muammolardan biri elektr energiyasining tannarxini pasaytirish masalasi bo‘ldi. Buning omili muqobil manbalarni ko‘paytirish ekani ham ta’kidlandi. Buning muhim ijtimoiy ilmiy asoslaridan biri shundaki, xorijiy ekspertlar ham O‘zbekiston sharoitida “yashil” energiya imkoniyatlari ko‘pligini e’tirof etayotganidir. 

  Shundan kelib chiqqan holda, davlatimiz rahbari resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga o‘tish vaqti kelganini ta’kidladi. Shu bois, har bir tarmoq kesimida energiyani 10-15 foiz iqtisod qilish, 2030 yilda elektr energiyasi yo‘qotishlarini hozirgi 14 foizdan 8-9 foizgacha tushirish vazifa qilib olinayotgani e’tiborga molik. 

  Yig‘ilishdagi muhim vazifa iste’molchilarga barqaror va uzluksiz elektr yetkazib berish, sohada kadrlar tayyorlashni rivojlantirish deb qayd etildi. Mutasaddilarga bularning hammasini inobatga olib, elektr energetikasi sohasini 2035 yilgacha rivojlantirish dasturini tayyorlash topshirilgani muhim ahamiyat kasb etdi.

  Xullas, mamlakat taraqqiyotining qoni sifatida e’tirof etilgan bu masalaga ilmiy va amaliy yondashish bobida universitetimizning "Energetika" fakulteti jamoasi o‘z diqqatini qaratish zarur. 

  Mashhur olim Tomas Edison elektr lampochkasini ixtiro qilish jarayonida aytgan ushbu so‘zlariga e’tibor qiling. "Eng yaxshi yo‘l – uni qilib ko‘rish. Men million marta muvaffaqiyatsizlikka uchraganim yo‘q, men faqat millionta ishlamaydigan usulni topdim."

  Demak, amaliyot, tajriba nazariyaning mahsulidir, aslida. Xuddi shunga monand holda,  Maykl Faradey "Elektr energiyasi tabiatning eng go‘zal va noyob sirlaridan biridir. Uni anglash – fanning vazifasi, undan to‘g‘ri foydalanish esa insoniyatning burchidir." degan mulohazalari bejiz emas. 

  Elektr energiyaga munosabat va mas’uliyat borasida Benjamin Franklinning ushbu hikmatini aslo, yoddan chiqazmaslik kerak. "Elektr – bu tabiatning itoatkor xizmatkori, lekin unga hurmat bilan yondashmasangiz, u dahshatli hukmdorga aylanadi."

  Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishdagi masalalar barchamizga taalluqli. Unda yurtimiz istiqboli, xalqimiz iqboliga daxldor muhim masalalar muhokama qilindi. Ta’bir joiz bo‘lsa,  elektr – bu ko‘rinmas magiya, u yo‘q joyda hayot sukunatga aylanishi aniq. Energiyani tejash – kelajakka qilingan eng katta sarmoya ekanini har birimiz bilishimiz, amal qilishimiz lozim.

Rahimboy Jumaniyozov, professor